Линклар

Suriya prezidenti Bashar Asad fikricha, muxolifatdagi isyonchilar bilan siyosiy muloqotga kirishish imkonsizdir. U isyonchilarga “temir musht” bilan zarba berishga chaqirdi.

Suriya prezidentining bu bayonoti poytaxt Damashqda, yakshanba kungi iftorda yangradi.

Mamlakat televideniyesi orqali namoyish qilingan prezident ishtirokidagi iftorda taniqli imomlar, vazirlar, madaniyat va san‘at xodimlari, jamoat arboblari hozir bo‘ldi.

Iftorda Anitioxiya pravoslav cherkovi yepiskopi Ioann X (Yuxanna al-Yazijiy), Suriya bosh muftiysi Ahmad Badr al-Din al-Xassun hamda Suriya mudofaa vaziri Fahid Freyjlar ishtirok etishdi.

Yig‘ilganlar oldida qilgan nutqi davomida Bashar Asad o‘ziga qarshi qurol ko‘targan isyonchilarni “terrorchilar”, deb atadi va “es-hushi joyida bo‘lgan har qanday kishi terrorchilikning siyosatga aloqasi yo‘q, deb o‘ylaydi”, der ekan, fikrini bunday davom ettirdi:

- Terrorizm bilan siyosat bir-biriga mutlaqo zid tushunchalardir. Har sohada terrorizm zarba berib turgan bir sharoitda siyosiy harakatlar bo‘luvi va siyosiy yo‘nalishda ilgari siljish bo‘luvi imkonsizdir. Siyosat to‘g‘ri olib borilishi uchun terrorizm yo‘q qilinishi shart.

Suriya prezidenti muxolifatdagi “Suriya inqilobiy va muxolif kuchlari milliy koalitsiyasi” siyosiy birikmasini Suriyani mavjud bo‘hrondan chiqarish yo‘lida qo‘lidan hech ish kelmaydigan buzuqilar, deb atadi.

Bashar Asadning fikricha, Suriyadagi vaziyat mamlakatdan terrorizm quvib chiqarilganidan so‘nggina izga tushishi mumkin.

- Agar biz davom etayotgan fuqarolar urushida g‘alaba qozonsak, boshqa sohalarda ham keng qo‘llab-quvvatlashga erisha olsak, biz bir necha oy ichida vaziyatni izga sola bilamiz, degan bo‘lar edim. Suriya bo‘hron yechimini topishga hamda terrorizmga zarba berishga qodir, dedi Suriya prezidenti.

Bashar Asad, shuningdek, Suriya tanlov oldida turganini ta‘kidlab o‘tdi. “Qonun ustivor bo‘lgan mamlakat bo‘ladimi yoki o‘g‘ri va kazzoblar boshqaradigan mamlakat bo‘ladimi – Curiya shu masalani hal qilib olishi kerak”, dedi Asad.

BMT tekshiruvchilariga ko‘ra, Asadga sodiq kuchlar harbiy jinoyatlar, jumladan qotilliklar, qiynoqqa solishlar, jinsiy tajovuz, talonchilik kabi jinoyatlar sodir etgan.

Ularning aytishicha, tilga olingan jinoyatlar hukumat amalga oshirayotgan siyosat mahsulidir.

Ayni paytda, BMT mutaxassislari isyonchilar tomonidan ham harbiy jinoyatlar, xususan qotilliklar amalga oshirilganini, biroq bu jinoyatlar hukumat kuchlarinikiga qaraganda ozroq ekanini e‘tirof etgan.

Bashar Asad rejimi va muxolif kuchlar o‘rtasida ikki yildan ko‘proq vaqtdan buyon davom etayotgan fuqarolar urushida, BMT hisob-kitobicha, 100 000 dan ko‘proq kishi halok bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG