Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:32

"Drujba Burger" rahbarlari 15 sutka o‘tirib chiqdi


Toshkentdagi "Drujba Burger" tarmoq kafelarining 5 nafar rahbari 15 sutkalik qamoq jazosini o‘tab chiqdi. Sud qaroriga ko‘ra, ular "Drujba Burger"ni tekshirish uchun kelgan soliqchi va militsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatganlik va bo‘ysunmaganlikda ayblangan.

Ozodlikka 8 avgust kuni ma‘lum bo‘lishicha, Toshkentda fastfud taomlari bilan tanilgan "Drujba Burger" tarmoq kafelarining besh nafar rahbari joriy yilning 6 iyun kuni hibsga olingan.

O‘sha kuni "Drujba Burger" tarmoq kafelarining rahbari Dilshoda Muxtarova va uning qizi Dildora Muxtarova, o‘g‘li Muzaffar Muxtarov, tarmoq bosh hisobchisi Nafisa Jalilova va uning jiyani Xurshida Xo‘jayevalar sud hukmiga ko‘ra ma‘muriy huquqbuzar, deb topilgan.

Bu haqda Ozodlikka taqdim qilingan Toshkent shahri Shayxontohur tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 6 iyun kungi qarorida qayd qilingan.

Sud qaroriga ko‘ra, "Drujba Burger" tarmoqlarida o‘tkazilgan reyd Ozodlik avval xabar qilganidek, 20 iyun kuni emas, balki 6 iyunda bo‘lgan.

Mahkama qarorida aytilishicha, reyd o‘tkazilgan kuni "Drujba Burger" rahbari 62 yoshli Dilshoda Muxtarova va uning farzandlari hamda ishchilari reyd xodimlariga firma hujjatlarini taqdim qilishdan bo‘yin tovlab, militsiya xodimlariga bo‘ysunmasdan, ularga qarshilik qilgan.

Sud qarorida yana yozilishicha, o‘sha kuni "Drujba Burger"ning Shayxontohur tumanidagi bosh ofisida xodimlar janjal ko‘targach, militsiya bo‘limidan qo‘shimcha kuch chaqirilgan.

Ozodlik muxbiri bilan WhatsApp orqali muloqotda bo‘lgan va o‘z shaxsini ochiqlashni istamagan "Drujba Burger" xodimlaridan biriga ko‘ra, sud o‘sha kuni yarim tunda o‘tkazilgan.

“Dilshoda opa ularga qarshilik qilib, chiqib ketishlarini talab qilib, asabiylashdi. Boshqalar ham uning yoniga turib oldi. Lekin hech kim reyd xodimlariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lmadi. Keyin barcha ishchilarni avtobusga bosib, tuman IIBga olib ketishdi. Militsiyada suhbatlashgandan so‘ng besh kishini olib qolib, boshqalarni qo‘yib yuborishdi. O‘sha besh kishini tungi soat 3 yarimlarda Shayxontohur tuman sudiga olib borib, hammasiga 15 sutkalik qamoq berishdi”, deydi o‘zini ochiqlamaslikni so‘ragan "Drujba Burger" xodimi.

Sudьya T.Sh. Tursunov raisligida o‘tgan mahkamada "Drujba Burger"ning besh nafar xodimi "Ma‘muriy javbgarlik to‘g‘risida"gi kodeksning 183-modda (Mayda bezorilik), 194-modda (Militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-modda (Militsiya xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) bo‘yicha aybdor, deb topilgan.

Sud besh kishiga 15 sutkalik qamoq jazosi tayinlashdan tashqari ularning har biriga “Eng kam ish haqining bir barobari ya‘ni 79 590 so‘m miqdorida jarima" solgan.

Ozodlik bilan WhatsApp orqali suhbatlashgan "Drujba Burger" xodimiga ko‘ra, sud qarorida keltirilganidek, 42 yoshli Nafisa Jalilova ushbu firmaning bosh hisobchisi emas.

“Bu ayolning umuman "Drujba Burger"ga aloqasi bo‘lmagan, sud nohaqdan bu ayolni jazoladi”, deydi suhbatdosh.

Uning aytishicha, "Drujba Burger" rahbari Dilshoda Muxtarova Shayxontohur tuman sudi qarori ustidan Toshkent shahar sudi va O‘zbekiston Oliy sudiga murojaat qilgan. Lekin ushbu mahkamalar Muxtarovaning shikoyatini qanoatlantirmagan.

Shuningdek, ushbu manbaga ko‘ra, "Drujba Burger" rahbariyati soliq bilan bog‘liq jinoyatlarda gumonlanmoqda va hozirda tekshiruv ishlari davom etayapti.

Toshkentdan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, “Drujba Burger" tarmog‘ining o‘nga yaqin kafelariga bir paytning o‘zida reyd uyushtirilganidan so‘ng, tarmoq kafelarining barchasi hozirga qadar qulf osilgan holatda qolayapti.
XS
SM
MD
LG