Линклар

logo-print
O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatiga qarashli So‘x ekslavida istiqomat qiluvchi, hozirda Rossiyada ishlab yurgan bir necha o‘zbekistonlik Ozodlik bilan bog‘lanib, hamqishloqlari O‘zbekistonga hanuz uzun yildan qatnayotgani, natijada ham vaqtdan, ham puldan yutqizayotganlaridan shikoyat qildi.

Joriy yil boshida so‘xliklar va Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida sodir bo‘lgan intsidentdan keyin qo‘shni mamlakatning atrofi O‘zbekiston bilan o‘ralgan Barak eksklavi aholisi ham yo‘lsizlikdan qiynalmoqda.

O‘zini Saidjon Azizov, deb tanishtirgan so‘xlik yigit, aytishicha, So‘xdan Rossiyaga qaytganiga 3 oy bo‘ldi.

- Qirg‘iziston aholisi bilan bizning aholi o‘rtasida shunday murasasizlik bo‘layapti. Chegarachilar xohlasa o‘tkazadi, xohlamasa o‘tkazmaydi, xohlagan paytida ëpadi. Yana uch-to‘rt soat tamojnyada turasiz ochered poylab.

Ozodlik: Hozir sizlar So‘xdan Rishton orqali chiqayapsizlarmi ëki Vodil orqalimi?

- Vodil orqali.

Ozodlik: Rishton orqali yo‘l bilan hozirgi Vodil orqali o‘tadigan yo‘l orasidagi farq qancha?

- 110 kilometr farqi bor. Rishtonga boradigan bo‘lsak, 3500-4000 so‘mga boradigan edik, borardik. Hozir Rishtongacha 25-30-35 ming. Bir xil so‘xliklarning 50 mingga kelgan vaqtlari ham bo‘lgan.

Ozodlik: Siz o‘zingiz uch oy oldin So‘xdan O‘zbekistonga yetib olishingiz uchun necha pul sarfladingiz?

- 28 ming faqat Rishtongacha. Farg‘ona bilan keldik Rishtongacha. 28 ming yo‘lkira. Bu bir tomondan borishga. Qaytishga yana shuncha pul. Bu degani Rishtonga borib kelish uchun 50-60 ming pul kerak, dedi so‘xlik Saidjon Azizov.

Uning aytganlariga o‘xshash gaplarni boshqa so‘xliklardan ham eshitdik.

So‘xliklarning yo‘l bilan bog‘liq muammolari joriy yil 5 yanvarida Qirg‘iziston chegarachilari bilan So‘x eksklavining Xushyor qishlog‘i aholisi o‘rtasida sodir bo‘lgan intsident bilan bog‘liq.

O‘shanda qirg‘iz chegarachilari o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi bahsli ekani aytilayotgan hududga simyog‘ochlar o‘rnatganiga xushyorliklar norozilik bildirgan, o‘rtada chiqqan o‘zaro to‘qnashuv oqibatida 6-7 yanvar kunlari qirg‘iz chegarachilari o‘q otishga majbur bo‘lgan va xushyorliklar tomonidan 30 qirg‘izistonlik garovga olingan edi.

7 yanvar kuni janjalning keskin fazasi to‘xtatilgan.

Mazkur voqeadan so‘ng So‘x eksklavi bir muddat qamal holatida qolgan, keyinroq ikki davlat rasmiylari so‘zlashuvlari natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi ba‘zi chegara punktlari ochilgandi. Biroq endi so‘xliklar O‘zbekistonga Rishton orqali qisqa yo‘l bilan emas, Vodil orqali uzun yo‘l bilan qatnashga majbur edi.

So‘x intsidenti atrofi Andijon viloyati yerlari bilan o‘ralgan Qirg‘izistonga qarashli Barak qishlog‘i aholisi hayotiga ham ta‘sir qilgan.

Barakliklar ham mana bir necha oydirki, Qirg‘izistonga qisqa yo‘ldan qatnay olmayapti.

