Линклар

logo-print

Navoiyazot zavodida portlash sodir bo‘ldi


Twitter tarmog‘i foydalanuvchilari orasida tarqalgan fotosuratda "Navoiyazot" zavodida sodir bo‘lgan portlashdan keyingi vaziyat aks etgani aytilgan.

Twitter tarmog‘i foydalanuvchilari orasida tarqalgan fotosuratda "Navoiyazot" zavodida sodir bo‘lgan portlashdan keyingi vaziyat aks etgani aytilgan.

O‘zbekistondagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lgan Navoiyazot zavodida 27 iyul kuni kunduzi sodir bo‘lgan portlash natijasida zavodning atsetilen ishlab chiqaruvchi hamda unga tutash bir necha tsexda ish to‘xtab qolgani aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, shu kuni zavod hududida shanbalik bo‘lgani bois jarohatlanganlar soni ham bir kishidan ko‘p. Biroq aniq raqamlar oshkor qilinmadi.

Navoiy viloyatida joylashgan Navoiyazot ochiq aktsiyadorlik jamiyati hududida 27 iyul kuni ikkita yirik portlash sodir bo‘lgani haqida Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar yo‘llandi.

Bu xabar ortidan Ozodlik muxbirining aniqlashicha, shanba kuni tushga yaqin zavodning atsetilen ishlab chiqaruvchi tsexida portlash sodir bo‘lgan.


Hokimiyatdagilarning portlashdan xabari bor


Zavod ma‘muriyatidan bu borada ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lolmadik, ammo Navoiy shahar va viloyat hokimliklari mutasaddilari portlash bo‘lgani haqidagi xabarni tasdiqladi.

"Kecha (27.07.2013) portlash bo‘lganidan xabarim bor. Boshqa ma‘lumotlarni men bilmayman. Rahbarlarimiz hozir shu masala bo‘yicha yig‘ilishda", dedi Navoiy shahar hokimligining o‘zini navbatchi deb tanishtirgan, ammo ismini aytishni istamagan xodimi.

Shuningdek, undan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 28 iyul kuniga kelib "zavoddagi vaziyat to‘la nazorat ostiga olingan" va "ahvol yaxshilangan".

Navoiy viloyat hokimligining xodimi ham Navoiyazot zavodida portlash bo‘lganini tasdiqlar ekan, portlashning ikki marta sodir bo‘lgani haqidagi norasmiy ma‘lumotlarni rad etdi.


Portlashni markazdan kelgan ekspertlar guruhi o‘rganayapti


Navoiy shahar prokuraturasiga bog‘langan Ozodlik muxbiri bu yerdagi navbatchi xodimdan: "Bizda hali dalillar yetarli emas. Hozir vaziyat o‘rganilayapti, komissiya esa viloyatdan borgan, shahardan emas" mazmunida javob oldi.

Prokuratura xodimiga ko‘ra, Navoiyazot zavodi yirik korxona bo‘lgani bois unda sodir bo‘lgan shanba kungi portlashni Navoiy viloyati va respublikadan borgan mutasaddi hamda ekspertlar guruhi o‘rganmoqda.

Ozodlik muxbiri Navoiy shahri va viloyatining bir qator mutasaddi idoralaridan portlash tafsilotlariga oid ma‘lumotlarni olishga muvaffaq bo‘lolmadi.


Portlashdan jarohatlanganlar viloyat kasalxonasida


Ammo shahar va viloyat kasalxonalaridan yig‘ilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, portlashda jarohatlanganlar bor va ayrim jarohatlanganlar og‘ir ahvolda viloyat shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

"Jarohatlanganlarning hammasi oblastnoy bolьnitsaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan", dedi Navoiy viloyat Markaziy shifoxonasi qabulxonasining xodimi.

Reanimatsiya bo‘limida Ozodlik qo‘ng‘irog‘iga javob bergan vrach esa: "Bemorlarning soni yoki shaxsiga oid ma‘lumotlarni telefon orqali bera olmaymiz", dedi.

Shu tariqa shanba kuni sodir bo‘lgan portlashda jarohat olganlar yoki qurbon bo‘lganlar soni haqida ma‘lumot olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Portlashdan jabr ko‘rganlarning aksariyati - shanbalikchilar

Navoiy shahridagi shifoxonalardan birining xodimiga ko‘ra, 27 iyul kuni shahar bo‘ylab shanbalik e‘lon qilingan va zavod ishchilari ham shanbalikka chaqirilgan edi.

"Biz ham yaralanganlarning ota-onalaridan eshitdik, shanbalikda bo‘lgan paytda portlash bo‘lgan ekan, deb. Anig‘ini bilmaymiz. Ularning hammasi oblastnoy bolьnitsaga yotqizilgan. Lekin hozir zavodni "snb"lar o‘rab olgan, yaqiniga ham borolmaysiz", dedi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda Navoiy shahridagi shifoxonalardan birining xodimi.


Portlash haqidagi ma‘lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda


Navoiyazot ochiq aktsiyadorlik jamiyatida shanba kuni sodir bo‘lgan portlash bir qator ijtimoiy tarmoqlarda ham shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Jumladan, Nav.uz portalida zavodning atsetilen tsexida portlash sodir bo‘lgani haqidagi xabarlar tilga olingan.

Ammo Google xalqaro tizimidagi qidiruv orqali chiqib kelgan bu sahifa ayni damda ishlamayapti.

Ozodlik Nav.uz portali ma‘muriyati bilan bog‘landi.

Portalning o‘zini tanishtirmagan vakili bu xabarning forumchilar orqali tashlangani va ushbu xabarni chop etgan portal forumi moderatorlari bilan haftaning ish kunlarida bog‘lanish mumkinligini aytdi.

Bu xodim portalning ayni sahifasi nega ishlamayotgani haqida ma‘lumot berishdan bosh tortdi.

Ma‘lumot o‘rnida:

Navoiyazot O‘zbekistonda kimyo sanoati sohasidagi yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblanadi.

40 yildan buyon ishlab kelayotgan bu zavodda 70 nomdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Bular O‘zbekistonning o‘zidagi qishloq xo‘jaligi sohasi uchun ishlatiladigan mineral o‘g‘itlar, yengil sanoatda ishlatiladigan bir qator kimyoviy tola va matolar, oltin ishlab chiqarish, elektron va tibbiyot sohalari uchun zarur ko‘plab kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqariladi.
XS
SM
MD
LG