Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:49

Sobiq “kalla” e‘tirofi: Afsusdaman


Shu kunlarda minglab yoshlar talaba bo‘lish istagida test sinovlariga tayyorlanish bilan ovora. Kimdir talaba bo‘lish istagida “tanka” izlash bilan band. Boshqa bir abituriyent esa shpargalka tayyorlash ishlari bilan mashg‘ul. Kim esa repetitorga qatnab, bilimini "charxlayapti". Har kuni yangilab boriladigan “Abituriyent kundaligi” blogida ushbu jarayonni qamrab olishga harakat qilamiz.

28 iyul: WhatsApp orqali Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonlik talaba yigit o‘z hikoyasida “kalla” bo‘lib, 4 kishining o‘qishga kirishida yordamlashgani, hozir bu ishidan taassufda ekanini bayon etgan. U ism-familiyasi, qayerda o‘qishi va o‘zi aytadigan ayrim odamlar va institutlar nomi sir bo‘lib qolishini so‘ragan:

Men litseyni tamomlab, universitetga kirganimda ingliz tilidan 36 ta testdan hammasini to‘g‘ri topganman.

Shu darajaga yetdimki, 36 ta savolni 6-8 minutga qolmasdan kamida 34 yoki 35 ta to‘g‘ri javob bilan yecha olardim.

Bundan 3 yil avval men Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘qiydigan bir yigit bilan tanishgandim, keyinchalik u bilan yaqin do‘st bo‘lib qoldik.

Unga universitetga kirishda 36 ta testning hammasini o‘z kallam bilan ishlaganim, ona tilidan esa 32 ta topganimni aytgandim. U buni eslab qolgan ekan.

Keyin u menga o‘zining institutlarga odam kirgizadigan bir guruh bilan ishlashini, agar men ingliz tili va ona tilidan 1 avgust kuni test ishlab bersam, har bir fandan 500 dollar olishim mumkinligini aytdi. Ammo men boshida ko‘nmadim, to‘g‘risi, vijdonim chidamadi.

Malayziya orzusi


Men Malayziyadagi bir universitetga imtihon topshirib, u yerga kirgandim. Faqat kontrakt puli - 5000 dollarni to‘lasam, bir yil o‘qishim mumkin bo‘lardi. Men: “Shu bir yillik kontraktni to‘lasam, keyingi yillariga Malayziyada ishlab toparman” degan xayolga bordim. Dastlab faqat 5000 ming dollar kerak edi.

Oilam unday pulni menga bera olmasdi, mening xayolimga haligi do‘stim keldi va darrov unga telefon qildim. Men undan: “Bir sezonda 5000 dollar topish mumkinmi?” deb so‘radim. U: “Ha”, deb javob berdi.

“Katta” guruhning kichik “xodim”i


O‘sha do‘stim meni o‘qishga kirgizadiganlar guruhining boshliqlaridan biri bilan tanishtirdi. U men bilan suhbatlashib, imtihon kuni auditoriya kirishim va uch kliyentning ona tili va ingliz tilidan testini ishlab berishim kerakligini aytdi. Shunday hisoblaganda men 3000 dollar topishim mumkin ekan.

“Menga 5000 ming kerak” dedim. U buning jismoniy jihatdan iloji yo‘qligini, tavakkal qila olmasligi va vaqt yetmay qolishini aytdi. Boshliqdan ular meni auditoriyaga qanday qilib olib kirib qo‘yishi haqida surishtirdim, xavfsizligiga qanday javob berishlarini so‘radim. U: “Hammasi gaplashilgan bo‘ladi, melisa, kuzatuvchilar, hattoki SNB (Milliy xavfsizlik xizmati demoqchi – tahr.) ham gaplashilgan. Bizning guruh juda katta guruh, biz katta ish qilamiz”, dedi.

Bu orada men rosa o‘ylandim – qo‘rqdim, to‘g‘risi. Haligi o‘rtadagi do‘stimdan rosa bu guruh haqida surishtirdim. U meni tinchlantirib, uzoq yillardan beri shu guruh bilan ishlashi va xavfsiz ekanligini aytdi.

Nihoyat, men ko‘ndim - 3000 dollar ko‘zimni xira qilgandi. Bu pulni bir yil stipendiyamni yig‘ib ham, ishlab ham topolmasdim - oldimda bir kunda topish imkoniyati paydo bo‘ldi. Men ahmoq shu ishga qo‘l urdim va 1 avgustga tayyorlana boshladim. Bu payt aslida men universitetning birinchi kursini tamomlab, yoz ta‘tilida edim.

Mijoz bilan kelishuv


1 avgustga uch kun qolganda meni uchchala “kliyent” bilan tanishtirishdi, ikkitasi normalniy odam ediyu, bittasi sal “ketgan”roq edi, ya‘ni u odam hech qachon universitetga kirolmasdi.

Men ular bilan tanishib, imtihon kuni galma-galdan menga savollar kitobini uzatishni, atrofdagi oddiy abituriyentlarning o‘ta e‘tiborini tortmasliklarini va o‘zlarini har doim bosh ko‘tarmay, test ishlayotganday qilib tutishlari kerakligini uqtirdim.

