Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:24

Toshkentning Eski shaharida buziladigan uylar ro‘yxatga olinmoqda


Ozodlikka WhatsApp orqali kelgan xabarda Toshkent shahar Olmazor tumanida buziladigan uylarni ro‘yxatga olish boshlangani bildirilgan. Mazkur manbaga ko‘ra, Olmazor tuman hokimiyati vakillari buzilishi ehtimoli bo‘lgan xonadonlarda qancha oila yashayotganini surishtirib¸ ro‘yxat tuzmoqda.

Olmazor tuman hokimiyatining o‘zini tanishtirishni istamagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda WhatsApp dan kelgan xabarni tasdiqladi. Unga ko‘ra¸ Eski shaharni rekonstruktsiya qilish doirasida yangi yo‘l tushishi mo‘ljallangan mahallalarda buzilish ehtimoli bo‘lgan uylarda yashovchilar ro‘yxatga olinmoqda:

- Yo‘l tushishi kerak bo‘lgan uylarning ro‘yxati tuzilayapti. Ro‘yxatda nechta xonadon va nechta oila borligining hisobini qilyapmiz. Ish payshanba kuni, 25 iyulda boshlandi. 12 kishidan iborat brigada ishlayapti, dedi hokimiyat vakili.

Chig‘atoy mahallasida yashovchi Komiljon Ozodlik bilan suhbatda Toshkent shahar Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr xizmati davlat unitar korxonasi Olmazor tuman bo‘limi xodimlari tuzaëtgan ro‘yxatga o‘zi yashaëtgan xonadon ham tushganini aytadi:

- Kelib, “Domovoy”da nechta odam propiskada ekanini yozib ketishdi. Bunga bir haftacha bo‘lib qoldi. Buzilsa kerak. Yo‘l tushsa kerak, deydi Komiljon.

Olmazor tuman hokimiyati vakili buziladigan uylar ro‘yxatini tuzish yana necha kun davom etishini bildirdi:

- Chig‘atoyda, Sariqsuv, Qorasaroy mahallalarida uyma-uy yurib ro‘yxat tuzilayapti. Faqat pasport, metrika, ZAGS qog‘ozlarining nusxalari olinayapti. Oilada nechta jon borligi aniqlanayapti. Uy buzilsa, ularga joy berish kerak bo‘lgani uchun shunday qilinayapti. Territoriya katta. Shuning uchun qancha uy buzilishi mumkinligini hali bilmaymiz. Biz ro‘yxat tuzganimizdan keyin shahar hokimiyati hal qiladi buni, dedi Olmazor tuman hokimiyati vakili.

Unga ko‘ra, Eski shahar mahallalaridagi aynan qaysi uylarning buzilishini yangi yo‘l qurilishi loyihasiga hali o‘zgartish kiritilishi mumkinligi bois¸ hozirdan aniq aytish qiyin:

- Xarita o‘zgarishi ham mumkin. Hisob-kitob qilinyapti. Masalan, Qorasaroy oldiga kelganda ro‘paradan mozor chiqayapti. Maqbara yoki tarixiy eski masjidlar chiqayapti. Yangi yo‘l xaritada o‘sha yerdan o‘tgan bo‘lishi mumkin. Hozir hisob-kitob qilinganidan keyin hamma jihat hisobga olinadi. Shuning uchun yo‘l u yoki bu tomonga surilishi mumkin¸ deydi hokimlik rasmiysi.

Olmazor tuman hokimligi vakili fikricha, yangi yo‘l qurilganidan keyin Eski shahardagi binolar rekonstruktsiya qilinadi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 19 iyun kuni Jizzax viloyatiga safari chog‘ida Jizzax shahari Bosh plani haqida gapirib, ko‘p qavatli binolar qurilishini tanqid qilgan va Toshkentning Eski shahar qismida qayta quriladigan uylar uch qavatdan baland bo‘lmasligini alohida urg‘ulagan edi:

- Bir vaqtlar hech narsani, kelajakni o‘ylamasdan turib, uylarni pala-partish qurib olganimiz bizlar uchun bugun juda katta muammolarni tashkil qilayaptiki, magistral ko‘chalarni o‘tkaza olmaysan, kanalizatsiyani o‘tkaza olmaysan, gazni o‘tkaza olmaysan, elektrni o‘tkaza olmaysan va hokazo va hokazo.

Bir vaqtlar bu masalalarga juda bir qanaqadir kaltabinlik bilan qaraganmiz. Nima 9 etaj Jizzaxga yarashadimi? Odamlar qanaqa, aytaylik qiyinchilikka duchor bo‘layapti? 9 etajda ëzda yashash mumkinmi? Turish mumkinmi?

Mana bizlar Toshkentning Eski shahrini shunday qilamizki, aytaylik juda ko‘p bo‘lsa agar 3 etaj bo‘ladi. Shunday yaxshi bir uy-joylarni arxitekturasini shunaqa qilamizki, 3 etajdan ko‘p bo‘lmaydi. Eski shahar Eski shahar bo‘lib qolaveradi¸ degan edi Islom Karimov Jizzaxda.

2012 yil 12 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2020 yilga qadar Toshkentning Eski shahar qismini to‘liq ta‘mirdan chiqarish haqidagi qarorga imzo chekkan.

16 mart kuni Toshkent shahar xalq deputatlari kengashida so‘zlagan Karimov Eski shaharni ta‘mirlashdan maqsad poytaxtning bu qismini zamonaviy talablarga javob beradigan, telekommunikatsiya tizimi bilan ta‘minlangan shaharga aylantirish ekani aytgan.
XS
SM
MD
LG