Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:07

Kletskov Turkiya jamoasida o‘ynamaydigan bo‘ldi


Samarqandning “Dinamo” futbol jamoasi o‘yinchisi Aleksandr Kletskov bilan tuzilgan shartnomani Turkiyaning “O‘rduspor” jamoasi bekor qildi. Bunga “Dinamo” futbol jamoasi rahbariyatining o‘yinchiga javob bermagani sabab bo‘ldi.

Samarqandning “Dinamo” futbol jamoasi o‘yinchisi Aleksandr Kletskovning Ozodlikka aytishicha, u birinchi davra tugaganidan so‘ng Turkiyaga borib u yerdagi “O‘rduspor” jamoasi bilan shartnoma tuzib kelishi haqida jamoa rahbariyati bilan o‘zaro kelishilgan edi:

- Men Turkiyaga borib, “O‘rduspor” jamoasi bilan “1+1” shaklidagi kontrakt tuzdim. Bu bitimning mantiqiy davomi sifatida “Dinamo” menga tegishli bo‘lgan kerakli hujjatlarni “O‘rduspor” foydasiga rasmiylashtirib berishi lozim edi. Agentlarim Samarqandga kelib, klub rahbariyatini roziligini olishgan. Qaytganimdan so‘ng klub rahbariyati yangi qiliqlar ko‘rsata boshladi. “Dinamo” futbol jamoasi vitse prezidenti Firdavs Karimov “O‘rduspor”dan 100 ming AQSh dollari o‘tkazib berishni talab qildi. Vaholanki, men “1+1” shartnomasini tuzib kelgan edim va tabiiyki, turklar bunga rozi bo‘lmadi, - deydi Aleksandr Kletskov.

Futbolchining aytishicha, Firdavs Karimov turklardan bu pulni undirolmaganidan so‘ng, “to‘nini teskari kiyib olgan”:

- Men Turkiyadan qaytganimdan so‘ng, Firdavs Karimovning qabuliga kirmoqchi bo‘ldim. Meni u hatto qabul ham qilmadi. “Bor, yuristlarimiz bilan gaplash”, deb xonasidan chiqarib yubordi. Men birinchi davra uchun olgan pulimni qaytarib beraman, meni qo‘yib yuboring, desam ham unamadi. Keyin meni jamoadagi o‘yinlardan umuman chetlatib qo‘ydi. Men yana: “Qo‘ying, bo‘lmasa ikkinchi davraga ham mayli o‘ynab beray” desam ham rozi bo‘lmadi. Hozir na keta olaman, na jamoamda o‘ynay olaman, - deydi Aleksandr Kletskov.

O‘yinchining aytishicha, “Dinamo” rahbariyati endi unga: "Birinchi davra uchun olgan pulingni qaytarsang, javob beramiz", deb aytgan:

- Men avval rozi edim qaytarishga, agar “O‘rduspor”ga rozilik berganda. Endi kech bo‘ldi, turklar shartnomani bekor qildi, men nega endi halol ishlagan pulimni qaytarib berishim kerak ekan? Xullas, shunday, menga na javob beradi, na o‘ynagani qo‘yadi - arosatda qoldim, - dedi Aleksandr Kletskov.

Biz futbolchining bu aytganlariga munosabat olish uchun “Dinamo” futbol jamoasi vitse prezidenti Firdavs Karimov bilan bog‘landik. Janob Firdavs Karimov Kletskov haqida og‘iz ochishimiz bilan aloqani uzdi va u bilan qayta bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Shundan so‘ng o‘zini “Dinamo” jamoasi huquqshunosi Shuhrat deb tanishtirgan shaxc bilan bog‘landik. Ittifoqo, u ham Kletskov haqida so‘rashni boshlashimiz bilan negadir bizni ovozimizni “eshitmay” qoldi va keyingi qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.

Aleksandr Kletskovning Turkiyaning birinchi ligasida qatnashayotgan “O‘rduspor” jamoasi bilan shartnoma tuzganini, Turkiyada birinchi o‘zbekistonlik legioner paydo bo‘layotganini O‘zbekiston futbol federatsiyasi va hukumatga tegishli bir qancha Internet saytlar xabar bergan edi.

O‘zbekistondagi stadion.uz Internet sayti ham “Dinamo” futbol jamoasidagi o‘yinchilarning huquqlari poymol bo‘layotgani haqida katta maqola e‘lon qildi.

Bu maqolada yozilishicha, “Dinamo” futbol jamoasi vitse prezidenti Firdavs Karimov sakkiz oydan buyon futbolchilarning “qonini ichib” kelmoqda.

27 yoshli Aleksandr Kletsov ilgari “Paxtakor” jamoasida va Xitoyning “Szyansu Saynti" jamoasida o‘ynagan.
XS
SM
MD
LG