Линклар

O‘zbekistonda yaratilayotgan qo‘shiqlarning Turkiya¸ Eron va Ozorbayjon san‘atkorlaridan o‘g‘irlanayotgani haqidagi iddaolar urchigan paytda klip g‘oyasini xorij mobil shirkati reklamasidan o‘margan kinochi haqida gap-so‘z chiqdi.

O‘zbekistonda Umidaxon nomi bilan tanilgan yosh ashulachi ijrosidagi "Kel, yarashaylik" qo‘shig‘i klip tarzida suratga olinib taqdim qilindi.

Taqdimotda klip g‘oyasi va matni Eldor degan “ijodkor”ga tegishli ekanligi alohida ta‘kidlanadi.

Klipni Sarvar Karimov rejissyor sifatida suratga olgan¸ musiqani esa Jasur Badalboyev bastalagan.

Umidaxon ijrosidagi bu klip sevishgan ikki yoshning arazlashgani va yarashgani haqida. Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanidagi g‘oya.

Bu klip o‘ziga mengzar boshqa o‘nlab kliplar singari bir ikki aylantirilgach unutilishi mumkin edi.

Ammo ayni klip g‘oyasining Vodafone telefon shirkati reklamasidan o‘g‘irlangani borasida iddaolar o‘rtaga chiqdi.

Bu iddaoga ko‘ra¸ klip g‘oyasi Eldorga emas balki vodafone telefon shirkatiga tegishlidir.

Sarvar Karimov boshchiligidagi klip suratga oladigan ijodiy guruhni plagiatlikda ayblashdan oldin biz "Kel, yarashaylik” klipi va Vodafone telefon shirkatiga oid reklama roligini tomosha qildik.

Har ikkala rolikda arazlashgan qiz va yigit qo‘llaridagi aqlli telefon (smartfon) vositasida olingan suratlarni bir-birlariga uzatib, bir-birini masxara qilishadi.

Masalan, Vodafone reklama roligi qaxramoni sigirni suratga olib o‘z sevgilisiga “bu sensan” degan yozuvni ilova qilib jo‘natadi.


"Kel, yarashaylik" klipida asosiy qahramanlardan birini o‘ynagan Adiz Rajabov ham aynan Vodafone reklama roligi qaxramoni kabi sigirni (boshqa uy hayvonini emas) suratga olib o‘z sevgilisiga jo‘natadi.

Shu tariqa o‘zbek klipining oshiqi beqaror qaxramoni vodafone reklama roligidagi barcha hatti harakatlarga taqlid qilib chiqadi.

Vodafone reklama roligi qahramoni finalda stol ustidagi qalamu o‘chirg‘ichlar vositasida “sorry” (o‘zbekcha kechir-tahr.) degan kalimani yozib¸ suratga olib sevgilisiga jo‘natadi.

Rolikning o‘zbek egizi qahramoni esa stol ustidagi ashqol dashqol vositasida “kechir” degan kalimani yozib sevgan qiziga jo‘natadi.

Oxirida biz ham "happy end" deb yozishdan oldin Vodafone reklama roligining “Kel, yarashaylik" klipidan 2 yil oldin suratga olinganini aytib qo‘yishimiz lozim.

Bu holat vaziyatni Vodafone foydasiga o‘zgartiradi.


O‘zbekistonlik kinochi klip g‘oyasini kimdan o‘g‘irladi?


Bu asarlarning bir-biriga egiz qo‘ziday o‘xshagani ko‘rinib turgan bo‘lsa ham xulosa chiqarishga shoshmadik.

Bu ikkala klipni taniqli blogger Nasriddin Xo‘jayev e‘tiboriga havola qildik.
Nasriddin Xo‘jayevning bu boradagi fikri uzil kesil bo‘ldi.

- G‘irt kopiyaku bu. Plagiatlik ham evi bilanda¸- dedi Nasriddin Ho‘jayev Ozodlik bilan suhbatda.



Suhbat asnosida Ho‘jayev O‘zbekistonda g‘oya kamyobligi va o‘g‘irlikdan uyalmaslik kabi illatlar urchigan yopiq muhitni tahlil qildi.

Kliplarni Moskvada ijod qiladigan o‘zbek kinochisi¸ “Charli” studiyasi sohibi 43 yashar Xudoybergan Yusupovga ham ko‘rsatdik.

Xudoybergan Yusupov masalaga mulohazali yondashdi:

- Bir qarashda g‘oya o‘g‘irlangan, deyish mumkin. Ammo reklama roligi g‘oyasini olib ijodiy rivojlantirgan deyish ham mumkin. Ijodiy o‘zlashtirish degani¸ bu hali plagiatlik emas¸ deydi “Charli” studiyasi sohibi Xudoybergan Yusupov.



Suhbatdosh klipda suratga tushgan akter Adiz Rajabovning mahoratiga yaxshi baho berishini ham ta‘kidladi.

Toshkentlik taniqli klipmeyker ismi aytilmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirib¸ klipning Vodafone roligidan bezbetlarcha o‘g‘irlab olinganini ta‘kidladi.

Suhbatdoshga ko‘ra, vizual obraz yaratishga eringan klipmeykerlar hech ikkilanmasdan Inernetdan g‘oya o‘g‘irlashadi.

- Endi bu plagiatlik ham kundalik xodisaga aylandi. Klipmeykerda g‘oya bo‘lmasa nima qilsin¸ deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG