Линклар

logo-print

Rus ziyolilari insofga chaqirildi


Rossiya bo‘ylab muhojirlarga qarshi jazava avj olib borayotgani rus ziyolilari nazaridan chetda qolmoqda.

Rossiya bo‘ylab muhojirlarga qarshi jazava avj olib borayotgani rus ziyolilari nazaridan chetda qolmoqda.

Rossiyalik bir guruh huquq himoyachilari rus ziyolilariga murojaat qilib, mamlakatda avj olgan “migrantlarga qarshi jazavani” to‘xtatishga ko‘maklashishni so‘radi.

Faollar milliy adovat va ksenofobiya Rossiyani fuqarolar urushi yoqasiga olib kelishidan xavotir bildirmoqda.

“Jamiyatimiz nafrat girdobiga tortilib bormoqda, bundan chiqishning yagona yo‘li fuqarolar urushidir. Mamlakatimizda vaziyat shu darajada murakkabki, portlash uchun uchqun yetarli, va bu “uchqun” vazifasini eng tez yonadigan material – millatlararo munosabatlar bajarishi mumkin”, deyiladi “Novaya gazeta”da e‘lon qilingan ochiq murojaatnomada.

Murojaatnoma ostiga Moskva Xelsinki guruhi rahbari Lyudmila Alekseyeva, “Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasi boshlig‘i Svetlana Gannushkina, “Ko‘chish-ko‘chirish tashkilotlari Forumi” muvofiqlashtiruvchisi jurnalist Lidiya Grafova, Saxarov Markazi faoli Sergey Kovalyov va “Memorial” Xalqaro jamiyati huquq himoyachisi Arseniy Roginskiylar imzo qo‘ygan.

Ochiq xat mualliflari Rossiya butun dunyo oldida quldorlik mamlakatiga aylanib borayotgani, bu sharmandalikda aslida jabrdiyda bo‘lgan mehnat muhojirlari aybdor qilib ko‘rsatilayotganidan taassuf bildirdi.

“Hukumat aholi orasida o‘zi yaratgan ksenofobiyadan ustamonlik bilan foydalanib, xalqning g‘azabini o‘zidan “1-raqamli” dushman – migrantlarga qaratmoqda. Jamoatchilik fikrini hiyla-nayranglar bilan boshqarish avj olayotgan bir paytda jamiyatda mashhur va hurmatga ega, siyosiy o‘yinlardan yiroq bo‘lgan shaxslarning xushga keltiruvchi ovozlari yangrashi o‘ta muhimdir”, deb yozdi huquq himoyachilari.

Mualliflar Rossiyada "haqiqiy quldorlar"ning birortasi shu paytgacha jinoiy javobgarlikka tortilmaganini ta‘kidlab, Golyanovo tumanidagi bedodlikka jamoatchilik e‘tiborini qaratdi.

O‘tgan yilning oxirlarida jamoatchilik faollari bu tumandagi “Oziq-ovqat” do‘konida yillar davomida qullikda saqlangan O‘zbekiston fuqarolarini aniqlangan edi.

Hatto qudratli “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti yuristlari kelib chiqishi qozog‘istonlik bo‘lgan er-xotin quldorlar ustidan jinoiy ish ochilishiga bir yildan beri erisha olmayapti.

“Bugun muhojirlarning iqtisodiyotimizga qo‘shayotgan hissasi yalpi ichki mahsulotning 7 foizini tashkil etyapti. Ayni damda, qattiqqo‘l politsiya oblavalari Rossiyaning ko‘plab shahar va o‘lkalariga yoyilmoqda”, deyiladi xatda.

Murojaatnomada Sankt Peterburgning Kronshtadt shahrida migrantlarni yashash joylari to‘g‘risida yumaloq xatlar uchun munitsipal qutilar, bepul telefon liniyasi joriy qilingani, ayrim joylarda migrantlar kiyimlariga maxsus belgilar qo‘yilayotgani to‘g‘risida gapiriladi.

Rossiya hukumati olib borayotgan siyosatni Gitler davri Germaniyasiga qiyoslar ekan, faollar fan va madaniyat arboblariga qarata “Nega jimsiz? Sizdan boshqa kim yolg‘ondan charchagan yurtdoshlarimiz esini kirgizadi? Vijdonli odamlar bugun jim turmasligi kerak. Axir ertaga sizni hech kim eshitmasligi mumkin...”, deb murojaat qildi.
XS
SM
MD
LG