Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:53

“Qora bozor”da AQSh dollari tushib ketdi


O‘zbekistondagi valyuta "qora bozor"larida AQSh dollarining qiymati o‘zbek so‘miga nisbatan keskin tushib ketdi. Sarroflar buning sababini GM-Uzbekistan tizimidagi avtosalonlarning avtomobillar xaridi uchun fuqarolardan so‘m qabul qila boshlagani bilan izohlashmoqda.

Joriy yilning 6 avgustidan boshlab, O‘zbekiston “qora bozori”da AQSh dollarining milliy valyutaga nisbatan qiymati pasayib ketdi.

Sarroflar 1 AQSh dollarini ayni paytda 2690-2710 so‘mgacha xarid qilishmoqda. Toshkentning Oloy, Qo‘yliq, O‘rikzor va Farhod bozorlari hududida joylashgan valyuta ayirboshlar "qora bozor"larida 1 AQSh dollari ana shu narxlarda sotib olinib, 2730-2740 so‘mdan sotilmoqda.

Holbuki, o‘tgan haftada AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 2850 so‘mgacha ko‘tarilgan edi.

Sarroflar mazkur holatni GM-Uzbekiston tizimidagi avtosalonlarning fuqarolardan avtomobillar xaridi uchun o‘zbek so‘mi qabul qila boshlagani bilan bog‘lamoqda. Ularning ta‘kidicha, avtosalonlar milliy valyutada mablag‘larni qabul qilarkan, aholida yirik miqdordagi so‘mga ehtiyoj paydo bo‘ldi va bu hol xorijiy valyutalarning qiymatiga jiddiy ta‘sir ko‘rsatdi.

Poytaxtning Oloy bozori hududida sarroflik bilan shug‘ullanuvchi Salim Boboyevning aytishicha, “qora bozor”dagi bunday vaziyat vaqtincha:

- Buning hammasi muvaqqat narsalar. AQSh valyutasi avtosalonlar yopilishi bilan yana qaddini tiklaydi. GM-Uzbekistan shirkatining esa xaridorlar uchun doimiy savdo xizmatini tashkil etish imkoniyati mavjud emas. Boz ustiga, yaqinda Haj mavsumi boshlanadi va yana valyutaga ehtiyoj ortadi” deydi sarrof Salim Boboyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xorijiy valyutalarni so‘mga nisbatan ayriboshlashning qonuniy imkoniyatlari kam. Shuningdek, “qora bozor” faoliyatiga ham rasman taqiq qo‘yilgan.

O‘zbekistonda 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga naqd xorijiy valyuta ayirboshlash taqiqlangan. O‘zbekiston rezidentlari valyuta almashtirishni faqat banklar orqali naqd bo‘lmagan holda amalga oshirishlari kerak.

Naqd valyuta almashmasligi xabari O‘zbekistondagi “qora bozorlar”ni junbushga keltirgan edi .

O‘zbekiston Markaziy banki ma‘lumotiga ko‘ra, 8 avgust kuni bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 2114.99 so‘mni tashkil qildi.
XS
SM
MD
LG