Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:39

Qirg‘izlar Rossiyadan genotsid uchun tovon talab qilmoqda


Qirg‘izistondagi bir qator nodavlat tashkilotlari Chor Rossiyasi tomonidan bostirilgan 1916 yildagi xalq qo‘zg‘olonida o‘ldirilgani aytiladigan 200 ming odamning qarindoshlariga Moskva tomonidan tovon puli to‘lanishini talab qilmoqda.

Qirg‘izistondagi o‘ndan ortiq nodavlat tashkilotlari va siyosiy harakatlar tomonidan bildirilgan bunday talabnoma Qirg‘iziston parlamenti va hukumatiga taqdim etilgan. Talabnomada aytilishicha, 1916 yilda Rossiya tomonidan qirg‘iz xalqi genotsid qilingan va buning uchun Rossiya hukumati javob berishi zarur.


"Isyon emas, qirg‘in bo‘lgan"


Rossiyadan tovon puli talab qilayotgan “Qirg‘iziston quruvchilar partiyasi” raisi Beyshenbek Abdrasakov zamonaviy Rossiya hukumati Chor Rossiyasi uyushtirgan qirg‘in uchun mas‘uliyatni zimmasiga olishi kerak, deb hisoblaydi.

- Bizni “bu voqea isyon bo‘lgan”, deb to‘qson sakkiz yil aldab kelishdi. Aslini olganda, bu isyon emas qirg‘in bo‘lgan. 1916 yilda qirg‘in bo‘lganini dadil ayta olmayapmiz. Agar qirg‘in deb baholasak Rossiya bilan munosabatlarimiz buzilib qolishidan qo‘rqayapmiz. Bizning harakatimiz munosabatlarni buzmagan holda, Moskva tarixiy haqiqatni tan olishini istaydi. Rossiya xalqaro tajribaga tanyagan holda qirg‘in qilinganlarning avlodlariga tovon puli to‘lab berishi kerak. Qirg‘inning 100 yilligi xotirlanadigan kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Bishkekka kelib, 1916 yil voqealarida qurbon bo‘lganlar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik poyiga gul qo‘ysa, ta‘zim qilsa yaxshi bo‘lar edi, - dedi Beyshenbek Abdrasakov.

1916 yilda qirg‘izlar Chor Rossiyasi zulmiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taragan edi. Tarixchilarga ko‘ra, isyonni bostirish jarayonida 150 - 200 ming qirg‘iz qirib tashlangan. Qirg‘izistonda bu tarixiy voqea haqida rejissyor Dooronbek Sadirbayev “Bechora xalq” degan filmni suratga olgan edi. Biroq bu film qirg‘iz hukumati tomonidan taqiqlab qo‘yilgan.

Tarixchi Baktibek Maksutov 1916 yilda qirg‘izlarning qirg‘in qilinishi Rossiya Davlat Dumasida muhokama qilinganini aytdi:

-1916 yilning 15 fevralida Rossiya imperiyasi Davlat Dumasida bu masala muhokama qilingan va bu haqda deputat Kerenskiy hisobot bergan. O‘z hisobotida Kerenskiy oqposhsho siyosatiga qarshi chiqqan Markaziy Osiyo xalqlari orasida eng ko‘p jabrlangani qirg‘izlar ekanini aytgan. Bu voqeani tergov qilish maqsadida maxsus komissiya tashkil qilish taklifi kiritilgan, lekin bu ish amalga oshmay qolgan, - dedi Baktibek Maksutov.


Rossiya "tarixiy adolat tiklanishi"ni istamaydi


2008 yilda qirg‘iz parlamenti avgust oyining birinchi yakshanbasini 1916 yilgi isyon qurbonlarini xotirlash kuni sifatida e‘lon qilgan. O‘shanda parlamentning bu qarori Moskva rasmiylari noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi qirg‘iz parlamenti 1916 yil qatag‘oni qurbonlarini xotirlash kuni to‘g‘risida qonun qabul qilganiga qarshi norozilik bayonoti tarqatgan.

Bayonotda 1916 yildagi qatag‘on voqeasini keng jamoatchilikka oshkor etish harakati Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy munosabatlarga jiddiy salbiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkinligi aytilgan. Shu munosabat bilan Rossiya TIV qirg‘iz tarafiga qirg‘in mavzusiga katta e‘tibor qaratmaslikni va “tarixiy adolatni tiklash” urinishlarini to‘xtatishni tavsiya etgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda tarix fanlari doktori Bektemir Jumabayev 1916 yil voqeasiga bir tomonlama baho berilishi ham tarixiy, ham siyosiy jahatdan xato bo‘lishini aytdi:

- Bu voqeada biz tomonlarga kelib o‘troqlashgan rus dehqonlari ham qirg‘inga uchragani haqida o‘nlab faktlar bor. Bu voqeada faqat qirg‘izlar qirilgan degan iddao siyosiy murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Bu masalaning ko‘tarilishi Rossiya bilan endigina yaxshilanib borayotgan munosabatlarga ham putur yetkazadi. Shuning uchun 1916 yil voqeasini har tomonlama o‘rganish kerak, - dedi Bektemir Jumabayev.


1916 yil:eng ko‘p isyonlar Farg‘ona vodiysida bo‘lgan


1916 yilda Markaziy Osiyodagi xalqlar Chor Rossiyasining mardikor olish siyosatiga qarshi isyon ko‘targan edi. 1916 yil 25 iyunda podsho Nikolay Ikkinchi imzolagan Turkistonning rus bo‘lmagan millatlaridan mardikor olish to‘g‘risidagi farmoniga qarshi isyon o‘sha yilning 4 iyulida Xo‘jandda boshlangan edi. Mazkur farmonga qarshi eng ko‘p isyonlar hozirgi O‘zbekiston hududida bo‘lib o‘tgani tarixiy hujjatlarda qayd etilgan.

Hujjatlarga tayanadigan bo‘lsak, 1916 yilning iyulida Samarqandda 25 ta, Sirdaryoda 20 ta, Farg‘ona vodiysida 86 ta qo‘zg‘olon ko‘tarilgan. Barcha isyonlar Rossiya qo‘shinlari tomonidan ayovsiz bostirilgan. 1916 yil voqeasida Turkistonda qancha odam qatliom qilingani hozirgacha aniq emas.

Tarixchilar bu voqea paytida bir necha o‘n mingdan bir necha yuz minggacha bo‘lgan turkistonlik va 3-4 ming atrofidagi rus dehqonlari qirg‘in qilinganini aytib keladilar.
XS
SM
MD
LG