Линклар

O‘zbekistonlik yirik tadbirkor, mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Fayz” xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Mukarramxon Azimovaning mamlakatni tashlab chiqib ketgani to‘g‘risida birinchi bo‘lib Uzmetronom.com sayti 5 avgust kuni xabar qilgan edi.

O‘zbekistondagi eng yirik 100 tadbirkor ro‘yxatiga kirgan taniqli ishbilarmon ayolga oid xabar izidan borgan muxbirimiz hozircha uning bilvosita tasdig‘i, deb baholash mumkin bo‘lgan ma‘lumotlarni qo‘lga kiritdi.

Mukarramxon Azimovaning ismi yirik davlat amaldorlari va sanoat korxonalari rahbarlarigagina oid ma‘lumotlar keltiriladigan telefon kitoblarida qayd etilmaganini Uzmetronom.com sayti tadbirkorning mamlakatni tashlab chiqib ketganiga bilvosita tasdiq sifatida keltirgan.

Demak, agar chindan ham Azimova O‘zbekistondan chiqib ketgan bo‘lsa, bu voqea yuz berganiga bir necha oy bo‘lgan, chunki telefon kitobi har haftada yangilanaveradigan narsa emas.

Ozodlikning manbasi Azimova xonimning “O‘zbekistondan joriy yil fevralida chiqib ketganini, kompaniyani shu kunda uning jiyani boshqarib turganini” 6 avgust kuni aniqladi.

Manbamizga bu haqda Azimovaning qo‘li ostida ishlagan, u bilan bevosita muloqot qilib kelgan o‘rta bo‘g‘in amaldorlaridan biri aytib bergan.

“Xodimning aytishicha, Azimovaning mamlakatdan chiqib ketishi bankdan olingan kreditlar hajmining o‘ta katta ekanligi, ularni qaytarish bilan bog‘liq muammolar yechimsiz holatga kelib qolayozganidadir”, dedi Ozodlik manbasi.

Ozodlikning yana bir manbasi – Mukarramxon Azimovaning uzoqroq qarindoshlaridan biri. U Azimovaning hozir qayerda ekanligini aytolmasligini bildirdi, lekin ayni paytda “Fayz”ga qarashli ob‘ektlarda ikki yildan beri tekshiruvlar bo‘layotgani aniq ekanligini to‘la ishonch bilan aytdi.

Toshkentdagi manba, shuningdek, Mukarramxon Azimovaning turli manbalarda “o‘zbek kriminal dunësi xo‘jayini”, deb baho beriladigan Salim Abduvaliyevga yaqin ekanligini ham pisanda qilib o‘tdi.

“Fayz” xolding kompaniyasi boshqaruvi raisiga doir yangilikni Ozodlikning Toshkentdagi hamkori ham o‘rgandiki, u qo‘lga kiritgan ma‘lumotlar avvalgi ikki manbamiz aytgan gaplar tasdig‘idir.

Hamkorimiz izlanishlari mahsuli o‘laroq mana bunday xabar qildi:

“Chindan ham keyingi paytlarda mebelь ishlab chiqarishga ixtisoslashgan O‘zbekistondagi eng yirik “Fayz” xoldingi rahbari Mukarram Azimova xaqida gap-so‘zlar ko‘payib ketdi. Xoldingga kiruvchi korxonalar jiddiy muammolarga duch kelayotgani aytilib, xolding rahbari anchadan buyon ko‘rinmay qolganini ishchilar aytishayapti. (“Qochib ketgan” deyishyapti). Menga ma‘lum informatsiyaga qaraganda, hozirgi kunda “Fayz” xoldingiga kiruvchi korxonalarning bir necha yuz million AQSh dollariga teng kredit qarzdorligi mavjud.

Xususan, O‘zbekiston Milliy Banki Sergeli filiali va “O‘zsanoatqurilishbank” Toshkent viloyati bo‘limi ularning asosiy kreditorlaridir. Milliy Bank Sergeli bo‘limida ishlaydigan manbaga ko‘ra, xoldingning asosiy bank xisob raqami ularda ekan. Avvallari konvertatsiya bilan xech muammosi bo‘lmagan, katta-katta summadagi mablag‘lari bank hisob qoldig‘ida bo‘lgan korxonalarning bugungi kunda faoliyati ancha susayib ketganini aytdi bank xodimi. “Avvallari katta-katta summalarni konvertatsiya qilardi, xatto muammo chiqsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Milliy bank raisiga telefon qilardi. Umuman faoliyatida muammolar kuzatilmas edi. Hozir bilmadim nimalar bo‘layotganini”, dedi Milliy Bank Sergeli filiali xodimi.

“Fayz” xoldingining “O‘zsanoatqurilishbank” bilan ham kreditlarga doir muammolari borligini mazkur bankning kredit inpektori Ozodlikka tasdiqladi.

“Katta summadagi kreditlari bor, biz restrukturizatsiya qilib berganmiz. Hali muddati tugashiga ancha bor. Ammo kreditni to‘lashlarida jiddiy muamolar mavjud”, dedi bank inspektori.

“Fayz” xolding kompaniyasi bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Kompaniya saytida ham o‘rganayotganimiz voqea va kompaniya muammolariga ishora qiluvchi ma‘lumot mavjud emas.

Ma‘lumotlarga qaraganda, Mukarram Azimova “Fayz” xolding kompaniyasini 1991 yildan beri boshqarib keladi. Azimova oliy ma‘lumot to‘g‘risidagi 3 diplom sohibi. U filolog (ingliz filologiyasi), huquqshunos va iqtisodchidir.

Uning boshqaruvidagi kompaniya O‘zbekistonda mebelь ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eng yirik shirkat hisoblanadi.

Kompaniya saytiga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona yangi imorati aynan “Fayz” mebellari bilan jihozlangan.

“O‘zmetronom”ning yozishicha, Toshkentdagi Forumlar saroyini ham shu kompaniya jihozlagan.

Forumlar saroyi qurilishida sobiq Zeromaks shirkati asosiy pudratchi bo‘lgan, qurilish ishlarini Germaniya shirkati amalga oshirgan. Bu ob‘ekt qurilishiga davlatdan millionlab dollar mablag‘ ajratilgan. Lekin Forumlar saroyi topshirilishi arafasida Zeromaks shirkati faoliyati to‘xtatilgani bois nemis shirkatidan 130 million yevro miqdoridagi qarz uzilmay qolgan.
XS
SM
MD
LG