Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:33

“UzGazOyl” kasal deb, 47 kishini ishdan bo‘shatmoqda


Ko‘plar “UzGazOyl” shirkatida ishlashni orzu qiladi.
Ko‘plar “UzGazOyl” shirkatida ishlashni orzu qiladi.
“UzGazOyl” shirkatida maxsus tibbiy ko‘riklar o‘tkazilib, o‘nlab AyoQShlardagi servis xodimlari ishdan bo‘shatilib¸ ularning o‘rniga pora evaziga boshqa ishchilar yollanayotgani iddao qilinmoqda.

Shirkat rahbariyatining ishchilarni asossiz bo‘shatayotgani haqidagi bu iddaoni “UzGazOyl” boshqaruviga yaqin shaxs, Ozodlik radiosi bilan suhbatda, ismini aytilmaslik sharti bilan gapirdi:

- “UzGazOyl”ning 47 xodimi dushanba kuni ishdan bo‘shatildi. Ular asosan servis xodimlaridir. Ularni ataylab tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, kasalsan deb ishdan bo‘shatishdi. Tibbiy ko‘rik vrachlari mustaqil emas. Ular rahbarlar nima desa shuni qilishyapti. Bundan bir necha kun oldin bu 47 nafar xodim kadrlar bo‘limiga chaqirilib, qo‘pol muomala qilindi. Hayit arafasida shuncha ishchi ishsiz qolyapti. Ular nohaq ishdan bo‘shatilgan. Ularning bo‘shab qolgan o‘rnini kadrlar bo‘limi sotmoqda,- deya iddao qildi “UzGazOyl” boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda.

Ozodlik muxbiri “UzGazOyl”dan ishdan bo‘shatilgan 30 yashar toshkentlik yigit bilan ham suhbatlashdi.

“UzGazOyl” benzin quyish shoxobchalaridan birida ishlagan va salomatligi yomon¸ deya ishdan bo‘shatilgan bu yigit o‘z ism-sharifi va manzilini aniq aytgan holda Ozodlikka ishdan bo‘shatish tafsilotlarini gapirib berdi.

Bu yigitning xavfsizligini o‘ylagan holda, Ozodlik uning ismini ochiqlamaslikka qaror qildi.

“UzGazOyl”dan ishdan bo‘shatilgan ishchi hikoyasi


Shu kunlarda ishsiz yurgan yigit “UzGazOyl” kadrlar bo‘limi yuritayotgan “ish o‘rni sotish” tijoratining qurboni ekanligini da‘vo qiladi:

- Meni "sariq kasalsan, boshqalarga yuqadi" deb ishdan bo‘shatishdi. “UzGazOyl”dagi kadrlar bo‘limining kattasi Farrux Isroilov degan odam medosmotr tashkil qilib, meni va yana o‘nlab odamlarni kasalga chiqardi. Keyin majburlab "o‘z ixtiyorim bilan bo‘shayman" deb yoz¸ bo‘lmasa¸ "statьya qo‘yib bo‘shatamiz" deb ariza olishdi. Hozir ishsiz o‘tiribman¸- deydi suhbatdosh.

“UzGazOyl”dan ishdan bo‘shatilgan ishchi o‘z uyi yaqinidagi kasalxonaga borib o‘zini tekshirtirganida¸ doktorlar undan gepatit alomatlarini topishmaganini ham aytmoqda.

Suhbatdoshimiz “UzGazOyl” shirkatining mustaqil doktorlar fikrini inobatga olmaganidan nolidi:

- Men uyimiz yonidagi doktorga borib ko‘rindim. Ular menda sariq topishmadi. O‘zi semizlarda bo‘ladigan muammo bor¸ bu muammo bilan bemalol ishlayverishingiz mumkin deb qog‘oz berishdi. Ammo bu qog‘ozni “UzGazOyl” inobatga olmayapti. Hozir tushkunlikka tushib qoldim. Kadrlar bo‘limining kattasi Farrux Isroilov "Men SNBdan chiqqanman. Hech kimdan qo‘rqmayman. Bor kimga arz qilsang qilaver" deya menga qo‘pol muomala qildi¸- deydi suhbatdosh.

