Линклар

Suriya muxolifati hukumat kuchlari kimyoviy qurol qo‘llaganini iddao qildi


Suriya muxolifati bu odamlar kimyoviy qurol hujumi oqibatida nobud bo‘lganini iddao qilmoqda.

Suriya muxolifati bu odamlar kimyoviy qurol hujumi oqibatida nobud bo‘lganini iddao qilmoqda.

Suriya muxolifati hukumat kuchlari Damashq yaqinida isyonchilarga qarshi kimyoviy qurol qo‘llagani oqibatida yuzlab odam nobud bo‘lganini aytmoqda. Suriya hukumati muxolifat iddalarini rad qildi. Ayni paytda Arab Ligasi Bosh kotibi Suriyaga safar qilayotgan kimyoviy qurollar bo‘yicha BMT inspektorlarini voqea joyiga borib vaziyatni o‘rganishga chaqirdi.

Suriya hukumati qo‘shinlari 21 avgust kuni ertalab Damashq yaqinidagi isyonchilar nazoratida bo‘lgan hududlarni bombardimon qilishda kimyoviy qurol qo‘llaganiga oid muxolifat iddaolarni rad qildi.

Suriya davlat televideniyesi chorshanba kuni ertalab hukumat kuchlari “zaharli gaz” joylangan raketalar bilan hujum uyushtirgani haqidagi xabarlar “haqiqatdan yiroq”, deya bildirdi.

Suriya harbiylari bayonotini armiya matbuot vakili o‘qib eshittirdi.

- Isyonga da‘vat qilgan va yolg‘on ma‘lumotlar tarqatgan, Suriyada qon to‘kkan axborot vositalari Suriya arab armiyasi Damashq tashqarisida kimyoviy qurollar qo‘llagani haqida odatdagidek, yolg‘on xabar tarqatdi. Armiya qo‘mondonlari bu iddaolar mutlaqo yolg‘on ekanini va bu Suriyaga qarshi ayrim davlatlar tomonidan olib borilayotgan iflos axborot urushining bir qismi ekanini tasdiqladi,- dedi Suriya armiyasi vakili.

Undan oldin qarorgohi Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi tashkiloti kimyoviy qurollar hujumida o‘nlab odam nobud bo‘lganini xabar qilib, Suriyaga borgan BMT ekspertlaridan ushbu voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan edi.

Suriya hukumatiga muxolif bo‘lgan Mahalliy muvofiqlashtirish qo‘mitasi hujumda yuzlab odam o‘lganini bildirdi.

Muxolifatdagi Suriya milliy kengashi lideri Ahmad al-Jarba “Al-Arabiya” telekanaliga bergan intervьyusida Damashq tashqarisida joylashgan G‘outa mintaqasida uyushtirilgan hujumda kamida 100 kishi o‘lganini iddao qildi.

Al-Jarba BMT Xavfsizlik kengashini “zudlik bilan” sessiya o‘tkazib voqeani muhokamaga qo‘yishga chaqirdi.

Suriya milliy kengashi Twitter orqali Damashq yaqinidagi hujumda 650 dan ziyod odam halok bo‘lganini bildirdi.

Istanbul shahrida so‘zlagan Suriya milliy kengashi matbuot kotibi Xolid Solih Reyters axborot agentligiga hujum uchun Prezident Bashar Al-Assad hukumati kuchlari mas‘ul ekanini ta‘kidladi.

- Kimyoviy qurollar ishlatilgani bizga kundek ravshan. Ularni qo‘llashda ballistik raketalardan foydalanildi. Faqat rejim bunday qurollarni begunoh odamlarga qarshi ishlitish ikoniyati va istagiga ega, dedi Suriya muxolifati vakili.

Bosh qarorgohi Qohirada joylashgan Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiy kimyoviy qurollar bo‘yicha BMT inspektorlarini “zudlik bilan G‘arbiy G‘outaga borib sodir etilgan jinoyatni o‘rganish”ga chaqirdi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Heyg e‘lon qilgan bayonotda Britaniya hukumati “Damashq yaqinidagi isyonchilar nazorat qilayotgan hududga kimyoviy qurol bilan qilingan hujumda yuzlab odam, jumladan, bolalar ham nobud bo‘lgani” haqidagi xabarlardan tashvishda ekani bildirilgan.

Heyg o‘z mamlakati Suriya hukumati kimyoviy qurollardan foydalangani haqidagi iddaoni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ko‘tarishini bildirdi.

Suriya davlat televideniyesi muxolifatning iddaolari yakshanba kuni Suriyaga ikki haftalik tekshiruv missiyasi bilan kelgan BMTning kimyoviy qurollar bo‘yicha ekspertlar guruhini chalg‘itishga qaratilgan, deya ta‘kidladi.

Davlatga qarashli SANA axborot agentligi iddao qilingan kimyoviy qurollar hujumi haqida ma‘lumot tarqatgan xorijiy axborot agentliklarini Suriyada qon to‘kilishiga hissa qo‘shayotganlik va terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi.

Suriya hukumati va muxolifat guruhlari bir-birini mamlakatda ikki yarim yildan beri davom etayotgan urushda kimyoviy qurollardan foydalanganlikda ayblab kelmoqda.
XS
SM
MD
LG