Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:57

Rossiya harbiylari Tojikistonda yana 29 yil qoladi


Ayni paytda Tojikistonda Rossiyaning 201 – diviziyasi tarkibida 7 mingga yaqin rus harbiysi bor. Mazkur diviziya 2005 yilgacha Tojikiston-Afg‘oniston chegarasini qo‘riqlagan edi.

So‘nggi ikki yildan beri Moskva va Dushanbe Rossiya harbiy bazasiga to‘lanadigan ijara haqi borasida kelisha olmayotgan edi. 2011 yilning sentyabrida Rossiya harbiylarining Tojikistondagi hozirligini 49 yilga uzaytirish borasida kelishilib, bu boradagi shartnoma 2012 yilning birinchi choragida imzolanishi rejalashtirilgan edi. Biroq keyinroq tojik tomoni Rossiyadan baza uchun 300 million dollar ijara haqqi talab qila boshlagach, shartnomani imzolash muddati cho‘zilib ketgan.

- Men aytib qo‘ymoqchimanki, bu masalaga biz nihoyatda mas‘uliyat bilan yondoshamiz. Biz o‘z majburiyatimizni qat‘iylik bilan bajarishga tayyormiz. Shuning uchun bazaga oid masalalar tartibga solinganidan va mamlakat parlamenti ta‘tildan qaytganidan so‘ng, shu yilning kuzida bu masalani hal qilamiz, -deb bayonot berdi Emomali Rahmon Moskvada prezident Putin bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

201-diviziya Tojikistonda zamonaviy harbiy texnikaga ega bo‘lgan kuchli harbiy bo‘linmadir. Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, diviziya uch motoo‘qchilar polki, bitta artileriya polki, bitta zenit-raketa polki va yetti vertolyotga ega aviaguruhdan iborat.

Rossiya harbiylarining asosiy qismi Dushanbe shahrida joylashtirilgan. Bundan tashqari Dushanbeda 670-aviaguruh, Qo‘rg‘ontepada “Grad” reaktiv tizimi hamda “Nurek” optik-elektron kompleksi bor.

Emomali Rahmon bilan birgalikda o‘tgazgan matbuot anjumanida Vladimir Putin 201-diviziyaning ahamiyati katta ekanini ta‘kidladi.

-Tojikiston hududidagi Rossiya harbiy bazasi masalasiga alohida e‘tibor qaratdik. Bu diviziya bizning davlatimiz chegarasi tashqarisidagi eng katta rus harbiy bo‘linmasi ekanini ta‘kidlamoqchiman.

Moskva uchrashuvida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 2025 yilgacha Tojikiston qurolli kuchlarini qurollantirish uchun Moskva 200 million dollar ajratishini bildirdi.

Moskva uchrashuvida harbiy hamkorlikdan tashqari Rossiyadagi tojik mehnat muhojirlari masalasi ham muhokama qilindi.

Bugungi kunda Rossiyada rasman 1 million tojik muhojiri borligi aytiladi. Jahon bankining hisob-kitobiga qaraganda 2012 yilda tojik muhojirlari vatanlariga jo‘natgan mablag‘ Tojikiston milliy daromadining 47 foizini tashkil qilgan.
XS
SM
MD
LG