Sinov kuni


Test kuni men bir kliyentning pasporti va DTMsini olib, uning o‘rnidan kiradigan bo‘ldim. Men ingliz tili va ona tilidan, yana bitta “kalla” esa matematikadan yechardi, hammamizni bitta auditoriyaga joylashgandi. Haligi matematikadan yechadigan yigit bir "cho‘pon"ning dokumentlarini olib kiradigan bo‘ldi. Biz u bilan bir operativ guruh edik.

Bizga sherik yana bir guruh bor edi - ularda Diplomatiyada o‘qiydigan bir bola matematika va ingliz tilidan, bir qiz esa ona tilidan yechardi. Bir jinoiy guruhdan bo‘lsak ham bizga ular raqobatchi edilar, chunki kim ko‘p va to‘g‘ri ishlashga “kalla”lar o‘rtasida ham poyga bo‘ladi.

Hammasi kelishib qo‘yilgan


Rostdanam melisalar ham, SNB ham gaplashilgan ekan. Bo‘lmasa, men “kliyent”ga umuman o‘xshamasligimni oddiy odam ham bilardi. Ular mening hujjatlarimni ko‘rishib, bir menga, bir pasport va DTMga qarab qo‘yar va jilmayib o‘tkazvorardi. Bitta kulgili holat – bir SNBchi DMTni mendan olib, quyoshga tutib, “Soxtamasmi?” deb, tekshirib ham ko‘rgan “xo‘jako‘rsin”ga.

Ichkariga kirsam, hatto xonadagi kuzatuvchi ham gaplashilgan ekan. Ish juda silliq o‘tdi - hamma ishni bajarib, yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek testdan chiqdim.

Mijozi ilg‘or “kalla”lar


Mandat chiqqach, borib ko‘rdim. Bitta kliyentning ingliz tilisidan 36 tasining hammasini to‘g‘ri topibman, ona tilidan esa 29 ta. Ingliz tili 2-blok, ona tili 3-blok, matematika esa 1-blok edi. Matematikani yechadigan sherigim 31 ta ishlabdi va shu kliyent byudjetning 1-o‘rnida turibdi.

Yana bitta kliyentning ingliz tilisidan 34 ta ishlabman. Ona tili va matematika esimda yo‘q, lekin u 3-o‘rin bilan byudjetga kiribdi.

Uchinchi kliyent esa kontraktga tushib qolibdi. Hammasiga shu matematikadan yechadigan sherigim aybdor. Menga uni tanishtirishganda, “36 tadan 35 ta yoki 34 ta yechadi” deyishgandi, testda 29 ta, 31 ta topib, meni uyaltirgandi.

Uch kliyentdan bittasi kontrakt bo‘lib qolishiga shu bola aybdor bo‘lgandi, bizga raqobatdagi guruh uchchala kliyentining hammasi byudjetga o‘tgandi-da. Shunga ozgina orqada qolganimga jahlim chiqqandi.

“Qo‘shimcha ish”


Men imtihonda berilgan 3 soatning ikki soatida kliyentlarning 3 ta ingliz tili va 3 ta ona tili variantini ishlab bergandim. Shu payt oldimda o‘tirgan bir notanish yigit testini ishlab berishni so‘radi. Men unga razm soldim va pul chiqadigan odamga o‘xshagani uchun ona tilisi va ingliz tilisini 1000 dollarga ishlab berishimni aytdim. U ko‘ndi va men umumiy hisobda 4 ta ingliz tili, 4 ta ona tilidan testlarni ishladim o‘sha kuni.

Yo, nasib...


Afsuski, keyin olgan pullarim menga nasib qilmadi - akam mashinasida avariya bo‘p ketdi. Xudoga shukur, o‘ziga hech narsa bo‘lmadi. Lekin mashinasining pachog‘i chiqdi va men topgan pullarimni mashinamizni tuzatish uchun akamga berdim. Malayziyadagi o‘qish bilan esa xayrlashdim...

Afsusdaman!


Agar hikoyam chop etilsa, buni o‘qib, meni ko‘pchilik la‘natlasa kerak, yana bilmadim... Lekin bir gapni ularga aytay: o‘shandan beri vijdonim juda qiynalyapti, “Alloh mening gunohimni kechirarmikin?” deb yuribman. Shuning uchun men haqimda yomon komment qoldirmasliklarini so‘rayman.

Bu hikoyani aytib berishdan maqsad – yurtimizda yurgan bari “kalla”larni ogohlantirish: “Bir kunda topgan pulinglar baribir nasib qilmaydi, bu dunyoda bo‘lmasa, u dunyoda javobi bor, o‘ylab ish qiling, keyin afsuslanib yurmanglar!

Bu - "Abituriyent kundaligi”ga kelgan sobiq "kalla"ning WhatsApp blogi edi.

WhatsApp +420 724 971 539

XS
SM
MD
LG