Линклар

AQSh xalqaro savdo qo'mitasi Janubiy Koreyaning Samsung shirkati ishlab chiqaradigan qator tovarlar importiga taqiq qo'ydi.

Bunga Apple shirkatining Samsung'ga bo'lgan e'tirozlari sabab bo'ldi. Apple da'vosiga ko'ra, Janubiy Koreya shirkati unga tegishli oltita patent huquqini poymol etgan.

AQSh xalqaro savdo qo'mitasi Apple'ning ikkita patent bo'yicha da'vosini qoniqtirdi.

Taqiq ostiga Galaxy S 4G, Galaxy tab va Galaxy Tab 10.1 mobil uskunalari tushgani aytilmoqda.

Qo'mitaning qarori 60 kundan so'ng kuchga kirishi kerak. Biroq ungacha mamlakat prezidenti Barak Obama ma'muriyati mazkur qarorni bekor qilish huquqiga ega.

Eslatamiz, o'tgan hafta Obama ma'muriyati AQSh savdo qo'mitasining Apple shirkati ishlab chiqargan iPhone va iPad qurilmalarining eski modellarini savdodan olish qarorini bekor qilgan edi.

Oq Uy qo'mitaning taqiqlovchi qarori mamlakat iqtisodidagi raqobat muhitiga salbiy ta'sir o'tkazishi hamda iste'molchilar huquqini poymol etishini aytgan edi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Samsung shirkatiga tegishli qurilmalar importini taqiqlash qarori ham Obama ma'muriyati tarafidan bekor etilishi mumkin.

Smartfon va planshetlar ishlab chiqarish bo'yicha dunyodagi ikki yetakchi shirkat hisoblanmish Apple va Samsung o'rtasidagi "patentlar jangi" 2010 yilda boshlangan.
Shirkatlar bir-birlarini patentlangan texnologiyalarni o'girlashda ayblab keladi.

2012 yilda AQSh sudi Samsung shirkatini Apple'ga tegishli besh patentni buzganlikda aybdor deb topib, 1,05 milliard AQSh dollariga jarimaga tortgan edi.

2013 yilda mazkur jarima qariyb ikki barobarga qisqartirilgan.
XS
SM
MD
LG