Линклар

logo-print

Moskvada ushlangan migrantlar uchun deportatsiya lageri qurildi


27 iyuldan beri Moskva bozorlarida olib borilayotgan politsiya reydlarida qo‘lga olingan muhojirlar uchun maxsus chodir shaharcha qurildi. Shaharning Golyanovo tumanida joylashgan bu lagerning 900 kishini qabul qilishi aytilmoqda. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, olib borilayotgan “tozalash” amaliyotlari natijasida allaqachon 3,5 mingdan ziyod noqonuniy muhojir hibs etilgan.

Moskva sharqida joylashgan Golyanovo tumanida mahalliy politsiya boshqarmasi MChS xizmatchilari yordamida deportatsiya lageri barpo qildi.

Moskva politsiyasining Jamoatchilik tartibini saqlash boshqarmasi rahbari Vyacheslav Kozlov jurnalistlarga 900 kishini sig‘dira oladigan lagerda vaqtinchalik yashash uchun barcha qulayliklar yaratilayotganini bildirdi:

- 2 kun ichida 2,5 mingdan ziyod odam hibs etildi va bugun ham tozalash ishlari mayda savdo bozorlarida davom etdi. Bugunning o‘zida turli ma‘muriy jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanayotgan yana ming kishi ushlandi. Agarda boshqa statsionar binolarda joy qolmasagina, qonunbuzarlar bu yerga yuboriladi, dedi Vyacheslav Kozlov.




Moskva shahar Migratsiya xizmati rasmiysi Tatьyana Dmitriyeva sudning deportatsiya to‘g‘risida qarori chiqishi bilan, mahbuslar lager hududidan chiqarilishlarini ma‘lum qildi.

Ozodlik muxbiri bog‘langan poytaxt politsiyasi rasmiysi olib borilayotgan amaliyotlar davomida qancha xorijlik, jumladan o‘zbekistonlikning qo‘lga olingani va ularning qayerda saqlanayotgani haqida ma‘lumot berilmasligini bildirdi.

“Hujjati joyida bo‘lgan muhojirlar tekshirilib, qo‘yib yuborilyapti”, dedi o‘zini tanishtirmagan Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi xodimi.

Boshqarma vakili hozirda “zachistka”ga ko‘ngilli drujinachilar ham jalb qilinganini qo‘shimcha qildi.

Poytaxt politsiyasi 31 iyul kuni olib borilayotgan “shaharni nomaqbul elementlar va noqonuniy migrantlardan tozalash” (jurnalistlar bu amaliyotga allaqachon “zachistka” deb nom berdi) reydi natijasida immigratsiya qonunchiligini buzganlikda gumonlangan 1400 shaxs hibs etilganini bildirdi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra¸ Irtishskaya tor ko‘chasida joylashgan omborxona hududidagi sanoat tsexlarida mehnat qilayotgan 1200 vьetnamlik, Sovetskaya ko‘chasida – O‘zbekiston, Misr, Marokash, Suriya, Qirg‘iziston, Ozarbayjondan kelgan yana 200 tacha fuqaro noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan.

Ozodlik olgan ma‘lumotlarga ko‘ra¸ hibs etilganlarning aksariyati Moskvaning uchta ma‘muriy okrug hibsxonalarida saqlanmoqda.

1 avgust kuni “Noqonuniy migrant” amaliyoti davomida Moskvada qurilish ishlari bilan shug‘ullanayotgan “ENKA” turk firmasi ishchilari ham hibsga olindi. Asosan O‘zbekiston va Tojikistondan bo‘lgan 1380 nafar mehnat muhojiri politsiya bo‘linmasiga olib kelinib, migratsiya qonunlarini buzish yuzasidan 1310 ta ma‘muriy protokol tuzildi.

Moskva politsiyasi rasmiysi Ozodlik muxbiriga turk firmasining “noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik” aybi bilan jinoiy javobgarlikka tortilganini bildirdi.

Bu xabar barobarida¸ Rossiyadagi yirik turk qurilish shirkatlaridan biri sanalgan "Reneyssans Konstrakshn" kompaniyasi xizmatchisi Ozodlikka bog‘lanib¸ 2 avgustga o‘tar kechasi bu shirkat qurilishlaridan birida ishlab kelgan 2000 dan ziyod muhojirning olib ketilganini xabar qildi. Bu manbaga ko‘ra¸ kuch bilan olib ketilganlarning aksari qonuniy mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklardir.

Ozodlik muxbiri bog‘langan Moskvadagi Turkiya elchixonasi rasmiysi¸ elchilikning turk qurilish shirkatlarida olib borilayotgan “zachistkalar”dan xabardorligi, biroq vaziyatga hozircha hech qanday izoh berilmasligini ma‘lum qildi.

Tojikiston va Qirg‘iziston elchixonalari hibsga olingan o‘z fuqarolari huquqlarini himoya qilishga urinayotgan bir paytda¸ O‘zbekiston elchixonasi va konsulligidan bu masala yuzasidan biror izoh olishning iloji bo‘lmadi.

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ 2 avgust kuni tushdan so‘ng Moskvaning shimoliy ma‘muriy okrugidagi Xoroshevskiy shossesida yana 1675 ta markaziy osiyolik va turkiyalik mehnat muhojiri hibs etilgan.

Moskva savdo markazlari va bozorlarida qizg‘in davom etayotgan “tozalash ishlari”ga Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham munosabat bildirdi. U “hukumat idoralarining savdo va savdogarlar bilan birlashib ketayotganini” “Moskvaning eng katta muammosi”, deb baholadi va Rossiya Tergov qo‘mitasiga bu sohada ommaviy tekshiruvlarni olib borishni buyurdi.

Rossiya rahbarining bu buyrug‘i ortidan Moskva politsiyasi orasida ham “tozalash” ishlari boshlandi. 1 avgust kuni Izmaylovo va Golyanovo tuman politsiya rahbarlari o‘z lavozimidan ozod qilingani, yana to‘rtta yuqori lavozimli ofitser ishdan bo‘shatilgani ma‘lum bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG