Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:30

Ijtimoiy fikr: O‘zbekistonliklarning 99 foizi Karimovdan mamnun


O‘zbekistondagi "Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan so‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 99.1 foizi prezident Islom Karimovni “barqarorlik va mustaqillikni mustahkamlash, davlat oldida turgan muammolarni muvaffaqiyatli hal etishning kafili”, deb hisoblaydi.

“Ijtimoiy fikr” markaziga ko‘ra, olti yil avval bunday fikrdagi fuqarolar 98,5 foizni tashkil etgan.

O‘zbekiston mustaqilligining 22 yilligi arafasida o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning 90 foizi “O‘zbekiston mustaqillik yillarida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida yorqin natijalarga erishdi”, “O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini topdi”, deya fikr bildirgan.

Erishilgan yutuqlar esa, so‘rov qatnashchilariga ko‘ra, O‘zbekistondagi tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik, demokratik-huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining mustahkam asoslari yaratilgani, demokratiya, so‘z erkinligi va inson huquqlari va bozor iqtisodiyoti tamoillariga amal qilinayotganidir.

Shuningdek, respondentlarning to‘qson foizidan ko‘prog‘i mustaqillik yillarida yashash sharoitlari ancha yaxshilanganini aytib, O‘zbekiston fuqarosi ekanligidan faxrlanishini bildirgan.

Mazkur so‘rov O‘zbekistondagi qancha odam fikrini aks ettirishi ma‘lum emas.

O‘zbekiston ichkarisidagi kuzatuvchilar esa “Ijtimoiy fikr” o‘tkazgan ushbu so‘rov natijalari xolisligini shubha ostiga olishadi.

Toshkentda istiqomat qiladigan inson huquqlari faoli Abdulla Tojiboy o‘g‘li “Ijtimoiy fikr” o‘tkazgan so‘rov natijalari O‘zbekistondagi reallikdan ancha uzoq ekanini aytadi.

- Prezident Islom Karimov xalqni 23 yildan buyon qo‘rquvda ushlab kelyapti. U o‘ta johil. Bu davr ichida xalqni siyosiy ongi, siyosiy saviyasi pasayib ketdi. O‘tgan yillarda aholini yashash sharoiti yaxshilandi, deyish bu mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ayni paytda hozir xalq orasida hukumat tepasida o‘tirgan Karimovgina mamlakatni boshqara oladi, boshqasi kelsa tinchligimiz buziladi, degan fikrlar ham shakllangan. Chunki xalq 23 yildan buyon qo‘rquv ostida ushlab turilibdi, - deydi Abdulla Tojiboy o‘g‘li.

Ozodlik bog‘langan ayrim o‘zbekistonliklar fikrlari ham “Ijtimoiy fikr” tomonidan keng jamoatchilik fikri sifatida taqdim etilayotgan so‘rovga teskariday tuyuladi.

- Mening bilishimcha, xalqning yarmi Karimovdan nedavolen. Yashash qiyin bo‘lyapti. Bir hovuch puldorlarga hayot yaxshi. Lekin kambag‘allarga juda qiyin. Boylar va kambag‘allar orasidagi farq kengayib boryapti, - deydi surxondaryolik Shuhrat.

Ayni paytda “Ijtimoiy fikr” markazi o‘tkazgan so‘rov natijalari Gallup xalqaro omma fikrini o‘rganish markazi o‘tgan o‘tkazgan so‘rov xulosasiga yaqinroq.

Gallup markazi o‘tkazgan so‘rovda qatnashgan o‘zbekistonliklarning 65 foizi o‘zlarini baxtiyor, deb hisoblashlarini aytishgan.

O‘zbekistonda "baxtsizlar" esa, Gullup markaziga ko‘ra, bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil etadi.
XS
SM
MD
LG