Линклар

logo-print
Shvetsiyada boshpana topgan o‘zbekistonlik huquq faoli Rahmatullo Aliboev ijtimoiy himoya idoralari tarafidan tortib olingan 15 yoshli yakkayu-yagona o‘g‘li Shoxruhni oilasiga qaytarish uchun sudlashmoqda.

U o‘z farzandi Shoxruhni ijtimoiy himoya idoralari qaramog‘iga berish haqidagi avvalgi sud qarori yuzasidan Shvetsiyadagi apellyatsiya mahkamasiga shikoyat kiritdi.

Shvetsiyaning Linchyoping shahridagi mahkama Aliboev shikoyatini juma kuni ko‘rib chiqishi kutilyapti.

27 iyun kuni Shvetsiyaning Eskilstun shahrining Oila ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘zbekistonlik qochqinning voyaga etmagan Shoxruh ismli farzandini nazorat ostiga olish haqida sudga murojaat etgan edi.

Shoxruhning "maktabga yaxshi qatnamayotgani, sog‘ligi va rivojlanishi xavf ostida ekanligi, onasi unga etarli tarbiya bermayotgani" borasida tushgan shikoyatlar asosida sud bolani ijtimoiy himoya idoralari qaramog‘iga berishga qaror qilgan edi.

Aytilishicha, o‘tgan o‘quv yili davomida Shoxruh maktabga atiga etti kun borgan.

Rahmatullo Aliboev Uznews.net muxbiriga farzandi balog‘atga o‘tish yoshida ekani bois, haqiqatan ham darslarni qoldirgani, lekin Internetda yapon va ingliz tillarini o‘rganganini aytgan.

Lekin, turmush o‘rtog‘i farzandiga etarli g‘amxo‘rlik qilmayotgani haqidagi iddaolarni rad etgan.

Aliboevning o‘g‘li Shoxruh 27 iyundan buyon Shvetsiya ijtimoiy himoya idoralari qaramog‘ida qolmoqda.

Olib qo‘yilgan bolaning ota-onalariga advokatlik qilayotgan shvetsiyalik huquqshunos Rixard Yoxansson Ozodlik bilan suhbatda apellyatsiya qarori chiqmagunicha tergov siri vajidan jurnalistlarga mazkur ish bo‘yicha izoh berolmasligini aytdi.

Bu Shvetsiyada o‘zbek oilalaridan farzandi olib qo‘yilishi bilan bog‘liq yagona holat emas. Shvetsiyada yashaydigan o‘zbekistonlik qochqinlar so‘nggi etti yil ichida shunga o‘xshash kamida to‘rtta holatni eslashadi.

Shvetsiyada yashovchi o‘zbekistonlik qochqin To‘lqin Qoraev gapiradi:

- Shvetsiyada har qanday bola uchun birinchi g‘amxo‘r - davlat hisoblanadi. Agar bolaga qandaydir zulm o‘tkazilishi yoki ularning erkiga xalaqit beruvchi taqiqlar qayd etilsa, davlat bolani ota-onasidan olib qo‘yadi. Yosh bola "otam yoki onam meni uryapti, kequrun sayr chiqqani qo‘ymayapti", deb aytdimi, shu - bolani tortib olish uchun etarli asosdir. Bolaning birinchi egasi bu erda davlatdir, - deydi To‘lqin Qoraev.

Qoraevning aytishicha, o‘zbekning milliy urf-odatlari ham bunday holatlarga sabab bo‘lmoqda.

- Masalan, o‘zbek oilalari qizlariga kechqurun diskotekaga borishiga ruxsat bermaydi. Bu qiz uchun cheklov sifatida ko‘rilib ham olib qo‘yishadi, - deydi Qoraev.

Shvetsiyaning Timro shahrida ishlaydigan o‘zbek qochqinining uchta farzandi bundan to‘rt yil avval ijtimoiy himoya idoralari tarafidan tortib olingan edi.

O‘z ismini aytmaslik sharti bilan gapirgan o‘zbekistonlik qochqin farzandlarining olib qo‘yilishini shunday eslaydi.

- Qo‘shnilar shikoyat qilgan ekan, otasi doim janjal chiqaradi deb. Keyin maktabda ruhshunoslar bilan bolalarimni so‘roq qilishibdi. Shundan so‘ng maktabdan olib ketishdi. Ikki oy sudlashib qaytarib oldik. Ungacha farzandlarim boshqa oilada yashab turishdi. Tez-tez borib xabarini olib turdik. Hozir shu farzandarim katta bo‘lishgan, yonimda, - deydi Shvetsiyada yashovchi o‘zbekistonlik qochqin.

Shvetsiyalik huquqshunos Rixard Yoxanssonning aytishicha, mamlakatdagi qonunchilikka ko‘ra, farzandiga etarli g‘amxo‘rlik qilmagan oilalardan bolalari tortib olinadi.

- Buni Shvetsiyada yashaydigan har bir oila biladi. O‘zbek oilalari ham bu erga kelishlaridan oldin bu haqda ma’lumotni oladilar, - deydi Rixard Yoxansson.
XS
SM
MD
LG