Линклар

Norvegiya bosh vaziri xalq orasiga kirish uchun taksichilik qildi


Norvegiya Bosh vaziri Yyens Stoltenberg Xalifa Xorun ar-Rashid kabi xal orasiga kirish uchun taksichilik qildi.

Norvegiya Bosh vaziri Yyens Stoltenberg Xalifa Xorun ar-Rashid kabi xal orasiga kirish uchun taksichilik qildi.

Norvegiya bosh vaziri Yyens Stoltenberg o‘z hukumati haqida xalq nima deyishini bilish uchun iyun oyida yashirin holda bir kun taksichilik qildi.

Dushanba kuni Osloda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Norvegiya Bosh vaziri Yyens Stoltenberg sentyabr oyida bo‘lajak saylov oldidan oddiy xalq fikrini bilash uchun taksi ruliga o‘tirganini gapirib berdi.

- Odamlar fikrini ularni o‘zlaridan eshitish men uchun muhim edi,- dedi Norvegiya bosh vaziri jurnalistlarga.

Mijozlar tanib qolmasliklari uchun Norvegiya hukumati boshlig‘i taksichilar kiyimini kiyib, ko‘ziga quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak ham taqib oldi.

Shunga qaramay, yo‘lovchilar taksi rulida o‘tirgan bosh vazirni tezda tanib olishdi.



Mijozlardan biri “Siz Stoltenbergga juda o‘xshar ekansiz, qani menga qarangchi, ha, bosh vazir", deb gapni boshlaydi.

Boshqa bir yo‘lovchi esa, Stoltenbergga "Hukumatdan ketdingizmi", deya gapiradi.

Yyens Stoltenberg boshqargan taksi salonidagi suhbatlar yashirin kameraga yozib olindi va keyin bosh vazirning Facebook sahifasiga joylandi.

Bir kun o‘tib uni 300 ming odam tomosha qildi. 9 ming odam video ostiga like belgisini qo‘ydi.

Bosh vazir suhbatlarning aksari siyosat haqida bo‘lganini aytdi.

- Doim mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirsam-da Osloda qayerga qanday borishni yaxshi bilaman,- deydi Yyens Stoltenberg.

So‘nggi sakkiz yil davomida mashina ruliga birinchi marta o‘tirgan Stoltenberg o‘z mijozlaridan yo‘lkira haqi olmagan.

Norvegiyada yashovchi pedagog olim Abdulla Abdurazzoqov bosh vazir Stoltenbergning bu amalini qadimgi xonliklar davrida podshox, amirlar darvish kiyimida xalq orasiga kirib ular dardiga quloq solgani haqidagi rivoyatlarga qiyoslaydi.

- Bu yerda shu xalqning orasida yurish, haligi aytganday rivoyatlarda borligidek, bu yerda amalda huddi o‘sha narsa bo‘lyapti. O‘zbekistondagi kabi "qoching, prezident kelyapti, mashinani ol, qorovul qo‘y, soqchi qo‘y", degan gaplar yo‘q bu yerda, mamlakat boshlig‘i bu yerda xalq bilan birga. O‘zbekistonda prezident xalqning xo‘jayini, deb biladi, Norvegiyada esa bosh vazir xalqning xizmatkori, xalqqa yoqmagan kuni uni almashtirib qo‘yishadi,- deydi Abdurazzoqov.

Yyens Stoltenberg sakkiz yildan buyon Norvegiyada bosh vazir lavozimidadir.

O‘tkazilgan so‘nggi so‘rov natijalari saylovga bir oy qolgan bir paytda bosh vazir Stoltenbergning Ishchi partiyasi muxolifatdagi Konservativ partiyadan ortda qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar bosh vazirning taksi ruliga o‘tirishini saylovoldi kampaniyasining bir qismi demoqdalar.
XS
SM
MD
LG