Линклар

Latviya Moliyaviy nazorat komissiyasi TeliaSonera uyali aloqa shirkatining O‘zbekistondan litsenziya olish uchun Rigadagi Parex banki orqali Takilant Ltd shirkatiga o‘tkazgan pullari bo‘yicha tekshiruv boshladi. Bu pul o‘tkazmasi 2007 yilda - TeliaSonera O‘zbekistonda faoliyatini boshlash uchun korruptsion yo‘l bilan litsenziya sotib olgani iddao qilingan paytda amalga oshirilgan.

Latviyaning Moliyaviy nazorat komissiyasi — FCMC mamlakatdagi ikkinchi yirik bank sanalgan Parex bankining 2007 yilda amalga oshirgan pul o‘tkazmalarini tekshirishga kirishdi.

Bu bank nomi Shvetsiyadagi TeliaSonera shirkati va uning O‘zbekiston prezidenti qizi Gulnora Karimovaga qarashli ekani iddao qilingan Takilant Ltd. firmasi bilan noqnuniy pul o‘tkazamalariga oid tekshiruvlarda tilga olingan.

FCMC matbuot vakili Mariya Makarevitsa tekshiruv Parex bankidagi hisobga TeliaSonera shirkati tomonidan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalariga oid shubhalar ortidan boshlanganini tasdiqladi.

- Bu Shvetsiyada o‘zbek mobil shirkatiga o‘tkazilgan mablag‘lar yuzasidan olib borilayotgan surishtiruvlarning bir qismi. Parex bo‘yicha tekshiruv jarayoni endi boshlandi, natijalar haqida hozircha gapirishga erta, - dedi Makarevitsa Ozodlik bilan suhbatda.

O‘tgan yili Shvetsiyaning SVT telekanali jurnalistlari tekshiruv o‘tkazib, TeliaSonera shirkati olti yil avval O‘zbekistonda litsenziya olish uchun Gibraltardagi Takilant Ltd shirkatiga 2 milliard 200 million shved kroni yoki 320 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni to‘laganini aniqlagan va bu pullarning pora sifatida to‘langanini iddao qilgan edi.

Bu shirkatning esa O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga aloqador ekani iddao qilinadi.

Jurnalistlar aniqlagan bu ma‘lumotlar ortidan Shvetsiya prokuraturasi Skandinaviya yarim orolidagi eng yirik telekommunakatsiya shirkati sanalgan TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan tergov boshlagan.

Bu ish yuzasidan TeliaSonera so‘rovi bilan tekshiruv o‘tkazgan Shvetsiyadagi Mannheimer Swartling yuridik shirkati esa mablag‘lar Gibraltardagi Takilant Ltd shirkatining Nordea va Parex bankidagi hisoblariga o‘tkazilganini aniqlagan.

Natijada, Takilant Ltd. firmasining Nordea bankidagi aktivlari Shvetsiya prokuraturasi tomonidan pora olish va pul yuvish jinoyatiga aloqadorlikka oid tergov doirasida muzlatib qo‘yilgan edi.

Bundan tashqari, Shvetsiya hukumati qoshidagi Moliyaviy nazorat idorasi pul yuvish jinoyatiga qarshi yetarli chora ko‘rmagani va o‘z mijozi bo‘lgan Takilant Ltd. hisob raqamiga tushayotgan pul manbasini yetarlicha o‘rganmagani uchun Nordea bankiga 30 million shved kronasi miqdorida jarima ham solgan edi.

Ammo Takilant Ltd. firmasining Rigadagi Parex bankida ochilgan hisob raqamlari daxlsiz qolayotgan edi.

Zero, so‘nggi yillarda aynan Latviya sobiq sovet o‘lkalari uchun moliyaviy offshor hududga aylangan davlatlardan biri sifatida e‘tirof qilib kelinmoqda.

2004 yilda Yevropa Ittifoqiga a‘zo bo‘lgan, 2014 yilning 1 yanvaridan Yevro hududiga kirishi kutilayotgan Latviya hukumati rasmiylari esa bu iddaolarni rad etmoqda.
XS
SM
MD
LG