Линклар

23 iyundan beri Moskvaning Sheremetevo aeroportida maqomi mavhum qolib kelgan AQSh Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Edvard Snouden payshanba kuni aeroportning tranzit hududini tark etdi.

Nihoyat Rossiya hukumati Edvard Snoudenning qochqinlik maqomini berish iltimosini qondirdi va u Federal migratsiya xizmatidan kerakli hujjatlarni qo‘liga oldi.

Bu haqda jurnalistlarga xabar qilgan rossiyalik advokat Anatoliy Kucherena Snouden allaqachon “Sheremetevo” aeroportidan chiqib ketganini ma‘lum qildi:

- U xavfsiz joyga chiqib ketdi. Men sizlar bu ma‘lumotga tushunish bilan yondoshasiz, degan umiddaman. Chunki u sizlarga o‘z minnatdorchiligini bildirib, uni to‘g‘ri tushunishni iltimos qildi. U uchun xavfsizlik masalasi juda jiddiydir, dedi advokat Kucherena.

Anatoliy Kucherena Snouden aeroportni bir o‘zi taksida tark etganini qo‘shimcha qildi.

Wikileaksda qochqin bu tashkilot vakilasi hamrohligida aeroportdan chiqib, xavfsiz joyga ketganini bildirishdi.

Shu tariqa AQSh xavfsizlik xizmati sobiq xodimi, hozirda AQSh hukumati tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan va bir qancha diplomatik janjallarga sababchi bo‘lgan Edvard Snouden Rossiyada bir yillik qochqinlik maqomini oldi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin, agar Snouden Rossiyada qolishni istasa, AQShga zarar yetkazadigan ma‘lumotlar tarqatishni bas qilishi lozimligini aytganidan keyin¸ qochqinning bu shartlarga ko‘ngani ma‘lum qilindi.

Qochqinning Rossiyadagi manfaatlarini himoya qilayotgan mutaxassislarning aytishicha, Snouden bu maqomni tasdiqlovchi guvohnoma olgan. Advokatlarga ko‘ra¸ vaqtinchalik qochqinlik maqomiga ega bo‘lgan shaxslar Rossiya hududida yashash joyini o‘zlari tanlaydi.

Amerikalik sobiq razvedkachining advokati Anatoliy Kucherena chorshanba kuni Edvardning otasi – Lona Snoudenni Rossiyaga taklif etganini ham ochiqladi.

“Uning qachon kelishi hozircha aniq emas, lekin men taklifnomani yubordim. Edvardga ruhiy ko‘mak juda zarur”, dedi “Vesti FM” radiosiga bergan intervьyusida advokat.

Vashington AQSh maxfiy ma‘lumotlarini ochiqlagan Snoudenning ekstraditsiya qilinishini so‘ramoqda.

Iyun oyi boshida Edvard Snouden AQSh maxsus xizmatlarining elektron ta‘qib dasturlariga oid maxfiy ma‘lumotlarni oshkor qilgandi.

Bir qancha ayblov yuklatilayotgan Snouden, agar Qo‘shma Shtatlarga qaytariladigan bo‘lsa, umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
XS
SM
MD
LG