Линклар

O‘zbekiston 9 avgust kuni yopib qo‘ygan "Do‘stlik" chegara o‘tish punkti qachon ochilishi aniq emas. O‘zbekiston hech bir ogohlantiruvsiz chegarani yopib qo‘ygani bois, qarindosh va yaqinlari holidan xabar olish istagida bo‘lgan ikki mamlakat fuqarolari uch kundirki chegaraning ochilishini kutib turishibdi. Qirg‘iziston rasmiylari chegara ikki kundan keyin ochilishini aytmoqda. Lekin ba‘zi xabarlarga ko‘ra, chegara o‘tish punkti O‘zbekiston mustaqillik kuni o‘tib olgunga qadar yopiq qolishi mumkin.

"O‘zbekiston chegarani sentyabrgacha ochmas ekan", degan gap-so‘zlarga qaramasdan qo‘shni chegara ortidagi yaqinlari holidan xabar olish niyatida "Do‘stlik" punktiga kelganlarning soni ozaygani yo‘q.

13 avgust kuni CA-News agentligi Qirg‘iziston Bosh vazirining chegara masalari bo‘yicha o‘rinbosari To‘qun Mamitovning "chegara ikki kundan keyin ochiladi" degan so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Qirg‘iziston rasmiysi O‘zbekiston tomoni chegarani tegishli ogohlantiruvsiz yopib qo‘yganini tasdiqlagan holda, mazkur chora O‘zbekiston rasmiylari tomonidan Ramazon Hayiti nishonlanayotgan pytda chegaradosh Andijon viloyatida xavfsizlikni ta‘minlash maqsadida ko‘rilganini ma‘lum qildi.

CA-News To‘qun Mamitovning “yana bir sababi – Jalolobod viloyatining Aqsi tumanidagi chegara qismida O‘zbekiston chegarachilari bilan Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida chiqqan mojaro sabab bo‘lgan”, degan so‘zlaridan ham iqtibos keltirdi.



Qirg‘iz rasmiysi "Do‘stlik" chegara punkti ikki kundan keyin ochiladi, deyatyogan bo‘lsa-da, O‘zbekiston tomoni chegara yopilishi sabablarini izohlagani va o‘tkazish punkti qachon ochilishi haqida rasman bildirganicha yo‘q.

O‘zbekiston, odatda, har yili mamlakat mustaqilligi kuni nishonlanadigan 1 sentyabrdan bir necha kun avval mamlakat chegaralarini yopib qo‘yadi. Bu yil bu chora har yilgidan ertaroq ko‘rildi. Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, chegara mustaqillik bayrami o‘tib olguncha yopiq qolishi mumkin.

Lekin shunga qaramasdan, O‘sh va Andijon viloyatlari o‘rtasidagi “Do‘stlik” nazorat-o‘tkazish punkti oldida chegara ochilishini kutib turganlar soni ozayayotgani yo‘q.

Ozodlik muxbiri 12 avgust kuni “Do‘stlik” punktiga borib, u yerdagi vaziyatni o‘rgandi.

Chegaraning Qirg‘iziston tomonida dushanba kuni 50dan oshiq odam bor edi. Ko‘pchiligi ayollar. Yoshlari 60-70dan oshgan qariyalarni ham uchratish mumkin.

Xonobod shahridan O‘shga kelin bo‘lib tushgan Nazira ismli o‘rta yoshlardagi ayol chaqiruv telegrammasi yo‘qligi bois otasining ta‘ziyasiga bora olmay, yig‘lab turibdi:

- Dadam qazo qilgan. Ta‘ziyasiga bora olmay, shu yerda turibman. Xonoboddan Qirg‘izstonga kelin bo‘lib tushganman,- deydi Nazira.

Uning yonida, yosh bola ko‘targan boshqa bir ayol ham yig‘lab turibdi. Qo‘lidagi bolakayning xasta ekanligini sezish qiyin emas:

- Bolam saraton kasali bilan og‘riydi,- degan bu ayol yig‘lab gapini davom ettira olmadi. Shu payt uning yonida turgan kelin so‘zga aralashdi:

- Ismi-sharifim Nafisa Abdimajidova. Shu kichgina bolaning qarindoshi bo‘laman. Bola hozir uch yoshda. Ismi Muhammadamin. Toshkentda opperatsiya bo‘lgan. Bir ko‘zi protez. Uch oyda bir Toshkentga borib, kimyoviy terapiyadan o‘tishi kerak. Uchinchi tekshiruvga olib ketayotgandik. O‘ta olmayapmiz. 10 avgust kuni shifokor nazoratidan o‘tish kerak edi. Vaqtida tekshirilmasa, kasali huruj olib ketadi. Jalolobod viloyatining Bozorqo‘rg‘on tumaniga qarashli Komsomol qishlog‘idan bo‘lamiz. Uch kundan beri shu yerda turibmiz,- deydi Nafisa opa.

"Do‘stlik" chegara bekati ikki davlatni bir biriga bog‘lagan eng katta o‘tkazish punkti hisoblanadi. Qo‘shni mamlakatlardagi yaqinlarini ko‘rgani, bozor-o‘char qilgani va boshqa yumushlar bilan qatnaydigan o‘zbekistonlik va qirg‘izistonliklar asosan shu yerdan o‘tishadi.

Qirg‘izstondagi "Dostuk" o‘tkazish punktining boshlig‘i, mayor Almazbek Toychiyev o‘zbekistonlik hamkasblaridan mana bunday izoh olganini aytadi:

- O‘zbekiston taraf mustaqillik bayrami munosabati bilan chegaradan o‘tkazishda noma‘lum vaqtgacha cheklovlar kirgizganini aytdi. Hozirda “Do‘stlikdan” maxsus chaqiruv telegrammasi bor kishilar va u yoki bu davlatdan boshqa bir chet elga samoletta uchishi kerak bo‘lgan odamlargina o‘tyapti. Chegara punkti yopilguniga qadar qo‘shni mamlakatga o‘tgan fuqarolarga xam o‘z mamlakatiga qaytishga ruxsat berilmoqda. Bundan tashqari O‘zbekiston va Qirg‘izstondan boshqa MDH mamlakatlari fuqarolari ham cheklovlarsiz o‘tkazilyapti, deydi qirg‘iz chegarachisi.

Almazbek Toychiyev chegara yopilgani to‘g‘risida qirg‘iz matbuotida aholiga xabar berilayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda o‘zbek matbuotida bunday ogohlantiruvlar berilmayotgani bois, chegaraning O‘zbekiston tomonida ham o‘nlab odam to‘planib qolganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi bayramlardan tashqari boshqa sabablarga ko‘ra ham tez-tez yopilib turadi. Xususan, chegaraoldi hududlarda ro‘y berib turadigan mojarolar bunga misol bo‘la oladi.

Shu yilning 5-7 yanvar kunlari O‘zbekistonning So‘x eksklavi ahli bilan Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida chiqqan mojaro bois ikki mamlakat chegarasi qariyb bir oy davomida yopiq qoldi.

Shu kunlarda ham, So‘x eksklavi aholisi O‘zbekistonning asosiy qismiga o‘tish uchun aylanma yo‘l bilan o‘tishga majbur bo‘lmoqda.
XS
SM
MD
LG