Suhbatdosh keyingi bir oy ichida “UzGazOyl” ishchilaridan ikki nafari rahbarga gap qaytargani uchun kaltaklanganini aytadi.

Ulardan biri Internetdagi “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida “UzGazOyl” rahbarini tanqid qilgani uchun shirkat tansoqchilari tarafidan ofisga chaqirtirilib, kaltaklangani iddao qildi u.

Poraxo‘rlik iddaolari yoki “ish o‘rni sotish” tijorati


“UzGazOyl” shirkatini yaqindan bilgan toshkentlik 35 yashar muhandisning ismi sir saqlanish sharti bilan Ozodlikka bildirishicha, keyingi paytlarda bu shirkatda pora evaziga ishchi olish tizim holiga kelgan.

Toshkentdagi “UzGazOyl” benzin quyish shoxobchalaridan birining o‘zini Azamat deb tanishtirgan yigit ham, eskidan ishlab kelgan ishchilar bo‘shatilib, o‘rniga pora evaziga yangi ishchilar olinayotganligini tasdiqlagan edi.

“UzGazOyl”dan ishdan bo‘shatilgan ishchining Ozodlikka aytishicha¸ shirkatda “pora evaziga ishga joylash” amaliyoti urchigan:

- Men o‘zim 1000 dollar pora berib¸ servisga benzin quyuvchi bo‘lib ishga kirganman. Operator bo‘lib kirmoqchi edim¸ pulim yetmadi. Operatorlik uchun 4000 dollar so‘rashdi. Xullas, servisda ishlab yuruvdim. Tomsuvoqqa baza qurdirishgan bo‘lsa ham oylik yaxshi edi¸ ammo bir yilda tepildim. O‘rnimga boshqa odamni pora evaziga olishdi. Men noroziman bunday ahvoldan¸- deydi ishdan bo‘shatilgan ishchi Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdosh “UzGazOyl” shirkatida respublikadagi mehnat haqidagi qonun shartlari buzilib, ishchilar huquqlari poymol qilinayotgani borasida bir necha bor prokuraturaga qilingan shikoyatlar besamar qolganidan afsus bildirdi.

“UzGazOyl” boshqaruviga yaqin shaxsning Ozodlik bilan suhbatda aniqlik kiritishicha¸ “UzGazOyl” ishchilari O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ariza berganlaridan keyin prokuratura shirkatda taftish o‘tkazgan. Ana shundan keyin ishchilar bilan shartnoma yangilangan va tilxatlar yozdirilgan.

Biz suhbatdoshlar iddaolarini o‘rganish uchun “UzGazOyl” shirkati bilan bog‘landik.

“UzGazOyl”ning o‘zini tanishtirmagan huquqshunosiga ko‘ra, ishdan bo‘shatilganlarning shikoyatlari o‘rinsiz:

- Vrach tekshirganida kasal bo‘lib chiqadi. Biz ishdan bo‘shatganda tibbiy ko‘rik xulosasiga asoslanamiz. Benzinda ishlagandan keyin bir xillar kasal bo‘ladiku. Masalan, teriga benzin allergiya bersa, u ishlay olmaydiku bizning sohada. Lekin darrov ishdan bo‘shatmaymiz. Davolaymiz. Mabodo davolanmaydigan dardga chalingan bo‘lsa, keyin bo‘shatish masalasi qo‘yiladi,- deydi huquqshunos.

Suhbatdosh “UzGazOyl” shirkatida qirqdan oshiq ishchining tibbiy ko‘rikdan o‘ta olmagani bois bo‘shatish masalasi yuzaga chiqqanini tasdiqladi.


“UzGazOyl” haqida


2010 yilgacha “UzGazOyl” Shveytsariyada ro‘yxatga olinib, faoliyatini O‘zbekistonda olib borgan “Zeromaks” shirkati tarkibiga kirar edi.

2010 yilda “UzGazOyl” asosan neft, gaz va oltin qazib olish, qishloq xo‘jaligi va tekstil sanoati bilan shug‘ullangan “Zeromaks” tarkibidan chiqarilib davlat korxonasiga aylantirildi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, “UzGazOyl” davlat tasarrufiga o‘tganidan keyin shirkatda korruptsiya alomatlari ko‘paygan.
XS
SM
MD
LG