Линклар

Ayrim Internet nashlari O‘zbekistonda bloggerlik faoliyatini tartibga soluvchi hujjat tayyorlanayotgani haqida xabar tarqatdi. Ozodlik bilan suhbatda Matbuot va axborot agentligi rasmiylari bloggerlik uchun hozircha litsenziya kerak emasligi¸ lekin kelajakda bu faoliyatning ham tartibga solinishi mumkinligini bildirdi.

"Agar bu borada hujjat qabul qilinsa, bloglar qaysi mavzuda bo‘lishidan qat‘iy nazar, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan ommaviy axborot vositasi sifatida litsenziya olishga majbur qilinadilar", deb yozdi 2 avgust kuni Registon.net sayti.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining o‘zini tanishtirmagan xodimi blog O‘zbekistonda ommaviy axborot vositasi emasligi va bu faoliyat turiga litsenziya kerak emasligini aytdi:

- Litsenziya faqat ommaviy axborot vositasiga beriladi. Televideniye, radio, gazeta, internet nashrlari faoliyati litsenziyalanadi. Lekin blog uchun hozircha litsenziya talab qilinmaydi, dedi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining o‘z ismini aytmagan rasmiysi.

Ayni paytda agentlik rasmiylari bloggerlikni tartibga solish lozimligi va bu borada qonunosti hujjati ishlab chiqilishi mumkinligini inkor etishmadi.

Blog mohiyatiga ko‘ra Internetda yuritiluvchi shaxsiy kundalik. Har kim o‘z shaxsiy blogi orqali ko‘rgan-kechirganlarini yozib borishi, bo‘layotgan hodisalarga o‘z fikrini ifoda etishi mumkin.

O‘zbekistonlik blogger, bobomurodabdulla.blogspot.com egasi Bobomurod Abdullayev hozir mamlakatda ijtimoiy tarmoqlar qatori bloggerlik ham ommalashar ekan, hukumat bu sohani ham nazorat qilishga urinayotganini aytadi:

- Bundan maqsad nazorat qilish. Litsenziyalashtirsa, nazorat qilish oson bo‘ladi. Hozir bloggerlar xohlagan narsasini qo‘yib yozayapti, nazorat yo‘q. Agar litsenziyalashtirsa, istagan payt litsenziyasini olib, blogini yopishi mumkin, -deydi Abdullayev.

O‘zbekistonda siyosiy va ijtimoiy mavzulardagi bloggerlik uncha ommalashmagan. Lekin sport, moda olami, pazandalik haqida bloglar ancha.

Yaqinda qirg‘izistonlik blogger Shermuhammad Abdug‘afurov o‘zining Shermuhammad.com deb ataluvchi saytida O‘zbekistondagi bloglar ro‘yxatini e‘lon qildi.

Bu bloglar mazmunidan bloggerlik O‘zbekistondagi mavjud tuzumga katta xavf emas, deyish mumkin.

Shunday ekan, O‘zbekistonda bloglarni litsenziyalashtirish nimaga kerak bo‘lib qoldi?

- Hukumat hozirdan oldini olib qo‘moqchi. Bu borishda siyosiy mavzularni ko‘tarib chiqayotgan bloggerlar ham ko‘payishi mumkin, shuni oldini olib qo‘ymoqchi. Hozir bloggerlik asosan futbol sohasida ancha rivojlangan. Ancha tanqidiy chiqishlarni ko‘rayapmiz, deydi Abdullayev.

O‘zbekistonda so‘nggi yillar ichida Internetdan foydalanish imkonlari oshdi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek foydalanuvchlari soni ortib bormoqda.

Yangi media sohasi mutaxassisi To‘lqin Umaraliyevning aytishicha, O‘zbekistonda bloglarni nazorat qilish hukumat uchun qiyin emas:

- Chunki O‘zbekistonda veb-sahifalar ham ommaviy axborot vositasi hisoblanadi. Lekin qonunda veb-sahifa deganda nima tushunilishi haqida aniqlik kiritilmagan. Shuning uchun de-yure O‘zbekistondagi barcha Internet nashrlari, shu jumladan bloglar ham ommaviy axborot vositasi deb tushunilishi va istagan blog javobgarlikka tortilishi mumkin, deydi Umaraliyev.

O‘zbekistonda bloggerlik faoliyatini tartibga soluvchi hujjatning qachon qabul qilinishi hozircha ma‘lum emas.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ bunday hujjatning qabul qilinishi O‘zbekistonda so‘z erkinligiga beriladigan navbatdagi zarba bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG