Линклар

logo-print
Farg‘onada 20 iyuldan 21 iyulga o‘tar kechasi Qori Niyoziy ko‘chasida joylashgan “Hamkorbank” filiali kassasiga qurolli hujum qilib, qorovullarni o‘ldirgan talonchilar qidirilmoqda. Qotillikda gumon qilinayotganlar haqidagi e‘lonlarda ularni topganga ikkita "Matiz" va‘da qilindi.

Farg‘ona shahri aholisi shu yilning 20 iyuldan 21 iyulga o‘tar kechasi militsiyaning ikki xodimini o‘ldirib qochgan qotillarni topishda Ichki ishlar organlariga yordam berishga da‘vat qilinmoqda.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ qotillarni topganga ikkita “Matiz” avtomobili va‘da qilingan.

Manbaga ko‘ra¸ shu kunlarda Farg‘ona viloyatida kuch ishlatar tuzilmalariga oid 17 ta guruh qotillikka oid turli versiyalarni taftish qilmoqda.

20 iyuldan 21 iyulga o‘tar kechasi Farg‘ona shahridagi Qori Niyoziy ko‘chasida joylashgan “Hamkorbank” filialiga oid kassaga qurolli hujum qilingan.

“Hamkorbank”ning o‘zini tanishtirmagan mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ qurollangan kishilar kassani o‘marishga ulgurmagan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ talonchilar kassani qorovullayotgan ikki militsiya xodimini o‘ldirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan.

O‘sha kuni “Hamkorbank” filialidagi kassada katta miqdorda dollar bo‘lgani haqidagi ma‘lumotni Ozodlik manbalaridan biri ma‘lum qildi.

Kassa joylashgan binoning o‘sha kunlarda signalizatsiyadan uzib qo‘yilgani va yaxshi qo‘riqlanmaganidan talonchilar xabardor bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Kassadagi pullarni himoya qilaman, deb jon taslim qilgan ikki nafar militsioner — 43 yashar Akbarov Erkinjon Hayitboyevich va 33 yashar Matazimov Rustam Nosirovichlarning qotilini topish uchun butun Farg‘ona viloyati bo‘yicha operativ guruhlar ish olib borayotgani bildirildi.

Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining o‘zini Bo‘riboy Omonzoda, deb tanishtirgan xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda qotillarni topish uchun butun choralar ko‘rilayotganini bildirdi.

Farg‘ona shahridagi qotillik borasida ismi sir qolishi sharti bilan so‘zlagan manbaga ko‘ra, ayni kunlarda Farg‘onada o‘nlab kishi so‘roqqa tortilgan.

- Endi bu bo‘yicha hozir ishlanayapti. Bankda ishlagan xodimlar, ishlab pensiyaga chiqib ketganlar, sobiq militsiya xodimlari, asosiy bank binosini buzgan quruvchilar birma-bir so‘roq qilinmoqda. Nihoyatda odam ko‘p so‘roq qilinayapti. Prokuraturada shtab tashkil qilingan. 17 ta gruppa turli yo‘nalish bo‘yicha ishlayapti¸ dedi ishonchli ma‘lumotga ega suhbatdosh.

Manbaning aytishicha¸ shu kunlarda Farg‘ona viloyati mahallalarida uchastka militsiya nozirlari majlis o‘tkazib, aholidan qotillarni topishda ko‘mak so‘ramoqda.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati mulozimi Ozodlik bilan suhbatda bank talonchilariga qarshi kurashda halok bo‘lgan Akbarov Erkinjon Hayitboyevich va Matazimov Rustam Nosirovichning oilasiga moddiy-ma‘naviy yordam berilayotganliginini ham ta‘kidladi.
XS
SM
MD
LG