Линклар

"Frantsiya sudi o‘zbek diktatorining qizi ishlaridan xavotirda"


Gulnora Karimova o‘zining sadoqatli biznes ijrochisi bo‘lgan Gayane Avakyan nomiga rasmiylashtirilgan Takiland shirkati hisob raqamlariga kelib tushgan yuzlab million dollarlik tushumlar bois Yevropa izquvarlari diqqatiga tushdi.

Gulnora Karimova o‘zining sadoqatli biznes ijrochisi bo‘lgan Gayane Avakyan nomiga rasmiylashtirilgan Takiland shirkati hisob raqamlariga kelib tushgan yuzlab million dollarlik tushumlar bois Yevropa izquvarlari diqqatiga tushdi.

Parij sudi moliya bo‘limi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan dastlabki tekshiruv boshladi. Gulnora Karimova pul yuvish va korruptsiyaga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda suddagi o‘z manbasiga asoslanib Rue89 nashri 31 iyul kuni xabar qildi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovni "diktator" deb atagani uchun O‘zbekiston Respublikasining markazi Parijda joylashgan UNESCO dagi doimiy vakili¸ prezidentning kenjasi Lola Karimova tomonidan sudga tortilgan Rue89 Internet nashri yana o‘z diqqatini "diktator qizlari"ga qaratdi.

2011 yil 1 iyulida Parij sudi hukmi bilan Karimovni "diktator" deb atash haqqini qo‘lga kiritgan bu nashrganing yozishicha¸ frantsuz mahkamasi o‘rganayotgan ish ham Shvetsiyaning TeliaSonera uyali aloqa shirkatining O‘zbekiston bozoriga kirish uchun 2007 yilda Gulnora Karimovaga yashirincha 320 million dollar pora to‘lagani ehtimoli bilan bog‘liq.

Bu ish bo‘yicha tekshiruv Frantsiyadagi taniqli mutaxassis¸ shov-shuvli biznesmen Bernar Tapi va sobiq Ichki ishlar vaziri Klod Gean ishini o‘rganayotgan tergovchi Serj Turner (Serge Tournaire) zimmasiga yuklatilgan.

Shvetsiya va Shveytsariya prokuraturasi ayni ish bo‘yicha 2012 yil yozidan beri tekshiruv olib bormoqda.

Rue89 nashrida chop etilgan xabar muallifi Kamilla Polloni Ozodlik bilan suhbatda TeliaSonera shirkati bilan bog‘liq tekshiruv ko‘lami endilikda Frantsiyani ham o‘z ichiga qamrab olganini aytadi:

- Shveytsariyada 2012 yildan beri tekshiruv olib borilmoqda. Iyun oyida shveytsariyalik prokuror Frantsiya politsiyasidan o‘zbeklar, balki Karimova xonimga tegishli bo‘lgani taxmin qilingan uylarda reyd o‘tkazishni so‘ragan. Shundan so‘ng Frantsiya prokurori o‘zi tekshiruv boshlashga qaror qilgan. Biroq u hozirgacha hech qanday ish qilgani yo‘q. U faqat ish ochdi xolos, deydi frantsiyalik jurnalist.

Kamilla Polloni suhbat davomida Frantsiyadagi tekshiruvning prokuratura yoki politsiya emas¸ balki Parij sudi moliya bo‘limi boshlaganiga ham oydinlik kiritdi:

- Bu ish iyul oyi boshida boshlangan. Odatda ishni birinchi bo‘lib prokuror boshlaydi, keyin ish moliyaviy masalalarga ixtisoslashgan sud hakamlariga topshiriladi, deydi frantsiyalik jurnalist.

Frantsiyadagi tergov organlari Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan to‘rt shaxsni pul yuvish operatsiyalariga aloqadorlikda gumon qilmoqda.

Ulardan biri O‘zbekistondagi Coca-Cola shirkatining sobiq menejeri Alisher Ergashevdir.

Ergashev 2012 yil 30 iyul kuni Shveytsariyada qo‘lga olingan. Oradan uch oy o‘tmay garov evaziga qo‘yib yuborilgan.

O‘tgan yil dekabr oyigacha Alisher Ergashev, tergovchilar tomonidan Gulnora Karimovaga tegishli ekanini taxmin qilayotgan Frantsiyadagi ikkita ko‘chmas mulk shirkatining boshqaruvchisi bo‘lgan.

Rue89 nashrining bildirishicha, O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Frantsiya janubidagi Sen-Trope (Saint-Tropez) kurorti yaqinida villa va Parijning Bulon o‘rmoni yaqinidagi XVI okrugida dang‘illama hovliga ega.

- Biz Gulnora Karimova Frantsiyada ko‘chmas mulkka ega ekanini bilamiz. Frantsiyada uy sotib olish uchun "Société civile immobilière" (SCI) deb nomlangan kichik shirkatlar ochiladi. Gulnora ham shunday qilgan, deydi Kamilla Polloni.

Unga ko‘ra, Gulnora Karimova Sen-Trope (Saint-Tropez) kurorti yaqinida villa sotib olish uchun "Invest Sudio", Parijdagi uyni sotib olish uchun esa "Invest Service Group" nomli shirkatlar ochgan.

Frantsuz jurnalistiga ko‘ra, ikkala shirkatning 95 foizi Gulnora Karimovaga tegishli va Gulnoraning nomi Parij tijorat sudidagi hujjatlarda qayd qilingan.

18 iyun kuni Bern prokuraturasi so‘roviga muvofiq Frantsiya politsiyasi Gulnora Karimovaga tegishli ekani taxmin qilingan uylarda tintuv o‘tkazdi.

Shveytsariya politsiyasi tintuv qayerda o‘tkazilgani haqida matbuotga ma‘lumot berishdan bosh tortdi.

Yaqinda O‘zbekistonning Jenevadagi BMT idoralaridagi elchisi lavozimini tark etganidan keyin Gulnora Karimova diplomatik daxlsizlik maqomini yo‘qotdi va u endilikda tergov olib borayotgan Yevropa huquq idoralari tomonidan pul yuvish va korruptsiyaga aloqadorlik ayblovlari yuzasidan so‘roqqa tortilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG