Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:06

Belarusdagi avtohalokatda 4 o‘zbek muhojiri nobud bo‘ldi


Belarusning Vitebsk viloyatidagi avtohalokatda nobud bo‘lgan o‘n yo‘lovchidan to‘rttasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqdi. Vitebsk tergovchilarining dastlabki xulosasiga ko‘ra, “Opel” rusumidagi avtomobilni boshqarayotgan o‘zbek uxlab qolib, qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan “Mersedes” mikroavtobusi bilan to‘qnashib ketgan.

Belarusning Vitebsk viloyati Orsha tumanidagi Sankt-Peterburg — Odessa avtomobil yo‘lida 28 iyul kuni ertalab ro‘y bergan avtohalokatda 10 yo‘lovchi nobud bo‘ldi.

Ertalabki soat 7:15 larda “Opel Omega” rusumidagi yengil mashina ”Mercedes Sprinter” rusumidagi mikroavtobus bilan to‘qnashib ketgani oqibatida to‘qqiz kishi voqea joyida nobud bo‘ldi, yana bir ukrainalik tan jarohatlaridan shifoxonada jon berdi.

“Opel Omega”da ketayotgan besh kishining to‘rt nafari O‘zbekiston fuqarosi, biri Ozarbayjon fuqarosi ekani ma‘lum bo‘ldi. ”Mercedes Sprinter” mikroavtobusida bo‘lgan 14 yo‘lovchidan to‘rt nafari o‘lgan, 11 kishi kasalxonaga yotqizilgan.



Belarusning Vitebsk viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi “Opel Omega”da aniqlangan hujjatlar bo‘yicha o‘zbekistonlik muhojirlar ismi-familiyasini ochiqladi:

1. Qodirov Murodbek Oromboyevich, 23.05.1990 y. tug‘ilgan; Xorazm viloyati, Hazorasp tumani fuqarosi;

2. Mo‘minov Jamshid Rustamovich, 22.05.1978 y. tug‘ilgan; Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridan;

3. Egamberdiyev Qodirbek Baxtiyorovich. 22.11.1973 y. tug‘ilgan; Toshkent shahri fuqarosi;

4. Primov Mahmud Shoturayevich; 10.05.1961 y. tug‘ilgan; Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidan;

5. Mirzayev Alisher Abilqosimovich; 17.04.1984 y. tug‘ilgan; Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidan;

6. Hasanov Hasan; 13.09.1969 y. tug‘ilgan; Ozarbayjonning Jalolobod shahridan.


Avtohalokatdan so‘ng 72-sonli Orsha shahar shifoxonasiga olib kelinganlar orasida bitta o‘zbekistonlik qolmoqda.

- O‘zbekistondan bir kishi shifoxonamizda qolmoqda – Qodirov Murodbek. Jami avtohalokat joyidan bizga 11 kishini olib kelishgan edi. Qodirovning holati o‘rtacha og‘irlikda qolmoqda, dedi o‘zini tanishtirmagan Orsha shahar shifoxonasi xodimasi.

Vitebsk viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi rasmiysi Yuliya Goncharova ommaviy axborot vositalariga to‘qnashuvga “Opel Omega” avtomashinasi haydovchisi xatosi sabab bo‘lgani taxmin qilinayotganini ma‘lum qildi.

- “Opel” haydovchisi uxlab qolgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinyapti, chunki transport vositasi harakatlanish mexanizmida tormozlash izlari aniqlanmadi. Bu avtomobil qarama-qarshi tomonga chiqib ketgani ko‘rinib turibdi. Ayni paytda, ob-havo yaxshi, harakatlanishga to‘siqlik qiluvchi biror omil mavjudligi kuzatilmagan. Yo‘l qoplamasi tekis edi, deya xabar qildi Belarus Tergov qo‘mitasi rasmiysi Yuliya Goncharova.

Voqea bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov qo‘mitasida hodisa yuzasidan Ukraina va O‘zbekiston elchixonalariga bildirishnoma yuborilganini ma‘lum qilishdi.

Shuningdek, Ozodlikka Tergov qo‘mitasi tomonidan hodisaning mikroavtobus ortidan ketayotgan avtomashina registratoridan olingan va tergov ishiga ilova qilingan videoyozuv taqdim qilindi.

Ma‘lum bo‘lishicha, “Opel Omega” avtomashinasida Peterburg tomon ketayotgan o‘zbekistonliklar Rossiya Federatsiyasining Yezerishche chegara punkti va Ukrainaning Nova Guta chegara postida qayddan o‘tib, ortga qaytish uchun ketayotgan edi.

Ozodlikning muxlislaridan biri qashqadaryolik Shavkat aka ham Rossiya migratsiya qonunchiligiga rioya qilgan holda yilda bir marotaba Ukraina chegarasigacha borib-kelishini aytadi.

U Rossiyada ishlayotgan migrantlar vokzal va yo‘llardagi ortiqcha tekshir-tekshirsiz chegaradan tashqariga chiqib kelishni afzal ko‘rishi sabablarini Ozodlikka tushuntirdi.

- Men har bir yilda patentim tugaganidan keyin Ukrainaga chiqib kelaman. Borib-kelishingiz 3 ming- 3,5 ming bo‘ladi. Agar srokingiz o‘tgan bo‘lsa shtraf to‘laysiz. O‘zingiz Rossiya tamojnyasidan borib, kirdi-chiqdiga pechat o‘rdirib olasiz. Keyin Rossiyaga qaytib kirib kelaverasiz. O‘zbekistonliklar ham, tojikistonliklar ham, qirg‘izlar ham - hammasi taksida borib keladi. Poyezddan ko‘ra qulay-da. Nima qilaylik – bormasak bir yildan keyin bizlarni ham qo‘ymaydi, deydi kirib-chiqish muammosi bilan yiliga bir marotaba to‘qnashishini gapirgan qashqadaryolik Shavkat aka.

Registratsiyasini yangilash uchun chegaraga borayotgan o‘zbek muhojirlarining yo‘lda avtohalokatga uchrashi birinchi marotaba kuzatilayotgani yo‘q.

2012 yilning 14 noyabriga o‘tar kechasi Rossiyaning Samara viloyatida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ketayotgan avtobus ag‘darilib, 2 kishi og‘ir jarohat bilan mahalliy shifoxonaga yotqizilgani to‘g‘risida Ozodlik Radiosi xabar bergan edi.

Shuningdek, o‘tgan yilning 22 iyulida Samara viloyatida registratsiyasini yangilash uchun Qozog‘iston chegarasiga ketayotib yo‘lda avariyaga uchragan O‘zbekiston fuqarolaridan besh nafari nobud bo‘lgan, yana olti kishi turli jarohatlar bilan kasalxonaga ëtqizilgan edi.
XS
SM
MD
LG