Линклар

logo-print
Ukrainadagi avtosalonlar GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi ishlab chiqargan Daewoo Nexia avtomobillari savdosini tezlashtirish maqsadida ular narxini tushirishga qaror qildi. Bir yildan ko‘proq turib qolgan bu mashinalar hozirda ukrainaliklarga 7 ming AQSh dollari atrofida taklif qilinmoqda. O‘z mamlakatida yig‘ilayotgan ayni mashinani sotib olish uchun o‘zbekistonliklar esa kamida 12 ming dollar to‘lab¸ 2014 yil oxiriga qadar kutishlari kerak.

Ukrainada Nexia ketmay qoldi


Kiyev markazidagi Uz-Daewoo avtosaloni boshqaruvchisi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda¸ 2012 yilda ishlab chiqarilgan Nexia avtomobillari bozori sustligi va O‘zbekistondan yangi mashinalar kelishiga zamin hozirlash ehtiyoji bois¸ bu mashinalar narxi tushirilganini bildirdi:

- 2012 yildan qolgan mashinalarni arzonlatdik. Boshlang‘ich narx 66 ming 200 ukrain grivnasi. 62 mingliklari ham bor¸ faqat ularda ehtiyot g‘ildiragi va magnitofon yo‘q. Dollarda bu 7600-7700 ga to‘g‘ri keladi¸ deydi Kiyevdagi avtosalon boshqaruvchisi.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ Ukrainada Nexia mashinasi o‘z kategoriyasidagi avtomobillar orasida narxining arzonligi bilan xaridor diqqatiga tushgan va bu mashinalar savdosining keyingi oylarda sustlashgani ular narxini 10 foizga arzonlatishga sabab bo‘lgan.

Ammo:

- Hozir Ukrainada ham yoz¸ odamlar asosan dam olish bilan mashg‘ul va ayni kunlarda umumiyatla avtomobil bozorida savdo uncha yo‘q. Shuning uchun arzonlatganimizdan keyin Nexia savdosi jonlandi¸ deya olmayman. Mashina savdosi sentyabr o‘rtalariga borib qiziy boshlaydi¸ deydi Kiyevdagi Uz-Daewoo avtosaloni boshqaruvchisi.

Kiyevdagi yana bir avtosalon menejeri ham Nexia savdosini rag‘batlantirish maqsadida narxlar avgust oyida arzonlatilgani¸ ammo narx arzonlagani bu mashinalar savdosini kuchaytirmaganini e‘tirof qildi.

Toshkentda xaridor ko‘pu¸ Nexia yo‘q


O‘zbekistondan olib kelingan Daewoo Nexia avtomobillari Ukraina avtosalonlarida to‘planib qolib¸ ularga 7600 dollarga ham xaridor topilmayotgan ayni kunlarda¸ Toshkent avtosalonlarida Nexia “otliq”qa ham yo‘q.

Ozodlik muxbiri bog‘langan Toshkentdagi yirik avtosalon xodimlari¸ hozirda hatto Nexia olish uchun shartnoma tuzish jarayoni ham yopilgani¸ bunday shartnoma tuzganlar esa¸ 2014 yilga qadar mashina tayyor bo‘lishini kutishlarini bildirdilar:

- Bizda hozir Cobaltbor¸ Lacetti bor¸ Malibu bor¸ Captiva bor¸ lekin Nexia yo‘q. 12 kuncha dogovor berdi¸ shunda kelib navbatga yozilganlar yozilib¸ pulini to‘lab ketdi. Dollargayam bo‘ldi¸ so‘mgayam bo‘ldi¸ deydi Toshkent avtosalonlaridan biri sotuvchisi.

“Bugun O‘zbekistonda yig‘ilayotgan Nexia mashinasini olaman degan o‘zbekistonlik nima qilishi kerak?”¸ degan savolga bu xodim “erkin savdo”da ekani pisanda qilinayotgan bu mashina kalitini olish uchun qilinishi lozim amallarni tushuntirdi:

- Olaman desangiz¸ kelasiz¸ har xil rangi bor. Rangi to‘g‘ri kelsa¸ qaysi pozitsiyasini olishingizni tanlasangiz¸ narxning 85 foizini kassaga to‘laysiz¸ keyin 2014 yilning oxirigacha kutasiz. Qaysi oy bersa¸ sizga telefon qilinadi¸ kelib olib ketasiz. 85 foizni so‘mda to‘laysiz¸ degan avtosalon xodimi Nexianing ayni kunlardagi narxlarini aytishni istamadi.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa avtosalon xodimiga ko‘ra¸ O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va bugun Ukrainada 7600 AQSh dollariga ham xaridor topilmayotgan Nexia avtomobillari narxi 12-14 ming AQSh dollarini tashkil etadi:

- Hozir o‘zi Nexiaga shartnoma yo‘q. Shartnoma berib bo‘lindi. Narxlari 31 million 300 dan 35 milliongacha bor¸ dedi bu avtosalon xodimi.

O‘zbekcha eksport


O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilayotgan Nexianing hali yig‘ilmagan nusxasi uchun uning 85 foiz narxini to‘lashga rozi xaridorga ham shartnoma berilmayotgani¸ bu Nexia narxining o‘zbekistonliklar uchun¸ masalan Ukraina salonlarida turib qolgan mashinalar narxidan ikki baravar qimmat qilib belgilangani Kiyev avtosalonlari rasmiylarini hayratga solmay qo‘ymadi:

- Bunday holat meni juda-juda hayron qoldiradi. Bizda bu mashina turibdi. Nima uchun Toshkentda yo‘q¸ bunisini tushunmayman. O‘zbekiston ichkarisida ishlab chiqarilayotgan mashinaning o‘zbekistonliklarga bir yildan ko‘proq vaqt kutib¸ ikki baravar qimmatga sotilayotgani ortida qanday mantiq bor¸ men buni tushunishga¸ sizga tushuntirishga¸ ochig‘i¸ ojizman¸ dedi Kiyevdagi Uz-Daewoo avtosaloni menejeri.

O‘zbekistonliklar orasida ancha xaridorgir sanalganiga qaramay¸ 2013 yil birinchi yarmida GM Uzbekistan Amerika-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi Neksiya rusumidagi avtomobil ishlab chiqarishni 28,7 foizga kamaytirib¸ uni yiliga 30 431 donaga tushirdi.

Rasmiy izohga ko‘ra¸ bu o‘tgan yil sentyabr oyida Cobalt rusumidagi yangi avtomobil yig‘ila boshlangani bilan bog‘liq.

Davlat Statistika qo‘mitasi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda joriy yil birinchi yarmida O‘zbekistonda 122 ming 615 dona avtomashina ishlab chiqarilgani va bu raqamning o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 11¸3 foizga ko‘pligini bildirdi.

Iyul oyi boshida GM Uzbekistan korxonasida ishlab chiqarilgan sakkiz turdagi mashina narxlari 7,0 foizdan 28,1 foizgacha qimmatladi.
XS
SM
MD
LG