Линклар

logo-print

O‘zbek kinoprodyuseri Rossiyadan siyosiy boshpana so‘radi


Kinoprodyuser Mirsobir Hamidqoriyev Moskva shahar Voykovskiy tumani IIV bo‘linmasida.

Kinoprodyuser Mirsobir Hamidqoriyev Moskva shahar Voykovskiy tumani IIV bo‘linmasida.

O‘zbekistonda diniy ekstremizmda ayblanib, qidiruvga berilgan toshkentlik 36 yashar kinoprodyuser va tadbirkor Mirsobir Hamidqoriyev dushanba kuni Rossiya Federatsiyasidan siyosiy boshpana so‘radi. Hamidqoriyev O‘zbekistonda shov-shuvga sabab bo‘lgan va taqiqlab qo‘yilgan "Nafs" filmiga prodyuserlik qilgan.

Bu haqda uning advokati Illarion Vasilyev Ozodlikka bildirdi.

7 avgust kuni Moskvaning Golovinskaya tumanlararo prokuraturasi Hamidqoriyevni O‘zbekistonga topshirishga asos yo‘qligi bois hibsdan ozod qilganidan keyin o‘zbek kinoprodyuseri o‘z advokatlari orqali Rossiyadan siyosiy boshpana so‘raganligini ma‘lum qildi.

Rossiya politsiyasi Mirsobir Hamidqoriyevni joriy yilning 10 iyul kuni O‘zbekiston so‘roviga binoan hibsga olgan edi.

Moskvadagi "Memorial" inson huquqlari markazi faollari Mirsobir Hamidqoriyevni olib ketish uchun Toshkentdan maxsus kelgan O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmatining ikki nafar xodimini kinoprodyuser o‘tirgan hibsxona va uning ishi ko‘rilgan mahkama binosida ko‘rishgan.

Hamidqoriyevning advokati Ozodlik bilan suhbatda, o‘zlarini O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari deb tanishtirgan ikki shaxs, buni tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishgan.

Bundan tashqari Mirsobir Hamidqoriyev ishi ko‘rilgan mahkama binosi yonida O‘zbekiston maxsus xizmati xodimlari ekani ishonilgan ikki nafar shaxs avtomobildan turib, maxsus kuzatuv olib borgan.

O‘zbekistonda diniy ekstremizmda ayblanib, qidiruvga Mirsobir Hamidqoriyevning advokati Illarion Vasilyev bu “kuzatuvchilarni” shaxsan ko‘rganini Ozodlik bilan suhbatda ma‘lum qildi.

Advokatning Ozodlikka aytishicha, o‘tgan hafta oxiridagi ikki kun ichida Mirsobir Hamidqoriyevning taqdiri qil uchida turgan:

- Hamidqoriyevni ekstraditsiya qilish talabi O‘zbekistondan kelganidan keyin Moskvaning Golovinskaya tumanlararo prokuraturasi bu ishni ko‘rib chiqdi. Jarayon asnosida Hamidqoriyev O‘zbekistonga topshirishga asos yo‘qligi bois hibsdan ozod qilindi. Ammo u darhol Voykovskiy tuman IIB xodimlari tomonidan qayta hibsga olindi. Ularga ko‘ra, go‘yo, Hamidqoriyevning migratsiya hujjatlarida qonunbuzarliklar mavjud. O‘zbekiston xavfsizlik xodimlariga topshirilishidan dahshatga tushgan Hamidqoriyev kecha ikki qo‘lidagi tomirlarni kesgan. Sal keyin politsiya tomonidan "tushunmovchilik" bo‘lgani aytilib, Hamidqoriyev ozod qilindi,- deydi Ozodlik bilan suhbatda Mirsobir Hamidqoriyevning advokati Illarion Vasilyev.


“Nafs”filmi va “Islomiy jihod” ayblovlari


O‘zbekistonda diniy ekstremizmda ayblanib, qidiruvga berilgan toshkentlik 36 yashar kinoprodyuser va tadbirkor Mirsobir Hamidqoriyev Toshkentdagi ziyoli elita orasida san‘at shinvandasi sifatida tanilgan.

