Линклар

logo-print
O‘zbekiston tug‘ruqxonalari uchun iyul-avgust oylari chaqaloq eng ko‘p tug‘iladigan oy hisoblanadi. Ayni mavsumda Samarqanddagi aksar tug‘ruqxonalarning ta‘mir uchun yopilgani viloyat miqyosida jiddiy noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Samarqanddan kelgan maktubda yozilishicha¸ viloyatdagi barcha tug‘ruqxonalar remont uchun yopilib¸ faqat bitta 3-tug‘ruqxona ishlayotgan ekan.

Maktubda viloyatdagi ko‘zi yoriydigan ayollar barchasining shaharda ishlab turgan yagona tug‘ruqxonada tug‘ishga majbur bo‘layotgani ta‘kidlanadi.

Maktub muallifi homiladorlarni yotqizish uchun xona tanqisligidan vrachlar o‘z xonalarini bo‘shatib berib¸ o‘zlari koridorda ishlab turishga majbur bo‘layotganidan ham tashvish bildiradi.

“Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar onalari bilan polda yotishibdi¸ bu ham yetmaganday pul bermasangiz¸ hech kim qaramaydi. Samarqanddagi tug‘ruqxonalar xuddi kelishib olganday¸ birdaniga remont boshlab olishgan. Ishlab turgani faqat 3- tug‘ruqxona” deyiladi Ozodlikka kelgan maktubda.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Samarqand viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi shaharda mavjud beshta tug‘ruqxonadan to‘rttasida ta‘mir borayotgani bois bemorlarni qabul qilishda qiyinchiliklar vujudga kelganini e‘tirof etdi.

Viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas‘uli bilan suhbatdan ayon bo‘lishicha, mavjud qonun-qoidalar va Sog‘liqni saqlash vazirining 2003 yil 13 yanvarda qabul qilingan buyrug‘iga ko‘ra, barcha tug‘ruqxonalar yiliga ikki marta profilaktika maqsadlarida yopilishi kerak.

Mulozim bilan mikrofonsiz suhbatdan Samarqand shahridagi tug‘ruqxonalarning yopilishi aynan profilaktika ishlari amalga oshirilayotgani bilan bog‘liq degan xulosa chiqdi.

3-tug‘ruqxonaga homilador kelinini olib borgan Mahmudjon akaning Ozodlikka aytishicha¸ mazkur shifoxonaga tug‘ruqxonalarda ro‘yxatda turganlar ham keltirilgan.

Mahmudjon aka¸ ayni paytda 3-tug‘ruqxona shifokorlari bunday holatda yuzaga kelgan qiyinchiliklarni o‘z kuchlari bilan yengishga urinayotgani ham tan olib gapirdi:

- Krovat yetmaganlariga yerga matras tashlab joy qilib berishayapti. Shunga qaramasdan vrachlar homilador ayollarimizning har biridan xabar olib turishga ulgurishayapti”¸ deydi suhbatdosh.

Samarqanddagi 3-tug‘ruqxona shifokorlari ikki smenada ishlayotgani bildirildi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Samarqanddagi 2-tug‘ruqxonada remont shu yilning 15 mayida boshlangan.

Reja bo‘yicha 6 iyungacha tugashi kerak bo‘lgan remont hali ham tugamagan.

Samarqand shahridagi shu kunlarda yopiq qolayotgan 2-tug‘ruqxonaning Ozodlik suhbatlashgan va ismini aytmagan vrachi¸ klinikaning “Salomatlik-2” dasturiga muvofiq eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta‘minlanayotganini ham g‘urur bilan tilga oldi.

Ozodlik qo‘ng‘irog‘iga javob bergan 2-tug‘rukxonada hamshiralarning ayni kunlarda yuvish-tozalash ishlari bilan mashg‘ul ekanini aytishdi.

Hamshiralarning aytishicha¸ erta-indin tug‘ruqxona homilador ayollarni qabul qila boshlaydi.

Mavzu yuzasidan Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on¸ Pastdarg‘om va boshqa tumanlaridagi tug‘ruqxonalarga qo‘ng‘iroq qilib deyarli bir hil javob oldik.

Tug‘ruqhonalar rejaga asosan maxsus tozalovdan o‘tmoqda.

Samarqand shahridagi butun viloyat homilador ayollariga xizmat ko‘rsatayotgan yagona tug‘ruqxona esa favqulloda gavjum.

Oddiy kunlari bitta xonaga 3-4 homilador yotqizilgan bo‘lsa¸ havo harorati 40 dan oshgan ayni kunlarda bir xonada 6-7 tadan ayol joylashtirilayapti¸ deydi kelinining ko‘zi yorishini kutayotgan samarqandlik Mahmudjon aka.


Tug‘maslik rag‘batlantiriladigan mamlakat


Samarqandlik Mahmudjon aka Ozodlik bilan suhbatda tug‘ruqxonada tiqilinchga qaramasdan tug‘ilish unchalik ko‘p emasligini aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra ko‘pchilik oilalar ikki farzanddan nari o‘tishmayapti.

Ko‘pchilik ayollar bir yoki ikki farzand ko‘rganidan keyin majburiy sterilizatsiya qilingani aytiladi.

Ozodlik muxbirlarining keyingi ikki yildagi maqolalari sinchiklab o‘qilsa O‘zbekistonda ayollarni majburan sterilizatsiya qilishga doir maxfiy davlat dasturi borligi haqida ishoratlar paydo bo‘ladi.

1990-yillarda Sovet davrida boshlangan “oilani rejalash” dasturi mustaqil O‘zbekiston sharoitida “tug‘ishni cheklash” amaliyotiga aylangani aytiladi.

Ozodlikka gapirgan o‘nlab ayollar majburan bichilganini ta‘kidlashadi.

O‘zbek rasmiylari bu kabi tajriba mavjudligini qat‘iyan rad etadi.

Ozodlik bilan suhbatlaridan birida¸ O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Svetlana O‘zbekistondagi vaziyatni davlat ayollarni ko‘proq tug‘ishga rag‘batlantirayotgan boshqa mamlakatlar bilan solishtirish o‘rinsiz ekanini aytgan edi.
XS
SM
MD
LG