Линклар

logo-print
O‘zbek militsioneri formasini kiygan shaxsning namoyishkorona tahqirlangani aks etgan videolavha Internetdagi WhatsApp tarmog‘ida telefondan-telefonga o‘tib tarqalmoqda.

Mazkur lavha Toshkentdagi mushtariylar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lgach, elektron pochta vositasida Ozodlik muxbirlariga ham keldi.

Lavhada o‘zbek militsionerining bosh kiyimi va engiga ichki ishlar vazirligi belgisi yopishtirilgan yashil forma ko‘ylak kiygan, shimsiz erkak kishi boshini ham qilgan holda qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib "urmanglar", deb yolvormoqda.

Kadr ortida yangragan Toshkent shevasidagi ovoz sohibi militsioner deb tushunilayotgan shaxsni uyat gaplar bilan tinimsiz so‘kkani eshitiladi.

Taxqirlanayotgan shaxs esa “bo‘pti oka” deb, tinimsiz shafqat so‘raydi. Shu asnoda kadr ortidagi ovoz yanada dahshatli yangray boshlaydi va ovoz egasi “militsioner”ni bir chetda tik turgan butilka ustiga o‘tirishga majburlay boshlaydi.

Haqorat va so‘kishlar sur’ati tezlashadi. Kadr ortida turib so‘kayotgan shaxs o‘ng oyog‘i bilan “militsioner” ni qattiq tepadi.

“Militsioner” zabun ahvolda erga yiqiladi va amallab o‘rnidan turadi.

“Militsioner” “bo‘pti oka” deb zorlanishda davom etadi. Kadr ortida turib so‘kayotgan shaxs esa “militsioner”ga tasvirda ko‘rinib turgan shisha butilkaga o‘tirishni jahl bilan qayta-qayta buyuradi. Atrofdan "bo‘ldi-bo‘ldi" degan boshqa ovozlar ham eshitiladi. Haqoratlar yomg‘iri ortida qolgan “militsioner” devorga suyagancha turibdi. 45 sekundlik videolavha shu joyda tugaydi.

Bu videolavhaning havaskor artistlar tarafidan ataylab sahnalashtirilgani haqida ham iddaolar bor.

Ammo bizga aniq bo‘lgani shuki, o‘zbek militsioneri formasidagi shaxs oshkora tahqirlanadi.

Kadr ortidagi shaxs militsiya xodimlari sha’niga uyat so‘kishlarni qalab tashlaydi.

Ozodlik muxbiri militsioner, deb tushunilayotgan shaxsning tahqirlangani aks etgan videotasvir yuzasidan izoh so‘rab O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga qo‘ng‘iroq qildi.

Ozodlik muxbiri vazirlik telefon tarmog‘iga ulangan paytida Ichki ishlar vazirligi zobiti qo‘l ostidagi xodimga buruq berayotgani eshitilib turdi.

Lavozimi yuksak zobit qo‘l ostidagi mulozimni tilga olib bo‘lmas tarzda haqoratli kalimalar bilan so‘kar edi.

Nihoyat militsiya mulozimi uni tarmoqda mahtal bo‘lib kutib turgan Ozodlik muxbiriga saslanib, "eshitaman", dedi.

"Shunaqa video tarqalibdi", deya mulozimga vaziyatni tushuntirdik.

- Bunaqa videodan habarim yo‘q, bu videoni sizga kim berdi, deya mulozim Ozodlik muxbiriga oid ma’lumotlarni yozib oldi.

- El yurt orasida militsionerlarning obro‘ e’tibori yo‘qmi? Aholining sizlarga munosabati qanday, degan savolimizga militsiya mulozimi bir oz jim qoldi va siniq tovushda “normalniy” dedi.

Suhbatdoshimiz militsionerlarning obro‘-e’tibori masalasini Saidali Rustamov degan boshliq muhokama qilishini aytib telefon nomer berdi.

Ammo bu telefonga bog‘lana olmadik.

Internet tarmog‘iga qaytib “o‘zbek militsionerlari” deya qidiruv berganimizda Yotube.com portalida o‘zbek militsionerlari haqorat qilingan o‘nlab videotasvirlar borligini ko‘rdik.

Bu tasvirlardan birida Toshkentning Labzak mavzeidagi DAN xodimi uni o‘rab olgan haydovchilar tarafidan haqoratlanadi.

O‘zbek militsionerlarini “poraxo‘r”, deya so‘kkan o‘zbek qo‘shiqchisi Abdulla Qurbonov aks etgan videotasvir ostidagi yozuvlarda ham militsionerlar yonini olganlarni deyarli ko‘rmaymiz.

O‘zbek militsionerlarining internetda obro‘sizlantirishiga qarshi O‘zbekiston Ichki ishlar vzairligi biror bir munosabat bildirgani to‘g‘risida biron ma’lumot uchratgan emasmiz.

Biz bu lavha mazmunini O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan bir necha jurnalistga aytib berib, ulardan fikr so‘radik. Lekin biz aloqada bo‘lgan uch nafar jurnalist o‘zbek militsionerlarini himoya qilib biror so‘z ayta olishmadi.

Ismi aytilmasligini istagan toshkentlik jurnalist bir kun oldin militsionerlar tazyiqiga uchraganini aytadi:

- Men kecha metro bekatidagi reklamani suratga olganim zahoti militsionerlar qo‘lga olishdi. Uyat gaplar bilan so‘kishdi. Shu bois men ularni himoya qilgim kelmaydi. Lekin kadr ortidagi so‘kong‘ichlarni ham yoqlamayman, dedi jurnalist.

O‘zini Feruza, deb tanishtirgan jurnalist tasvirdagi “militsioner” ahvoliga achingani va o‘zbek erkaklarining behayo so‘kinishlari ko‘cha-ko‘yda tez-tez eshitilayotganidan bezor bo‘lganini yozib yubordi.

Markaziy Osiyoda eng ko‘p sonli militsiya xodimlariga ega bo‘lgan O‘zbekistonda 22 yildan beri "Militsiya to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinmagan.
XS
SM
MD
LG