Линклар

logo-print
Toshkent shahar IBBsi qo‘riqlash xizmatida ishlovchi Marat ismli 30 yoshlardagi qibraylik militsiya xodimi qo‘shnisi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani aytilmoqda. Qibray tumani IIBsiga ko‘ra, qotillik maishiy janjal tufayli sodir etilgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, voqea uch kun avval sodir etilgan. Manbaning aytishicha, marhum militsiyachi Toshkent shahrida UZMTRK (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi)ni qo‘riqlagan, ismi Marat (Ozodlik uning familiyasini aniqlay olmadi). Ma‘lum bo‘lishicha u qo‘shnisi tarafidan pichoqlab o‘ldirilgan.

Qibray tumani Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Marat uch joyidan pichoqlangan.

“Unga qo‘shnisi pichoq urgan. Oyog‘i va qorin qismiga pichoq urilgan. U shu pichoq zarbalaridan shifoxonada jon bergan”, dedi Qibray IIBning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra, qotillik militsiya xodimi Marat bilan uning mast holatda bo‘lgan qo‘shnisi o‘rtasidagi o‘zaro janjal ortidan sodir bo‘lgan.

“Bu yerda ular o‘rtasida o‘zaro maishiy janjal bo‘lgan. Maratning qo‘shnisi katta yoshlardagi koreys millatiga mansub qariya. U o‘zi ko‘p aroq ichar ekan. O‘sha kuni ham u mast holatda bo‘lgan”, dedi Qibray IIB xodimi.

Hozirda militsiya xodimi Maratni pichoqlagan qariyaga nisbatan jinoyat ishi ochilib, tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bu bir oy ichida militsiya xodimlariga qilingan ikkinchi hujumdir va 30 yoshli Marat o‘ldirilgan uchinchi militsionerdir.

Joriy yilning 20 iyuldan 21 iyulga o‘tar kechasi Farg‘onaning Qori Niyoziy ko‘chasida joylashgan “Hamkorbank” filiali kassasiga qurolli hujum qilinib, ikki militsiya xodimi - 43 yashar Akbarov Erkinjon Hayitboyevich va 33 yashar Matazimov Rustam Nosirovich o‘ldirib ketilgandi.

Hozirda ushbu qotillikni sodir etgan guruh qidirilmoqda. Qotillarni topishga ko‘maklashgan shaxsga ikkita "Matiz" mashinasi va‘da qilingan.
XS
SM
MD
LG