Линклар

logo-print
O‘zbekiston poytaxtidagi Eski Jo‘va, xalq orasida esa Chorsu deb ataladigan bozorning milliy kiyim-kechaklar sotiladigan qismida o‘tgan tunda (29 iyul kuni) kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Voqea joyida bo‘lgan Ozodlik manbasi yonib bitgan 4 do‘kon o‘rni tozalanayotgani, yong‘inga esa elektr o‘tkazgichlardagi qisqa tutashuv yoki do‘konlardan biridagi gilamlarning qasddan yoqilishi sabab, deb ko‘rilayotganini aniqladi.

Toshkentdagi Chorsu kiyim-kechak bozorining xalq orasida "Chopon bozori" deb yuritiladigan va asosan, milliy kiyimlar sotiladigan qismida 28 iyuldan 29 iyulga o‘tar kechasi kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in oqibatida qurbonlar bo‘lmagan.



Voqea joyida bo‘lgan Ozodlik manbasi bergan ma‘lumotga ko‘ra, yong‘in natijasida 4 do‘kon mutlaqo yonib bitgan.

- 4 ta do‘kon to‘liq yonib ketgan. Savdogarlar orasida ikkita versiya bor ekan. Birovlar ataylab kimdir do‘kondagi gilamlarni yoqib yuborgan, shundan yong‘in chiqqan, deyapti. Yana bitta versiya elektr toki liniyasida qisqa tutashuvdan o‘t chiqqan, degan versiya. Hozir yetkazilgan zarar ko‘lami haqida ham aniq ma‘lumot yo‘q. Lekin voqea joyida tekshiruv borayapti, dedi Ozodlik manbasi.




Chorsu bozorida yong‘in chiqqani haqida habar Ozodlikka dastlab WhatsApp tarmog‘i orqali yetib keldi.


Darakchi.uz caytining Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi vakillariga tayangan holda xabar qilishicha, voqea joyiga zudlik bilan 8 ta o‘t o‘chirish ekipaji safarbar etilgan.

O‘t o‘chiruvchilarga ko‘ra, 90 kvadrat metrni qamrab olgan alanga 20 daqiqaga qolmay o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida bozor shiyponi va 4 do‘koncha yonib ketganini ma‘lum qilgan o‘t o‘chiruvchilar hodisa yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmaganlik tufayli sodir bo‘lganini qayd etganlar.

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, falokat tufayli kishi sog‘lig‘iga ziyon yetgan emas. Ayni paytda yong‘indan ko‘rilgan moddiy zarar ko‘lami haqida hozircha aniq bir raqam aytilmayapti.

Avval xabar qilganimizdek, bir yarim oy muqaddam Toshkent, Farg‘ona va Andijonda, 3 hafta oldin oldin esa Marg‘ilon bozorida kuchli yong‘in ro‘y bergandi.

O‘zbekiston favqulotta vaziyatlar vazirligi so‘nggi kunlarda O‘zbekistonda, xususan, poytaxt Toshkentda havo haroratining favqulodda isib ketishi oqibatida yong‘inlar soni ko‘payishi mumkinligi borasida ogohlantirgan.
XS
SM
MD
LG