Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:08

O‘zbekiston avtomobil bozorini kimlar nazorat qiladi?


O‘zbekiston jahondagi avtomobil ishlab chiqaruvchi 28 davlatning biri bo‘laturib, o‘zbekistonliklar avtomobil sotib olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Avtosalonlarda yangi mashina olmoqchi bo‘lgan haridorlar shartnoma imzolash uchun oylab, ba‘zida yillab navbat kutib qolishyapti. Nimaga bundayligini esa hech bilmaydi.

O‘zbekistonlik mashina sotib olishda qiyinchiliklarga uchrayotgani sababini tahlil qilgan Uzmetronom.com Internet nashriga ko‘ra, O‘zbekistonda mahalliy avtomobillar sotuvining sxemasi mavjud va bu maxsus guruhlarning keskin nazorati ostidadir.

Bu valyuta almashtirish shoxobchalarida yaqin-yaqinlargacha mavjud bo‘lib kelgan sxemaga juda o‘xshab ketadi.

Bu sxemaning asosiy tarkibiy qismini navbatni nazorat qiluvchi maxsus odamlar tashkil qiladi.

Uzmetronomning yozishicha, bunday maxsus qo‘yilgan odamlar O‘zbekistonda avtosalon eshigi oldida yangi mashina shartnomasi uchun navbat kutib turgan olomonning yetmish foizini tashkil etishi mumkin.

Ularning vazifasi, yangi mashina xarid qilish uchun mavjud barcha shartnomalarni qo‘lga kiritib, potentsial mashina xaridorlarining salon eshigidan o‘tib ketishi, yangi mashina shartnomasini imzolashiga yo‘l qo‘ymaslik.

Bu O‘zbekistondagi valyuta almashtirish shoxobchalari oldida tasodifiy shaxslarni kassaga yo‘latmaslik uchun qo‘yilgan maxsus ayollar guruhini eslatadi.

Avtosalonlarda mashina sotib olish tartibi shunday yo‘lga qo‘yilganki, u yerdan istagan shaxs ko‘ngliga yoqqan mashinani shu yerning o‘zida sotib olib ketishi mumkin emas.

Mashina xarid qilish uchun haridor avvalo salon bilan shartnoma tuzadi. Bunga esa uzoq navbatga turish orqali erishiladi. Navbati kelgan xaridor shartnomani imzolab, mashina narxining 85 foizini oldidan to‘laganidan keyin ham, kamida bir yil kutishiga to‘g‘ri keladi.

Uzmetronomning yozishicha, yangi mashina shartnomalari bir yil kutib o‘tirishni istamaganlarga yaxshigina narxga pullanishi mumkin.

Masalan, Nexia mashinasiga tuzilgan shartnoma narxi 2-2,5 ming AQSh dollari atrofida bo‘ladi.

Xalq orasida “shapka” deb ataladigan bu pulni to‘lab xaridor navbatdagilar ro‘yhatining yuqori pog‘onasiga chiqadi va mashinani bir necha haftada olish imkoniga ega bo‘ladi.

Shapkadan tushgan foydani shu sxema ustida turganlar oladi. Navbatda turgan maxsus odamlarga har bir shartnoma uchun o‘rtacha 100 AQSh dollari miqdorida haq belgilangan.

Mashina olaman deb shartnomaga navbatda turgan odamlarning yana bir tofiasi yaratilgan sun‘iy defitsitdan foydalanib, o‘zlaricha foyda qilaman deganlar tashkil qiladi. Navbatda turganlarning juda oz qismi chindan ham mashinaga muxtoj odamlardir.

Biroq ularning mashina shartnomasiga navbati yetishi juda qiyin. Yangi ro‘yhatga yozilish haqida xabar tarqalishi bilan avtosalonlar oldini navbat deb atab bo‘lmaydigan katta olomon egallab oladi. Ularning aksar ko‘pchiligi, Uzmetronomga ko‘ra, maxsus odamlardir.

Ammo, Toshkentdagi o‘z ismini aytmagan avtosalon xodimlaridan biri O‘zbekistonda mahalliy avtomobillar sotuvining bunday sxemasi mavjudligini rad etdi.

- Bunaqa sxema bo‘lishi umuman mumkin emas. Chunki, shartnomaga navbati kelgan odam uni ikkinchi odamga sota olmaydi. Bu imkonsiz. Navbatga yozilganidan boshlab to mashina shartnomasini imzolab, 85 foizini to‘lagunga qadar u yerda shu odamni ismi qayd etiladi. “Uzavtoprom”ga pulni to‘laydi va bir yildan so‘ng shu odamning nomiga mashina keladi. Uni boshqa odamning nomiga sotish huquqi ham yo‘q. Agar haridor mashina tayyor bo‘lganidan so‘ng qolgan 15 foizini to‘lay olmasa ham, boshqa odamning nomiga o‘tkazib bilmaydi, mashina zavodga qaytarib yuboriladi. Mashinani olganidan keyin bir yarim yil ichida uni sotib ham bilmaydi. Oldin olib-sotarchilik ko‘payib ketgani uchun yaqindan shunday tartib yo‘lga qo‘yildi,- dedi o‘z ismini aytmaslik sharti bilan Ozodlik radiosiga gapirgan Toshkentdagi Avtosalon xodimi.

Yangi mashina olaman deb, yillardan buyon navbat kutib yurgan xorazmlik Ilxom aka O‘zbekistonda mashina savdosini manfaatdor guruhlar nazorat qiladi, degan ishonchda.

- Bizda mashinaga talab katta, lekin shuni sun‘iy yetishmovchilik qilib qo‘yishgan. Agar talab katta bo‘lsa narxinni ko‘tarish, o‘tmayotgan bo‘lsa tushirish mumkin. Bizda esa sun‘iy defitsit qilib qo‘yishibdi. Menimcha foyda ko‘rish uchun shunday sun‘iy defitsitni ataylab yaratib qo‘yishgan,- deydi Ilxom aka.

O‘zDEUavto yopiq turdagi hissadorlik jamiyati bazasida 2008 yilda tashkil etilgan GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi yiliga 250 ming avtomobil ishlab chiqaradi. Hozirgi kunda korxona yengil mashinalarning sakkiz turini ishlab chiqaradi.

Hozir zavodda Chevrolet Captiva, Epica, Spark va Malibu mashinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonda chetda ishlab chiqariladigan boshqa rusumdagi mashinalarni olib kiritilishi uchun yirik miqdorda boj to‘lovlari joriy etilgan.

GM Uzbekistan monopoliyasa mamlakatdagi mahalliy haridorlarga chetdan boshqacha mashina olish tanlovini qoldirmagan.
XS
SM
MD
LG