Линклар

Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari bozorlarining muhojirlar to‘planadigan ob‘ektlarida politsiya reydlari davom etmoqda. “Noqonuniy muhojir ovi”ga huquq-tartibot va migratsiya idoralari xodimlaridan tashqari bu shaharlardagi millatchi guruhlar ham ruju qo‘yayotgani kuzatilmoqda.


Sobyanin reydlarni davom ettirish tarafdori


29 iyul kuni Moskvaning Matveyevskaya bozorida politsiya va OMONning muhojirlarga qarshi qaratilgan maxsus reydi uyushtirildi.

Shahar politsiya boshqarmasida bu reyd 27 iyul shanba kuni tarvuz sotayotgan dog‘istonlik fuqaro poytaxt jinoyat-qidiruv bo‘limi operativ xodimi Anton Kudryashovning boshini urib yorganidan keyin amalga oshirilganini ma‘lum qilishdi.

Aniqlanishicha, Kudryashov bozorga 15 yashar qizni zo‘rlaganlikda ayblanayotgan dog‘istonlik Magomed Magomedovni qo‘lga olgani kelganida, uni ayblanuvchining himoyasiga chiqqan yaqinlari do‘pposlagan.

Matveyevskiy bozorini qurshab olgan politsiya xodimlari bozordagilarning savdo qilishga ruxsatnomasi, migratsiya hujjatlari va sertifikatlarini tekshira boshlagan.

Bu tekshiruvlar shaxsan Moskva politsiya boshqarmasi rahbari Anatoliy Yakunin buyrug‘i bilan bajarilgani aytildi.

- Hodisa ortidan biz zudlik bilan profilaktika tarzida amaliyot o‘tkazdik. Kecha Matveyevskiy bozorining o‘zida 345 kishi hibs etildi. Bular, asosan, xorij fuqarolari. Bilasizki, prezidentimiz qarori bilan xorijliklar bozorlarda ishlashi taqiqlangan. Ular tuman bo‘limlariga olib kelindi, dedi jurnalistlar oldida qilgan chiqishida Anatoliy Yakunin.

Shuningdek, Moskva politsiyasi rahbari politsiya xodimi jarohat olgan Matveyevskiy bozori direktori ishdan bo‘shatilgani, jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Magomed Rasulov Moskvadan chiqib ketayotganida qo‘lga olinganini xabar qildi.

Anatoliy Yakunin bundan buyon Moskvada bozorlardagi politsiya oblavalari tez-tez bo‘lib turishini ham qo‘shimcha qildi.

U oxirgi oylarda Moskva politsiyasi noqonuniy migratsiya tashkil etganlik aybi bilan 250 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atgani, yaqin orada yana 300 jinoyat ishi ochilishini ma‘lum qildi.

30 iyul kuni Burdenko nomidagi Jarrohlik institutida davolanayotgan politsiya xodimini ko‘rgani kelgan Moskvaning mer lavozimini vaqtinchalik egallab kelayotgan Sergey Sobyanin ham politsiya olib borayotgan amaliyotlari to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

- Bu juda to‘g‘ri, biz oxirgi paytda Moskva bo‘ylab 30ga yaqin mayda, o‘rta, yirik bozorlarni yopdik. Bular qatorida Lujniki, “Slavyanskiy mir” va hokazo. Lekin bu amaliyotlar yetarli emas ekan, demak tartib o‘rnatishni davom ettirish kerak. Ularni tinimsiz tekshirish zarur, zero Cherkizonga o‘xshagan bozorlar boshqa paydo bo‘lmasligi kerak, dedi Sergey Sobyanin.

Moskva hokimi politsiya reydlariga, albatta sanitariya-nazorat va migratsiya xizmati idoralarini ham jalb qilishni so‘radi.

Ayni paytda Ozodlikning Moskvadagi byurosiga shahar va viloyatning turli joylarida noqonuniy muhojirlarni aniqlashga qaratilgan ommaviy oblavalar davom etayotgani to‘g‘risida xabarlar kelishi davom etmoqda.

O‘zini Farhod, deb tanishtirgan tinglovchi Moskva viloyati Mitishchi shahridagi masjiddan namoz o‘qib chiqayotgan 700dan 1000 nafargacha odam politsiya tomonidan hibsga olinib, turli politsiya bo‘linmalariga olib ketilganini ma‘lum qildi.

Moskva politsiya boshqarmasida Ozodlikka bozorlardagi “tozalash amaliyotlari” 30 iyul kuni ham davom etayotgani, allaqachon 470 kishi ushlab qolinganini ma‘lum qilishdi.


“Muhojir ovi”ga millatchilar qo‘shilmoqda


Politsiya va migratsiya xizmati reydlari nafaqat Moskva, balki Rossiyaning shimoliy poytaxti sanalmish Peterburgda ham keskin ko‘paygani aytilmoqda. Endilikda bu reydlarga rus millatchilari va taqirboshlari qo‘shilgani kuzatilmoqda.

Youtube portalida kuni kecha paydo bo‘lgan va mahalliy millatchilar tomonidan tasvirga olingan video Rossiya jamoatchilik e‘tiborini o‘ziga qaratdi.

“Tayoq ko‘targan blondinka yoki Ruschasiga Tozalash” (Blondinka s bitoy ili Russkaya Zachistka ) deb nomlangan videoda bir guruh piterlik yosh millatchi shahar ko‘chalarida savdo qilayotgan muhojirlarni kaltaklab, sotayotgan meva-sabzavotlarini oyoq-osti qilayotgani tasvirlangan.

Vaqti-vaqti bilan kadrda tayoq ko‘tarib olgan oqsoch qiz paydo bo‘ladi.

Qizig‘i, millatchilarning muhojirlarni kaltaklashi, haqoratlashi, savdo do‘konlarini mol-mulki bilan vayron qilishi politsiya xodimlarining befarq kuzatuvi ostida olib borilmoqda.



Moskvada muhojirlar himoyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan “Memorial” Inson huquqlari markazi faoli Bahrom Hamroyev Ozolikka Rossiya markazlarida kuchayib borayotgan millatchilik kayfiyatini bevosita hukumat olib borayotgan siyosat bilan bog‘laydi.

- Huquq tartibot idoralari buni ko‘rib chiqadigan bo‘lsa, ularni 282-modda bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish zarur. Rossiya politsiyasi, davlat tashkiloti vakillari ular bilan birga yurib, mehnat muhojirlarini do‘pposlab, hayotiga xavf solayapti. Haqoratlar, “Vatanlaringga ketinglar!”, deb qichqirishlar inson huquqlarining kamsitilishi yoki inson hayotiga tajovuz, deb malakalanadi. Biz befarq turmaymiz: bu holatlarning, jumladan Piterda yuz bergan jinoyatni o‘rganib, bunga huquqiy baho berib, ularni jazolashni Rossiya hukumatidan so‘raymiz, dedi huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev.

Quyida Bahrom Hamroyev bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG