Линклар

logo-print
“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi mamlakat fuqarolarini litsenziyasiz xonandalar haqida ma‘lumotga ega bo‘lsa, estrada birlashmasiga yetkazishga chaqirgan. Bu haqda “Darakchi” gazetasiga gapirgan O‘zbeknavo rahbari o‘rinbosariga ko‘ra, san‘atkorlar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlanganiga qaramay fuqarolik majburiyatlarini anglab yetmayapti”.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi direktori o‘rinbosari Muzaffar Akromovga ko‘ra, Ra‘no Yarasheva, Saida Rametova, Dilnoza Kubayeva, Dildora Rustamova, Fathulla Mas‘udov kabi taniqli san‘atkorlar to‘y-tomoshalarga litsenziyasiz chiqayotgani uchun yaqin kunlarda javobgarlikka tortilishi mumkin.

Bu haqda 15 avgust kuni xabar bergan “Darakchi” gazetasining yozishicha, litsenziyasiz faoliyat yuritib kelgan san‘atkorlarning ro‘yxati tuzilib, chora ko‘rish uchun huquq-tartibot idoralariga taqdim etishga tayyorlanmoqda.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra‘no Yarasheva uning javobgarlikka tortilishi haqida hech qanday ma‘lumotga ega emasligini aytdi:

- Biz endi qachon “O‘zbeknavo”ning arpasini xom o‘rgan ekanmiz, bilmayman. Endi biz xalqning xizmatini qilyapmiz, to‘ylarini o‘tkazyapmiz. Biz, aktyorlarga hali litsenziya chiqmagan, bo‘lmasa allaqachon olardim. Endi ashulachi bo‘lmasak ham to‘ylarga borib xalqning laparlarini aytib tirikchilik qilyapmiz. Endi ular shuni nazarda tutgan bo‘lsa kerak. Xafa bo‘lmayman, endi majbur qilishsa olamizda. Bizning pulimiz davlatning yo‘l yoki ko‘prik qurilishiga ishlatilar, bu savob,- deydi Ra‘no Yarasheva.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova “O‘zbeknavo”ning bu ro‘yxatiga tushib qolganidan hayratda qolganini aytar ekan, shuncha yil xalqqa xizmat ko‘rsatgan taniqli aktyorlarning xalq to‘ylarida bir-ikki og‘iz aytgan tabrik va chiqishlari uchun javobgarlikka tortilishini odobsizlik deb ataydi:

- “O‘zbeknavo” avval o‘zini tartibga solib olsin. Hozir san‘atkorlar o‘ntadan er qilyapti, birovni erini yo‘ldan urib olyapti, o‘shalarni tartibga solishsin, keyin bizga gapirsin. “O‘zbeknavo”ning “erka” san‘atkorlari bor. Ulardan na litsenziya so‘raladi, na litsenziyasini olib qo‘yishadi. Bilganini qilib yotishibdi. Qo‘rqadida-a, ulardan, chunki “aka”lari bor. Bizlar million-million pul topayotganimiz yo‘qku, ikki yil bo‘ldi pensiyaga chiqqanimga, salon ochdim, soch bo‘yab o‘tiribman hozir. Shuncha yil o‘zbek san‘atiga xizmat qildik. Agar ularning o‘zida insof bo‘lsa, bizlarga tegmaydi. Agar sizlar qonun oldida muttahamsizlar desa, mayli o‘sha litsenziyasini sotib olamiz. Bizga nomardlik qilishsa biz ularga mard bo‘lamiz. Ana shu gaplarimni eshittiring, Saida Rametova shunday deb aytdi deng,- deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasidan javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan litsenziyasiz san‘atkorlar haqida ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

"O‘zbeknavo” estrada birlashmasi rasmiy nashriga ko‘ra¸ O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilfuza Rahimova, "Nihol” mukofoti sovrindori Otabek Mutalxo‘jayev, xonanda Dilshod Rahmonov, "Ummon” va "Mango” guruhlari xonandalarining litsenziyalari amal qilish muddati tugatilgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Izzatilla Ibragimov, Sobirjon Mo‘minov, Alisher Turdiyev, Ravshan Komilov, Toir Qo‘ziyev, "Nihol” mukofoti sovrindori Hulkar Abdullayeva, xonanda Farhod Saidovlar esa qattiq ogohlantirilgan.
XS
SM
MD
LG