Линклар

logo-print
Qirg‘izistonning O‘sh shahrida o‘zbeklarni himoya qilayotgan advokatlar yana kaltaklanayapti. Bu haqda 24.kg axborot agentligi “Qilim shami” huquqni himoya qilish markaziga tayangan holda xabar qiladi.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, 20 avgust kuni Muhammadjon Buzrukov ishi bo‘yicha jinoyat ishi ko‘rilayotgan O‘sh viloyat sudi binosida sudlanuvchini himoya qilayotgan advokatlar Dinara Medetova va Quban Jo‘ro‘yev kaltaklangan.

“Ma‘lum bo‘lishicha, jabrlangan taraf vakillari bo‘lmish o‘n chog‘li darg‘azab ayol bevosita sud zalida advokatlarga daf qilib, ularni kaltaklaganlar. Hozirda mahkama jarayoni sud kollegiyasi tomonidan 29 avgustga qoldirildi”, deya qayd etadi “Qilim shami” vakillari.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 19 avgust kuni advokat Dinara Medetova sud raisi, prokuror va O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbari nomiga maktub yo‘llab, ulardan xavfsizlik choralarini ko‘rishni so‘ragan. Chunki mazkur ish bo‘yicha avvalgi mahkama majlislarida nafaqat sudlanuvchi, balki guvohlar va advokatlar ham kaltaklangandi.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, avvalroq Buzrukovni himoya qilgan boshqa advokat – G. Pratov ham tajovuzkor ayollar tomonidan kaltaklangan va pirovardida uzoq davom etgan yurak xastaligidan vafot etgan.

“Avvalroq aynan shu ayollar guruhi oldingi mahkama jarayonlarida guvohlik ko‘rsatmalari berishi lozim bo‘lgan Turg‘unay Aytiyevani kaltaklagandi. Aytiyeva hozir yana kasalxonada yotib davolanayapti”, deya ta‘kidlaydi qirg‘izistonlik huquq faollari.

O‘shlik Muhammadjon Buzrukov ishi haqida Ozodlik avval ham bir necha bor xabar qilgan. 2013 yilning 27 fevral kuni Qirg‘iziston Oliy sudi O‘sh viloyat sudining Muhammadjon Buzrukovni bir umrga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risidagi hukmini bekor qilib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun yuborgandi.
XS
SM
MD
LG