Линклар

logo-print
O‘zbekiston Harbiy prokuraturasining 24 iyul kungi ogohlantiruvi bilan ishini vaqtincha to‘xtatganini ma‘lum qilgan UzMetronom mustaqil internet gazetasi yana ish boshladi. Qisqa tanaffusdan keyin chop etilgan ilk maqolaga "Prezidentni podshoh deya boshladilar" deyilgan sarlovha qo‘yildi.

Odatdagi an‘anasiga muvofiq 29 iyul — dushanba kuni gazetalar sharhini chop etgan UzMetronom mustaqil internet nashri to‘rt kunlik tanaffusdan so‘ng yana ish boshladi.

Bunga qadar bu nashr O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasining ogohlantiruvidan so‘ng vaqtincha ishini to‘xtatganini xabar qilgan edi.

Bu borada Ozodlikka intervyu bergan nashr muharriri Sergey Yejkov 24 iyul kuni Harbiy prokuraturadan ogohlantiruv xati olgani va unda jurnalistning o‘zbek-qirg‘iz chegarasida 23 iyul kuni sodir bo‘lgan nizoli voqeani yoritib, mavjud qonunlarni buzgani borasida ogohlantirilganini aytgan edi.

29 iyul kuni ishini qayta boshlagan sayt ilk maqolasiga "Prezidentni podshoh deya boshladilar" degan sarlovha qo‘ydi.

Respublikada chiqadigan nisbatan ko‘p sonli matbaa nashrlarini sharhlagan jurnalist "Turkiston" gazetasida chop etilgan bir maqolani sharhlar ekan: "... Ollohga ming bor shukr qilamizki, bizga shunday donishmand va adolatli podshohni bergan (so‘zma-so‘z tarjima qilindi)!" degan iqtibosni keltirdi.

Bundan tashqari, bu galgi sharhida UzMetronom rasmiy gazetalarda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov sha‘niga qaratilgan maqtovlardan iborat maqolalar soni ortayotgani haqida xabar berdi.

Xususan, mamlakatning turli burchaklarida istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarning "Islom Karimov mening doimiy prezidentim!" mazmunida bitgan maktublari ko‘p chop etilayotganiga e‘tibor qaratdi.

Bunga qadar 25 iyul kuni O‘zbekiston ichida faoliyat olib borgan UzMetronom tahririyati vaqtincha sukut saqlashga qaror qilganini ma‘lum qildi.

"Biz taym-aut olib, axborot resursini yangilab turishni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildik. Hozircha biz bu jimlik qancha davom etishini bilmaymiz - bir kunmi, ikki kunmi, o‘n kunmi, bir oymi", deb yozdi Yejkov.

Ozodlik bilan suhbatda Sergey Yejkov 24 iyul kuni respublika Harbiy prokuraturasidan olgan rasmiy ogohlantiruv xatida o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi nizoli voqeani yoritib, mavjud qonunlarni buzgani borasida ogohlantirilganini aytgan.

Harbiy prokuratura o‘z ogohlantiruvida UzMetronom yoyinlagan axborot ”O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarib, chegaraoldi aholisi o‘rtasida taranglikni yuzaga keltirib, ikki davlat munosabatlariga zarar berishi” mumkinligini ta‘kidlagan.

Shu bilan birga, Harbiy prokuratura UzMetronom nashriga ommaviy axborot vositasi sifatida qarab, muharrir Sergey Yejkov “o‘zboshimchalik bilan qonunlarni buzishda davom etsa, ma‘muriy, so‘ngra esa jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida” jiddiy ogohlantirgan edi.

UzMetronom nashri muharriri Yejkov Ozodlik bilan suhbatda Harbiy prokuratura ogohlantirishiga sabab bo‘ladigan qonunbuzarlik amalini sodir qilmaganini aytgan.

- Men Harbiy prokuratura menga nima sababdan ogohlantiruv yuborganini tushuna olmayapman. O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi mulozimi, podpolkovnik Yunus Mutaliyev ham men qaysi qonunni buzganligimni aniq ayta olmadi. Shundan kelib chiqib, men Harbiy prokuratura harakatlari asossiz, deb bilaman¸ - degan edi O‘zbekiston ichida faoliyat yuritayotgan sanoqli jurnalistlardan biri, 60 yoshli Sergey Yejkov.

UzMetronom mustaqil internet gazetasi 2005 yil Andijon voqealaridan keyin O‘zbekistonni xalqaro jurnalistlar tark qilishi ortidan mamlakatda yuzaga kelgan axborot bo‘shlig‘i davri ehtiyoji o‘laroq 2006 yilda tashkil qilingan.

Sayt uzoq vaqt “O‘zbekiston maxsus xizmatlariga yaqin” degan tamg‘a bilan yursa-da¸ chet el matbuoti eng ko‘p iqtibos keltiradigan O‘zbekiston ichidagi nashrga aylandi.

Saytga asos solgan Sergey Yejkov bundan oldin uzoq yillar "Pravda Vostoka" gazetasida ishlagan.

Sergey Yejkov 2000 yilda "Ochiq jamiyat instituti"ning erkin matbuot bo‘yicha mukofotiga sazovor bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG