Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:02

O‘zbekiston suvning “odilona” taqsimlanishini talab qildi


O‘zbekiston delegatsiyasi Dushanbeda o‘tayotgan xalqaro konferentsiyada yana bir bor Markaziy Osiyo davlatlarini daryolar suvini odilona taqsimlashga chaqirdi.

“Suv bo‘yicha transchegaraviy hamkorlik xalqaro suv huquqlari printsiplariga asoslangan bo‘lishi, transchegaraviy suv resurslaridan adolatli va oqilona foydalanilishi lozim va hech kimning atrof-muhitga, daryolarning quyi oqimida yashovchi aholiga zarar yetkazishga haqqi yo‘q.”

Dushanbeda o‘tayotgan Suv hamkorligi bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferentsiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shavkat Hamroyev ana shunday bayonot qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari transchegaraviy hududlarda yashayotgan boshqa davlatlarda suv taqsimoti qanday yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlarida bu tajriba qo‘llanilishi kerak, degan taklifni ilgari surdi.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining suv resurslari balansi boshqarmasi boshlig‘i Sharif Qo‘chqorovning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekiston tomoni transchegaraviy daryolar suvi xalqaro normalar asosida foydalanishi lozim, degan pozitsiyada sobitdir:

- O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston mintaqadagi daryolarning quyi qismida joylashgan. Shuning uchun ham biz transchegaraviy daryolar asosan sug‘orishga, ichimlik suv ehtiyojlariga va ekogologiya normalariga qaratilgan irrigatsiya rejimida ishlashi kerak degan pozitsiyada turamiz, dedi Sharif Qo‘chqorov.

Biroq, konferentsiyada so‘zlagan Qirg‘iziston Bosh vaziri Jantoro Sotiboldiyev qo‘shni davlatlarning e‘tiroziga qaramasdan, Qirg‘iziston baribir o‘z daryolarida GESlarni quradi, deya bayon qildi.

Jantoro Sotiboldiyev neft va gaz zaxiralari bo‘lmagan Qirg‘iziston suvni strategik zaxira deb hisoblashini ta‘kidladi. Qirg‘iziston elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirishga harakat qilishda davom etadi, dedi u.

Qozog‘istonning Tojikistondagi elchisi Og‘oboy Smagulovning Ozodlikka aytishicha, mintaqada suvdan adolatli va oqilona foydalanish uchun konsortsium tashkil qilish kerak.

“Qozog‘iston ilgari ham mintaqada suvdan foydalanish konsortsiumi ta‘sis qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bu tashkilot suvdan adolatli va oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lar edi. Hozir bu konsortsiumning kontseptsiyasi va hujjatlari ham tayyorlangan. Biroq, shu paytgacha bu ta‘sis etilmadi va biz hozir ham shu pozitsiyamizda turamiz”, dedi Og‘oboy Smagulov.

Tojikistondagi “Rog‘un”, Qirg‘izistondagi “Qambarota” GESlari loyihasi yuzasidan O‘zbekistonning Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ixtiloflari ko‘p yildan buyon davom etib keladi.

O‘zbekiston hukumatining da‘vo qilishicha, Rog‘un omborini suvga to‘ldirish jarayonida daryoning quyi mintaqalarida joylashgan mamlakatlar sakkiz yilgacha suvsiz qolishi mumkin.

Biroq Tojikiston va Qirg‘iziston ulkan GESlarning qurilishi O‘zbekistonni suvsiz qoldirmaydi, deya ta‘kidlab keladi. Ular, shuningdek, ehtimoliy zilzila oqibatlari haqidagi xavotirlarni ham inkor qiladi.

Xalqaro mutaxassislar esa mintaqadagi davlatlarning xavotir va da‘volarini obdon o‘rganib chiqish va bu kabi ulkan loyihalarning kelajakda qanday oqibatlarga yetaklashini xolisona tadqiq etish lozimligini aytib kelishadi.
XS
SM
MD
LG