Линклар

O‘zbekistonning atrofi Qirg‘iziston hududi bilan o‘ralgan So‘x va Shoximardon ekslavlariga olib boruvchi yo‘lda joylashgan chegara-o‘tish nuqtalarida ham yo‘lovchilar qatnoviga cheklov joriy qilingani to‘g‘risidagi ma’lumotni Ozodlik Qirg‘izistonning Botken viloyati rasmiylaridan oldi. O‘zbek-Qirg‘iz chegarasining Andijon va O‘sh o‘rtasidagi "Do‘stlik" nazorat-o‘tkazish maskani yopilganiga 3 kun bo‘lgani to‘g‘risida 13 avgust kuni xabar bergan edik.

Qirg‘izistonning Botken viloyati gubernatori matbuot vakili Mamajon Berdishevga ko‘ra, chegara orqali O‘zbekistondan vataniga qaytayotgan qirg‘izistonliklar va Qirg‘izistondan vataniga qaytayotgan O‘zbekiston fuqarolari to‘siqlarsiz o‘tkazilmoqda.

- Shuningdek, qarindoshlarining kasalligi yoki dafn marosimlariga taklif etuvchi telegrammalar hamda qo‘lida uchoq chiptasi bor Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari uchun ham bu chekloklovlar ta’sir qilmaydi. Jiddiy sababi bo‘lmagan fuqarolar bayramgacha sabr qilib turishsa kerak endi, - deydi Berdishev.

O‘zbekiston Mustaqillik kuni munosabati bilan qo‘shni davlatlar bilan chegaralarida har yili cheklovlar kiritib keladi.

So‘xliklar chegaradagi bu kabi cheklovlarga ko‘nikib qolishganini aytishadi.

- Chegara 6 sentyabrgacha yopilgan ekan. Endi bayramni tinch o‘tkazish, xavfsizlikni ta’minlash uchun qilinyaptimish bu. Cheklov asosan tashqaridan kelganlar uchun ekan. Mahalliy propiskasi borlarni jiddiy sabab bo‘lsa o‘tkazayapti ekan, - deydi So‘xda yashovchi 52 yashar Rahmatullo aka.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi bayramlardan tashqari boshqa sabablarga ko‘ra ham tez-tez yopilib turadi.

Shu yilning 5-7 yanvar kunlari O‘zbekistonning So‘x eksklavi ahli bilan Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida chiqqan mojaro bois ikki mamlakat chegarasi qariyb bir oy davomida yopiq qoldi. Chegaraning keyinroq ochilishi ham so‘xliklar uzog‘ini yaqin qilmadi. Ular shu kungacha ham O‘zbekistonga yaqin yo‘ldan - Rishton orqali emas, uzoq yo‘ldan - Vodil orqali qatnamoqda.

Xuddi shunga o‘xshash tashvishlar Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi ekslavi - Barak qishlog‘i aholisini ham qiynamoqda.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi “Qadamjoy” nazorat-o‘tkazish maskani eng serqatnov maskanlardan hisoblanadi.

-U erdan asosan o‘zbek fuqarolari bo‘lgan So‘x anklavi aholisi O‘zbekistonga o‘tadi. Kimdir qarindoshini ko‘rish uchun, kimdir bozor-o‘char uchun boradi. Ayni paytda O‘zbekistondagi etnik qirg‘izlar ham qarindoshlarini ziyorat qilish uchun Qirg‘izistonga shu chegara maskanlaridan o‘tishadi. Uzoq yillik savdo-sotiq, qarindosh-urug‘chilik rishtalari bor. Shunday ekan chegara yopilishi bu erdagi xalqlar uchun ancha qiyinchiliklar tug‘diradi, -deydi Qirg‘izistonning Botken viloyati gubernatori matbuot vakili Mamajon Berdishev.

Seshanba kuni “Qadamjoy” chegara maskani orqali O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tgan so‘xliklardan biri Qirg‘iziston tomonidan O‘zbekistonga o‘tmoqchi bo‘lgan o‘nlab mashina chegarada to‘planib qolganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

- O‘zbekistonga o‘tish qiyin bo‘lyapti. Kecha chegaradan o‘tayotsam O‘zbekiston tarafga o‘tadigan yo‘lda qator mashinalar yig‘ilib qolganini ko‘rdim, - deydi ismini aytmagan so‘xliklardan biri.

Chegaradagi cheklovlar chegara osha savdogarlik bilan tirikchiligini ko‘rayotganlarga ayniqsa qiyinchiliklar tug‘dirishi tayin.

Chegaralarning bir ochilib, bir yopilib turishi So‘x va Shoximardon bozorlaridagi oziq-ovqat narxlariga ham ta’sir qilmoqda.

Chegaradagi doimiy yopilishlar sababli so‘xliklar Farg‘onaga bozor-o‘charga chiqmay, mahsulotlarni o‘zida etishtira boshlagan.

- Chiqmayapmiz. Sabzi,piyozni o‘zimiz ekyapmiz. Boshqa iloj yo‘q-da. Oldin arzonga olib kelar edik. Hozir iloj yo‘q, hamma tomorqasiga bir nima ekyapti. Odamlar shunga majbur bo‘lyapti. Sababi chegara yopilishi yo‘lni ancha uzoq qilib qo‘yyapti, bu esa narx-navoda aks etadi. Hozir bir qop un eng yaxshisi 75 ming so‘mgacha. Rishton bozoridagi narxdan 10 ming so‘mga qimmat. Yog‘ 21 ming, - deydi Ozodlikka gapirgan so‘xliklardan biri.

Chegarada joriy etilgan cheklovlar qachongacha amalda bo‘lishi haqida O‘zbekiston tomoni rasman bildirmagan.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik hizmati davlat chegara qo‘mitasi rasmiylaridan bu haqda aniq ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.
XS
SM
MD
LG