Bu vaziyatdan norozi bo‘lgan Barak qishlog‘i aholisi so‘nggi bor joriy oy boshida – 3 iyulь kuni O‘sh viloyat hokimligi binosi oldida norozilik aktsiyasi o‘tkazdi.

O‘zbekistonning So‘x va Qirg‘izistonning Barak eksklavlari aholisining yo‘l bilan bog‘liq muammolari qachon hal bo‘ladi?

Bu savolga O‘zbekiston rasmiylaridan javob olish imkonsiz qolmoqda.
Qirg‘iz Respublikasi Davlat chegara xizmati matbuot xizmati vakili Gulmira Bo‘rubayeva Ozodlik savoliga javob berar ekan, joriy vaziyatni ta‘riflab qo‘yish bilan cheklandi.

-Barak qishlog‘i bo‘yicha masalani O‘zbekiston tomoni hanuzgacha hal qilgani yo‘q. O‘tish tartibi soddalashtirilgan chegara punkti yopiq qolmoqda, dedi Gulmira Bo‘rubayeva.

O‘zbekistonning eksklaviga to‘xtalar ekan, u “So‘x masalasi yuzasidan ikki davlat rasmiylari o‘rtasida erishilgan kelishuvga Qirg‘iziston tomoni rioya qilmoqda”, dedi.

Kelishuvning mazmuni esa, jaydari til bilan aytganda, boya aytilgan gap: qisqa yo‘l yopiq, uzun yo‘l ochiq.

Gulmira Bo‘rubayevaga biz aynan shu masalaga, ya‘ni qisqa yo‘lning ochilishiga qiziqayotganimizni aytdik. U “bu masala yuzasidan o‘z rahbariyatidan qo‘shimcha ma‘lumot olishi kerakligini, lekin har holda O‘zbekiston tomonidan shu paytgacha bu haqda murojaat bo‘lmaganini” aytish bilan cheklandi.

Farg‘onalik inson huquqlari himoyachisi Bahodir Eliboyev So‘x intsidenti va uning oqibatlaridan yaxshi xabardor.

Ozodlik savollariga javob berar ekan, Eliboyev bunday dedi:

- So‘x ahvoli o‘sha-o‘sha qolayapti. Yo‘l Vodildan yo‘l joriy qilingan. So‘xliklarga qimmatga tushayapti.

Ozodlik: Rossiyadan telefon qilgan yigit ham “Oldin Rishtonga 3-4 mingga borib olardik. Hozir shaxsan men uch oy oldin 28 ming berdim” dedi.

- Ha shunaqa. Qimmatga tushib ketayapti.

Ozodlik: Boshqa muammo yo‘qmi?

- Gapirsa problema katta. BYo‘lsizlikdan faqat o‘zbeklar emas, qirg‘izlar ham ziën ko‘rayapti aslida.

Xullas, yil boshidagi intsident tufayli vujudga kelgan vaziyatdan ikki qo‘shni davlatning oddiy aholisi aziyat chekmoqda.

Vaziyat chigalligini hal qilishi lozim bo‘lgan Toshkent va Bishkekning esa, bu yo‘nalishda bosgan qadamlari jamoatchilikka sezilmayapti.

Boz ustiga, keyingi oylarda yuz bergan yana bir-ikki intsident So‘x muammosi yechimini yanada og‘irlashtiradigan ko‘rinadi.

O‘tgan oyda - 20 iyunga o‘tar kechasi Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumani va Botkenning Qadamjoy tumani o‘rtasida O‘zbekiston chegarachisi qirg‘izistonlik 37 yoshli Baqit Tag‘ayevni otib o‘ldirgani xabar qilingan edi.

Qirg‘iziston tomoni o‘zbek chegarachisi Baqit Tag‘ayevni qirg‘iz hududi ichkarisiga 200 metrgacha quvib kirib, otib o‘ldirganini iddao qilgan edi.

Oradan bir oy o‘tib – 23 iyulь kuni Namangan viloyati Uychi tumanining qo‘shni Qirg‘izistonning Axsi tumaniga tutash chegara hududida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘lib, o‘zbekistonlik ikki askar halok bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG