Линклар

logo-print
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi “Qo‘shrabot” fermerlar shirkati raisi Ismat Shodmonov o‘z joniga qasd qildi. Ozodlik manbalarining xabariga ko‘ra, u yig‘ilishda tuman hokimi tomonidan xo‘rlanib, kaltaklanganidan so‘ng uyiga kelib o‘zini osgan.

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi “Qo‘shrabot” fermerlar shirkatining raisi Ismat Shodmonov iyul oyi so‘nggi kunlarining birida o‘z joniga qasd qilgan.

Bu haqda xabar bergan Uznyus.net Internet saytining fermerlarning gapiga tayanib yozishicha, Qo‘shrabot tumani hokimi Olimjon Alixo‘jayev g‘alla o‘rimi mavsumi davomida har kuni majlis o‘tkazib, rejani bajarolmayotgan fermerlarni hammaning oldida haqoratlab, kaltaklagan:

“Ismat Shodmonov hokimdan haqoratlar eshitganidan so‘ng, yigirma kunlar atrofida yig‘ilishlarga qatnashmagan. Keyin uni militsiya ushlab majlisga olib kelgan. O‘sha yerda tuman hokimi uni qattiq kaltaklagan. Shu kuni kechqurun uyiga qaytgach, fermer o‘zini osgan”, deb yozadi Uznyus.net sayti.

Ismi sir qolishini so‘ragan qo‘shrabotlik o‘qituvchilardan biri ham fermerlar shirkati raisi Ismat Shodmonov o‘zini osganligini tasdiqladi:

- O‘zi ham fermer ekan. Hokimiyatdagi yig‘ilishda planni bajarmagansan deb hokim uni haqorat qilib, kaltaklagan ekan. Agar planni bajarmasang qamatib yuboraman deb qo‘rqitgan ekan. Shundan keyin o‘zini osib yuboribdi,- dedi o‘qituvchi.

Qo‘shrabot tumani hokimining yordamchisi Ozodlik bilan suhbatda, Ismat Shodmonovning o‘lganligini tasdiqladi, biroq mulozim, uning o‘zini osganini rad qildi:

- Hokim hech kimni majlisda urgani ham, so‘kkani ham yo‘q. U o‘zi kasal bo‘lgan, aroq ichgan, shundan yo‘q bo‘lgan,- dedi hokim yordamchisi.

Qo‘shrabot tumani prokuraturasi Ozodlik bilan suhbatda, Ismat Shodmonovning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochilganini na tasdiqladi, na rad qildi.

O‘zbekistonda fermerlar va qishloq xo‘jaligi xodimlarining mahalliy hokimlar tomonidan kaltaklanishi holatlari ko‘p kuzatiladi.

Joriy yilning aprel oyida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak hurujidan vafot etgan edi.

Oradan bir oy o‘tmasdan, Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Ergashev 19 aprel kuni Kosonsoy tumanining Bo‘ston qishlog‘ida o‘tkazgan yig‘ilishida fermerlarni va tuman yer resurslari kadastr bo‘limi mutaxassisini kaltaklagan edi.

2012 yilda Jizzax viloyati, Zarbdor tumani hokimi metallolom yig‘ish bo‘yicha vazifani bajarishga va‘da bera olmagan tuman Xalq ta‘limi bo‘limi mudirini kaltaklagan.

2011 yilning avgust oyida Jizzax viloyat Zarbdor tuman prokurori Dadajon Mubiyev Bo‘ston g‘isht zavodi direktori Bronislav Tagayni do‘pposlagani uchun ishdan bo‘shatilgan edi.

2010 yilda qiziriqlik fermerlar paxta rejasini bajarolmayotganligi uchun prokurordan kaltak yegan edi.
XS
SM
MD
LG