Линклар

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometorologiya xizmati saytida e‘lon qilingan ma‘lumotga ko‘ra, Toshkentda 29 iyulь kuni havo harorati +42 darajaga, 30 iyulь kuni +43 joriy oyning so‘nggi kunida +44 darajaga ko‘tariladi.

Buxoro va Termizda esa, +45 ga ko‘tariladi.

Mutaxassislar fikricha, shu kunlarda saqlanib turgan havo harorati, yozi odatda o‘ta issiq bo‘ladigan O‘zbekiston uchun ham, anomaldir.

Vrachlar bunday sharoitda issiqdan ehtiyot bo‘lishni maslahat bermoqda.


Xaloskor konditsioner


Toshkentlik pensioner Shuhrat aka shu kunlarda konditsioner bilan jon saqlamoqda.

- Bir haftadan beri konditsionerni tunda ham o‘chirmayapmiz. Yaqinda kasalxonadan chiqqandim. Endi yana yotaman shekilli.

- Yaxshi, konditsioneringiz bor ekan?

- (kuladi) Olivolgan ekanmiz, Soyuz paytida.


"Bugun sal salqinroq" (?!)


Andijonlik tinglovchimiz, 30 yashar To‘lqinboy toshkentlik pensioner Shuhrat akadan yoshroq bo‘lgani uchunmi, har qalay, ortiqcha vahima qilgani yo‘q.

- Bugun sal shabada esib qoldi.

- Kechadan beri bugun sal salqinroqmi?

-Ha, bugun salqinroq.

- Har yilgiga qaragandachi?

-Bu yil issiqroq. Lekin chidasa bo‘ladi.

Gidrometeorologiya xizmatiga ko‘ra, Andijonda iyulning so‘nggi 3 kunida harorat bir xil - +42 darajagacha ko‘tariladi.

Xuddi shunday ko‘rsatkich Namangan viloyatida ham kutilmoqda.


Shoshib qolgan "Tez yordam"


Viloyatning Uychi tumani “Tez yordam” xizmati navbatchisining aytishicha, so‘nggi kunlardagi issiq tufayli chaqiruvlar keskin ko‘paygan.

- 15 – 20 ga ko‘paydi. Bugun ertalabdan beri 3 vrach kamida 5 tadan vizov bajardik.

- Odatda kuniga nechta chaqiruv bo‘lardiyu shu kunlarda qanchaga ko‘paydi?

- Odatda, yoz oylarida bunday bo‘lmas edi. Uchastkamizdagi 3 ta mashina odatda 10 tadan 30 ta yoki 40 ta vizov bajarsa, hozir 60 taga chiqib ketdi.

- Qanaqa kasalliklar bilan murojaat qilishayapti? Oftob urganmi...

- Qon bosimi oshib ketganlar bor, yuragi kasallar, o‘tkir diareyalar...


Tashvish uyg‘otadigan "stabilnost"


Namangan viloyat, Uychi tumanida issiq tufayli “Tez yordam”ga murojaatlar soni 3 dan 1 hissaga ko‘paygan bir paytda “Tez yordam” xizmatining Toshkent shahar, Shayxontohur tumanidagi 1-podstantsiyasida favquloddalik kuzatilgani yo‘q.

Lekin bu - bir qarashda xolos. “Tez yordam” navbatchisining aytishicha, odatda, yozda chaqiruvlar ozayar edi, lekin bu yoz ozaymayapti:

- Odatda yozda vizovlar kamayar edi. Lekin bu yoz kamaygani yo‘q. Qishda qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday. Stabilьniy turibdi.

Biz “Tez yordam” vrachlaridan favqulodda issiqdan saqlanish yo‘llarini so‘radik.


Shifokor maslahati: Ko‘chaga chiqmang!


Toshkentlik vrach:

- Agar juda muhim zarurati bo‘lsagina chiqishsin ko‘chaga, bo‘lmasa uyda o‘tirgan ma‘qul. Bu issiqdan nafaqat qarilar, yoshlar ham lohas bo‘lib, yomon bo‘layapti.

- Ro‘za tutish masalasida nima deysiz?

- Buni har kim o‘zi hal qiladi. Lekin davlat ishida bo‘lsa, qiyin. Uyda bo‘lsa, sharoiti bo‘lsa – boshqa gap.


Shifokor maslahati: Issiqda qolgan mevani yemang!


Uychilik vrach:

- Bozorda oftobda qolgan mevani yemaslik kerak. Xolodilьnikda sovutib, sovuq suvda yuvib yeyish kerak.

- Ro‘za masalasida nima degan bo‘lardingiz?

- Ro‘zadan bezovta bo‘lib chaqirganini hali deyarli ko‘rganim yo‘q. Bo‘ldi bitta, ikkita... Masalan, och qoringa sovuq suv ichib qo‘yishadi. Albatta, oshqozonda spazm bo‘ladida.

- Rayzdrav yoki oblzdravlardan issiq munosabati bilan sizlarga ko‘rsatmalar keldimi?

- Ha, aytishdi. Aholi orasida tushuntirish ishlari olib borish kerakligini aytishdi. Bitta bizga emas, poliklinikaga kelganlar orasida ham tushuntirish ishlari olib borilayapti.


FVV issiq bilan telefonda kurashmoqda


Xabarlarga qaraganda, aholi orasida tushuntirish ishlarini nafaqat sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, balki Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham olib bormoqda.

Tahririyati O‘zbekistonda joylashgan ayrim saytlar xabar qilishicha, vazirlik mobil telefonlari orqali tarqatayotgan SMS-xabarlarda issiqdan saqlanish yo‘llari tavsiya qilingan.

Vazirlikning rus tilida tarqatilgan SMSlarida “issiqda spirtli ichimliklar iste‘mol qilmaslik, ko‘proq suyuqlik ichish va meva yeyish, keragidan ortiq ovqat yemaslik, quvvati kuchli taom yemaslik” maslahat berilgan.

Biroq bu tavsiyanomalar Favqulodda vaziyatlar vazirligi saytida paydo bo‘lmadi.
XS
SM
MD
LG