Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:45

Turkmaniston maktablarida endi "Ruhnoma" o‘qitilmaydi


Turkmaniston maktablarida marhum prezident Saparmurod Niyozovning "Ruhnoma" kitobini o‘qitish bekor qilindi.

“Turkmaniston xronikasi” mustaqil Internet nashri xabariga ko‘ra, Turkmaniston Maorif vazirligi o‘rta maktablar uchun ishlab chiqqan yangi o‘quv dasturida “Ruhnoma” darsi olib tashlangan.

Ular o‘rinini Iqtisodiyot, Ekologiya asoslari, Turkmanistonning madaniy me‘rosi kabi yangi darslar egallagan.

Saparmurod Niyozov davrida "Ruhnoma" Turkmaniston o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida majburiy o‘qitilgan va uni har bir turkmanistonlik sotib olishi, o‘qib chiqishi, maktabni bitirish va oliy o‘quv yurtlariga kirishda talabalar shu kitob bo‘yicha imtihon topshirishlari shart bo‘lgan.

Saparmurod Niyozovning "Ruhnoma" kitobi 2001 yilda yozilgan va u Turkmanistonda "muqaddas kitob" darajasiga ko‘tarildi.

Odamlar qasam ichgan paytda “Qur‘oni Karim” va “Ruhnoma” kitobiga qo‘lini qo‘yishi talab etib kelingan.

Turkmanistondagi xorijiy shirkatlar esa bu “muqaddas kitob”ni o‘z mamlakatlari tiliga tarjima qilishga majbur qilindi.

“Ruhnoma” DaimlerChrysler shirkatining moliviy ko‘magida nemis tiliga, Rossiyaning KamAZ zavodi hisobiga tatar tiliga o‘girilib, qimmat muqovada nashr etildi.

Shuningdek, ushbu kitob ingliz, arab, xitoy, nemis, fors, ispan, rus, turk va boshqa tillarga tarjima qilingan.

Ashxobod markazida "Ruhnoma"ga haykal ham o‘rnatildi. Sentyabr oyi va shanba kuni nomi “Ruhnoma”, deb o‘zgartirildi.

Norvegiyada yashovchi turkmanistonlik yozuvchi Valisapar Oqmuhammad bu kitobning darslik sifatida maktablarda o‘qitilishi boshidan ahmoqgarchilik bo‘lganini aytadi:

- Bu kitob o‘rtachadan ham past darajada yozilgan kitob, u yerda biri ikkinchisini inkor qiladigan jihatlar juda ko‘p. Yana bir jihat, u yerdagi ko‘p ma‘lumot ilmiy kitoblardan ko‘chirib olingan va plagiat bir asar deyishga asos bor, deydi Valisapar Oqmuhammad.

Turkmanboshi Niyozov o‘limidan so‘ng, Qurbonquli Berdimuhammedov prezidentlik kursisini egallar ekan, mamlakat oliy o‘quv yurtlarida "Ruhnoma"ni o‘qitish bekor qilindi, o‘rta maktablarda esa ushbu kitob darslari haftasiga bir soatga tushirildi.

Kutubxonalardan ham Saparmurod Niyozov kitoblari badarg‘a qilinib, ular o‘rnini Qurbonquli Berdimuhammedov yozgani aytiladigan tibbiyot, sport haqidagi asarlar egalladi.

Ashxobod markazidagi Niyozovning oltin haykali bilan bir qatorda “Ruhnoma"ga o‘rnatilgan muhtasham monument ham olib tashlandi.

Yozuvchi Valisapar Oqmuhammadning aytishicha, Niyozov kitoblari o‘quv dasturidan olib tashlanayotgani bilan mamlakatda u qoldirib ketgan avtoritar siyosat, shaxsga sig‘inish an‘analaridan voz kechilayotgani yo‘q:

- Bu yerda shaxsga sig‘inish ob‘ekti o‘zgaryapti, xolos. Niyozov o‘ldi, hozir Berdimuhammedov, uning o‘rnida Berdimuhammadov. Hozir Berdimuhammedovning kitoblari ham majburiy o‘qitilayapti, kelajakda hozirgi prezident kitoblari o‘quv dasturiga kiritilsa ajab emas, deydi turkman yozuvchisi.
XS
SM
MD
LG