Линклар

Toshkent-Bishkek: axborot xuruji davom etmoqda


Ikki davlat prezidentlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston abadiy do‘st va strategik hamkor ekanini e‘lon qilganiga qaramay, har ikki davlat matbuotida qo‘shnisini qoralovchi maqolalar tez-tez bosilib turibdi.

Ikki davlat prezidentlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston abadiy do‘st va strategik hamkor ekanini e‘lon qilganiga qaramay, har ikki davlat matbuotida qo‘shnisini qoralovchi maqolalar tez-tez bosilib turibdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida axborot xurujiga asoslangan diplomatik janjal avjiga chiqdi. O‘zbekiston saytlari Toshkentdagi Qirg‘iziston elchixonasi diplomatlarini millatchilikda va nodiplomatik harakatlarda ayblamoqda. Qirg‘iz ommaviy axborot vositalarida esa Toshkent tarqatgan ma‘lumotlar inkor etilayapti.

O‘zbekiston nashrlarida Qirg‘izistonning Toshkentdagi elchixonasi 1-kotibi Kanatbek Sharshanbek o‘zbek tez yordami shifokorlariga qo‘l ko‘targani, ularni millatiga qarab kamsitgani haqida yozib chiqdi. O‘zbek nashrlaridagi xabarlarga qaraganda, qirg‘iz diplomati bundan avval ham Toshkentdagi qo‘shnilariga millatlaro nafrat deb baholanishi mumkin bo‘lgan so‘zlarni aytgan va o‘zbeklarni muntazam tarzda mazahlab kelgan.

Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasi diplomat haqiqatan ham qizishib ketib, o‘zbek shifokorlariga qo‘pol gapirgani, buning uchun u tez yordam xodimlaridan kechirim so‘raganini tan oldi. “Biroq elchixonaning 1-kotibi millatlararo nafrat tug‘diruvchi gaplarni aytmagan va o‘zbek millatini kamsitmagan”, deyiladi elchixona bayonotida.

Oradan bir necha kun o‘tgach, Toshkentdagi Qirg‘iziston elchixonasining yana bir xodimi Abdumalik Sharipov mast ahvolda avtomashina boshqargani, uni to‘xtatgan militsiya xodimlariga “o‘zbek va qirg‘iz xalqlari do‘stligi uchun qadah ko‘tarish”ni taklif qilganini yozib chiqdi.

Qirg‘iz ommaviy axborot nashrlari esa bu ma‘lumotlarni yoritgan o‘zbek nashrlarini yolg‘onchilikda va vaziyatni bo‘rttirib ko‘rsatishda ayblab javob qaytardi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi hozircha bunday xabarlarga rasman javob bergani yo‘q. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anara Abdiraxmanovaning aytishicha, ayni paytda o‘zbek nashrlaridagi xabarlar yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilayapti. Toshkentdagi elchixonaning birinchi kotibi Kanatbek Sharshanbek Bishkekka chaqirtirib olingan.

- Kanatbek Sharshanbek yuzasidan axborot agentliklariga kimdir imzosiz maktub jo‘natgan ekan. U hozir Bishkekka chaqirtirib olingan va tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Elchixonaning ikkinchi xodimiga bog‘liq masalada esa faqat agentliklar yozganidan boshqa ma‘lumotga ega emasmiz. Bu bo‘yicha diplomatik kanallar orqali xat olganimiz yo‘q. Toshkentdan rasmiy ma‘lumot kelgachgina ikkinchi xodim masalasida ham tekshiruv o‘tkaziladi, -dedi Anara Abdiraxmanova.

Qirg‘iz tomonining bildirishicha, o‘zbek saytlarida yoritilgan qirg‘iz diplomatlariga oid voqealar iyulь oylarining o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan. O‘zbek nashrlari esa bu haqda faqat avgust oyining o‘rtalarida, yani oradan bir oy o‘tgach xabar bermoqda.

Qirg‘izistonlik tahlilchilar, shundan kelib chiqqan holda bunday vaziyatni axborot huruji sifatida baholamoqda. Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert Talant Razzaqovning fikricha, Toshkent nashrlarida qirg‘iz diplomatlariga oid voqealarning bir oydan keyin e‘lon qilinishi o‘zbek-qirg‘iz chegarasida qirg‘iz harbiylari tomonidan o‘zbek chegarachilari otib qo‘ilgach boshlangan Qirg‘izistonni har tomonlama obro‘sizlantirish jarayonining davomidir.

-Bu masalada Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston tomoniga rasmiy javob qaytarishi zarur. Negaki, diplomatlarga nisbatan bunday fitnalar xalqaro tajribada kamdan-kam bo‘lgan. Bu kabi axborot xurujlarini to‘xtatishni talab qilish kerak. O‘zbekiston tomoni qo‘shnilar bilan muomilasi yomonlashgan paytda mana shu kabi axborot hurujini boshlashi kuzatilgan. Masalan, Tojikistonga nisbatan ham o‘zbek matbuotida mana shunday qoralov kampaniyasi o‘tkazilgan edi, -dedi Talant Razzaqov.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi axborot huruji shu yilning 20 iyunida o‘zbek chegarachilari tomonidan qirg‘iz fuqarosi otib o‘ldirilgach boshlangan edi. Iyul oyida esa qirg‘iz chegarachilari O‘zbekistonning ikki chegarachisini otib o‘ldirgach, bu huruj yanada kuchaygan. Tomonlar bir - birini ikkiyuzlamachilikda, yolg‘onchilikda va chegara hududida turli fitnalarni uyushtirayotganlikda ayblagan edi.

Diplomatlarga qarshi ma‘lumotlarning e‘lon qilinishi esa Qirg‘izistonda mazkur axborot hurujining davomi sifatida qabul qilinayapti.
XS
SM
MD
LG