Линклар

logo-print
O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri va viloyat ma‘muriy markazlarida sarg‘ayib qolgan ignabargli daraxtlar kesilmoqda. Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistondagi mahalliy iqlim sharoitiga mos kelmaydigan bunday daraxtlar yoz issig‘iga dosh berolmay qurib qolyapti.

Toshkentda yuz yillik chinorlar o‘rniga ekilgan va ko‘p o‘tmay sarg‘ayib ketgan bu archalarni qirg‘in qilishdan oldin ularni ko‘k-yashil rangli aerozol bo‘yoqlar bilan bo‘yab ham ko‘rishdi.

Iyun oyida har bir daraxtni bo‘yash uchun olti ballon rang ishlatildi.

Daraxtlardagi ranglar o‘chib, yana avvalgi sariq xoliga qaytar ekan endi shahar hokimiyati ularni kesib tashlashga qaror qilgan, aftidan.

O‘zbekistonlik taniqli ekojurnalist Natalya Shulepina o‘zining Sreda.uz blogida yozishicha, Toshkentning Anxor bo‘yidagi va Oliy majlis Senati oldidagi o‘nlab sarg‘aygan archalar yoppasiga kesilmoqda.

"Anxor sohili kesilgan, ignabarglari sarg‘ayib ketgan archalarga to‘lib ketgan. Bu daraxtlarni to‘nkasidagi xalqalaridan o‘n yillik archa deyish mumkin, hozirga qadar o‘nlab daraxt kesib tashlandi va kesishlar shu bilan to‘xtamaydigan ko‘rinadi", deb yozdi Shyulepina.

Chunki, mahalliy iqlim sharoitiga mos kelmaydigan bunday daraxtlar yoz issig‘iga dosh berolmayapti. Ayniqsa, bu yil yoz O‘zbekistonda juda issiq keldi.

Bir necha kun avval poytaxt Toshkentda havo xarorati 44 darajagacha yuqoriladi.

Ekojurnalist Natalya Shyulepinaning ta‘kidicha, archalarni sarg‘ayishiga nafaqat issiq havo, balki archa qurti huruji ham sabab bo‘lmoqda.

"O‘zbekistonda bunaqa qurt ilgari bo‘lmagan va shu sabab mahalliy sharoitda bu zararkunandalarga qarshi kurash choralari ham o‘rganilmagan. Aftidan bu qurt O‘zbekistonga archa nihollari bilan birga kelib qolgan bo‘lishi mumkin", deb yozadi Natalya Shulepina.

Hozirda O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham archalar shu qurtlar hujumiga uchragan.

Shyulepinaning yozishicha, sarg‘aygan daraxtlar Buxoroda ham kesilmoqda.

"Ularni kesib, olib ketishyapti. Aslida ularni joyida yoqib yuborish kerak. Chunki, ularni kesib traktor kuzuviga ortguningizcha shamol qurtlarni uchirib ketadi. Agar shu yerdan ariq oqayotgan bo‘lsa qurt suv orqali boshqa joyga tarqalishlari mumkin", deb yozadi ekojurnalist.

2010 yida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Qoraqalpog‘istonga borganida sakura daraxti ekishni maslahat bergan va Nukus shahriga yuzlab shunday daraxtlar ko‘chati ekilgan edi.

Toshkentda o‘tgan yillar davomida obodonlashtirish hukumat dasturi doirasida yuzlab ko‘pyillik chinorlar kesildi, ularning o‘rniga archa daraxtlari ekildi.

O‘zbekistonda soya beradigan chinor va boshqa daraxtlarning kesilib, o‘rniga archa daraxtlari ekilishi ko‘pchilik atrof-muhit himoyachilari noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Toshkentda manzarali daraxtlar yetishtiradigan xususiy firmalardan birining mutaxassisiga ko‘ra, O‘zbekiston iqlimiga archadan ko‘ra boshqa manzarali daraxtlar ko‘proq mos keladi:

- Archani ham o‘tqazish mumkin, faqat urug‘idan o‘zimizda ko‘kartirilgan archalarni. Chetdan keltirilganning issiq iqlimga moslasholmay ko‘karishi qiyin bo‘layapti. Bizda kashtan, titan, dub, yashin kabi daraxtlar yaxshi ko‘karadi,- dedi ismi sir qolishini mutaxassis.

Soya beradigan chinor va boshqa daraxtlarning kesilib, o‘rniga archa daraxtlari ekilishi Toshkentda va O‘zbekistonning bir qator viloyatlarida ham kuzatildi.

2009 yilning noyabr oyida Toshkentning "eng keksa fuqarolari" – Amir Temur xiyobonidagi yoshi 100 dan ortgan daraxtlar kesib tashlandi. Bir asrdan ziyod vaqt davomida qadimiy shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib kelgan, shahar markazi iqlimini mo‘‘tadillashtirib turgan xiyobonga archalar ekildi.

2010 yilning yanvarida Samarqand shahri ko‘chalari va shahar parkidagi chinorlar kesildi.

2010 yilning avgustida Chirchiq shahri markazidagi yuzdan ortiq daraxtlar kesildi. Sanoat shahri bo‘lgan Chirchiqda toza havoga katta ehtiyoj sezayotgan shaharliklardan ayrimlari Ozodlikka bu qarordan noroziliklarini bildirdi.

2011 yilning mayida Toshkent shahrining Do‘mbirobod mahallasidagi qabristonda ko‘p yillik chinorlar kesildi.

2011 yilning yozida Toshkentning "Paxtakor" metrosi va o‘yingohi atrofidagi o‘rmon deyishga arzirlik daraxtzor chopib tashlandi.

Shuningdek, Namangan, Andijonda ham shaharga soya-salqin tashlab turgan juda ko‘p manzarali daraxtlar kesib tashlandi.
XS
SM
MD
LG