Miorsobir Hamidqoriyevni yaqindan bilganlar uning nomozxon bo‘lganini aytishadi.

Mirsobir Hamidqoriyev O‘zbekistonda taqiqlab qo‘yilgan “Nafs” filmiga prodyusserlik qilgan.

O‘zbekiston maxsus xizmat idoralariga ko‘ra¸ Mirsobir Hamidqoriyev o‘z tarafdorlari bilan “Islom jihodchilari” tashkilotini yaratgan.

Mirsobir Hamidqoriyevning advokati Illarion Vasilyev o‘z tasarrufidagi hujjatlarga asoslanib, kinoprodyusser mamlakat hukmdor elitasining “sohibasi” bilan konfliktga tushganini aytadi.

- Hamiodqoriyev O‘zbekistonda hozirda taqiqlangan “Nafs” filmini ishlashda ishtirok etgan. Uning akasi ham hozirda qamoqxonada. O‘zbek xavfszilik xizmati Hamidqoriyev doxil 40 kishini, "ekstremistik tashkilot"ga aloqadorlikda ayblagan. Ayblanganlardan biri ko‘p yil davomida prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan juda yaqin aloqada bo‘lib kelgan. Gulnora Karimova bilan bu aloqa uzilganidan so‘ng, guruh diniy ayblovlar nishonda qolgan. Mirsobirning muammolari 2010 yilda boshlandi. Qurollangan noma‘lum kishilar niqoblarda uning "Mir elektroniki" do‘koniga bostirib kirishadi va u yerdagi narsalarni olib ketishadi. So‘ngra 24-dan 25-dekabrga o‘tar kechasi er-xotin o‘tirgan mashina o‘qqa tutiladi. Ikki soatdan so‘ng Milliy Xavfsizlik xodimlari Mirsobirning akasi Mirazizni hibsga olganlari ma‘lum bo‘ladi. Shu kuni Mirsobir Hamidqoriyev va oilasi O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lishadi,- deydi suhbatdosh.

Illarion Vasilyevning Ozodlikka aytishicha¸ Hamidqoriyev Toshkentdagi 1,5 million dollarlik mol-mulkidan ayrilgan. Unga tegishli "Mir elektroniki" do‘koni olib qo‘yilgan.

O‘zbekistonda prodyuser Mirsobir Hamidqoriyevga 2011 yil 3 yanvarda sirtdan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mirsobir Hamidqoriyev 2011 yil 1 aprelda qidiruvga berilgan, 7 iyunda Rossiya IIV federal qidiruv xizmati ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekiston huquq tartibot idoralari iddaosiga ko‘ra¸ Mirsobir Hamidqoriyev 2009 yil bir guruh toshkentliklar bilan "Islom jihodchilari" terroristik guruhini tuzgan.

Bu guruh tarkibiga sportchi, san‘atkor, kinochilar kirib, hozir qochib ketgan Nurillo Saidxo‘jayev tomonidan boshqarilgani iddao qilinadi.

"Memorial" markazidagi hujjatlarda guruh tarkibida kinoaktyor Farrux Soipov, bastakor Aziz Xolmurotov, musiqachi Surat Qosimov, kinooperator Temur Primqulovlar bo‘lgani ham iddao qilinadi.

Bu ma‘lumotlarga ko‘ra, "Islom jihodchilari" diniy guruhiga aloqadorlik aybi bilan 40 kishi ushlangan.

"Memorial" faollari o‘z qo‘llaridagi hujjatlarga asoslanib, ushlanganlardan 30 nafari 60 ming dollargacha bo‘lgan pora evaziga ozodlikka chiqarilgani va qolgan 9 kishi, jumladan, Hamidqoriyevning akasi ham uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilinganini aytishadi.

Bu qama-qamalar paytida Hamidqoriyev va sportchi Ulug‘bek Shukurovlar mamlakatdan qochishga muvaffaq bo‘lishdi.
XS
SM
MD
LG