Линклар

Shvetsiyadagi mahkama o‘zbekistonlik qochqinnining 15 yoshli o‘g‘li davlat tarafidan tortib olinishi asosli bo‘lgan, deya hukm chiqardi.

Shvetsiyada 2007 yildan buyon siyosiy boshpana olib, yashab kelayotgan o‘zbekistonlik huquq faoli Rahmatullo Aliboyev o‘zining yakkayu-yagona farzandi Shoxruhni ijtimoiy himoya idoralari qaramog‘iga berish haqida avvalgi sud qarori yuzasidan Shvetsiyadagi apellyatsiya mahkamasiga shikoyat kiritgan edi.

Juma kuni Aliboyevning shikoyatini ko‘rib chiqqan Linchyoping shahridagi mahkama bolani ijtimoiy himoya idoralari qaramog‘iga berish haqidagi avvalgi hukmni o‘z kuchida qoldirdi.

48 yashar Aliboyev shved mahkamasining hukmini adolatsiz deya, yuqori turuvchi mahkamaga arz qilishini aytdi.

- Sud bola ularni qaramog‘ida qoladi, dedi. Endi apellyatsiya yozamiz yana, yuqori instantsiyaga shikoyat qilamiz, bolani qaytarib olishim kerak,- deydi Aliboyev.

27 iyun kuni Shvetsiyaning Eskilstun shahri Oila ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘zbekistonlik qochqinning voyaga yetmagan farzandi - 15 yoshli Shoxruhni nazorat ostiga olish haqida sudga shikoyat qilgan edi.

Shoxruhning "maktabga yaxshi qatnamayotgani, sog‘ligi va rivojlanishi xavf ostida ekanligi, onasi unga yetarli tarbiya bermayotgani" borasida tushgan shikoyatlar asosida sud bolani ijtimoiy himoya idoralari qaramog‘iga berishga qaror qilgan edi.

Aytilishicha, o‘tgan o‘quv yili davomida Shoxruh maktabga atiga yetti kun borgan.

Rahmatullo Aliboyev buni rad etadi.

- Maktabdan bizga shikoyat tushdi, bola maktabga kelmadi, sharoit yaxshi emas, deyishyapti. Bola uni hech birini tasdiqlamadi. Hammasi yaxshi, oilamga qaytishim kerak, deyapti. Maktabga borganliginiyam, uyda hamma sharoit borligini ham sudda aytdi,- deydi Aliboyev.

Aliboyevning o‘g‘li Shoxruh 27 iyundan buyon Shvetsiya ijtimoiy himoya idoralari qaramog‘ida qolmoqda.

Bu Shvetsiyada o‘zbek oilalaridan farzandi olib qo‘yilishi bilan bog‘liq yagona holat emas. Shvetsiyada yashaydigan o‘zbekistonlik qochqinlar so‘nggi yetti yil ichida shunga o‘xshash kamida to‘rtta holatni eslashadi.

O‘zbekistonlik qochqin Rahmatullo Aliboyevga advokatlik qilayotgan shvetsiyalik huquqshunos Rixard Yoxanssonning aytishicha, farzandiga yetarli g‘amxo‘rlik qilmagan oilalardan bolalari tortib olinadi.

- Shunday qonun borligini Shvetsiyada yashaydigan har bir oila biladi. O‘zbek oilalari ham bu yerga kelishlaridan oldin bu haqda ma‘lumotni oladilar, - deydi Rixard Yoxansson.

Aliboyev Shvetsiyada shunday qonun mavjudligini bilishini va o‘g‘liga yetarli g‘amxo‘rlik qilganini aytmoqda.
XS
SM
MD
LG