Линклар

Eron Tashqi ishlar vaziri Facebook sahifasi borligini e‘tirof etdi


Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif (o‘ngda) mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniy bilan birgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif (o‘ngda) mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniy bilan birgan.

Facebook ijtimoiy tarmog‘i Eronda rasman taqiqlangan va Tehron mullalari bu tarmoqni “sionistlar quroli” sifatida yozg‘irib keladi. Ammo Eron Tashqi ishlar vazirligiga yaqinda tayinlangan Javod Zarif o‘zi va oila a‘zolarida Facebook hisobi borligini tan oldi.

Eron Tashqi ishlar vazirining Facebookdan foydalanishga oid e‘tirofi yangi vazir uchun uncha muhim bayonot bo‘lmasligi mumkin. Ammo bu iqror yillardan beri Internet tsenzurasiga qarshi kurashib kelayotgan eronlik yoshlar uchun jiddiy ilgari siljishdir.

AQShda o‘qigan Tehron diplomatlarining yangi rahbari Eron hukumati tomonidan filьtr qo‘yilgan Facebookda o‘z sahifasi borligi va o‘zi va bolalari tomonidan yuritilayotgan bu sahifaning 65 mingdan oshiq muxlisi borligi haqida gapirdi.

Bunday bayonot eronlik minglab Facebook foydalanuvchisi diqqatiga tushdi va ulardan ayrimlari vazirdan taqiqlangan ijtimoiy tarmoqqa qaysi aksilfilьtr programmasi orqali kirayotganini so‘rashgacha borib yetdi.

"Siz Facebookka filьtr qo‘ygan ayni hukumat vaziri emasmisiz? Men Eron rasmiylarining bayonot va amaliy ishlari o‘rtasidagi bunday ziddiyatni hech tushuna olmayman" deb yozdi Zarif bayonotiga munosabat bildirgan Facebook foydalanuvchilaridan biri.

Tashqi ishlar vazirining Facebook sahifasi haqidagi e‘tirofi Erondagi ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha taniqli faol Vohid Onlayn uchun ham kutilmagan yangilik bo‘ldi.

"Hatto Oliy ruhoniy Oyatulloh Hamanayiga nisbat beriladigan Facebook sahifasi bo‘lgani bilan¸ bu saytning aynan rasmiylar tomonidan yuritilayotgani hech qachon oshkor aytilgan emas”¸ deydi bu hayronligini izohlagan kuzatuvchi.

“Yangi Tashqi ishlar vaziri hozirga qadar o‘z qo‘li bilan Facebook sahifasini ochib¸ "dushmanlar quroli" deb qoralanayotgan bu tarmoqdan aynan o‘zi foydalanayotganini e‘tirof qilgan birinchi yuqori darajali Tehron rasmiysidir”¸ deydi Vohid Onlayn.

Eron hukumati Facebookni taqiqlab qo‘yganiga qaramay¸ aynan shu ijtimoiy tarmoq eronlik yoshlar orasida eng ko‘p tarqalgan va eronliklar unga kirishning aylanma yo‘llaridan foydalanish hadisini olgan.

Tehron rasmiylari¸ ijtimoiy tarmoqlarga a‘zo bo‘lishning jinoyat emasligi¸ ammo davlat o‘rnatgan filьtrlarga chap berish jazolanishini ta‘kidlab keladilar.

Muxolifat faollari ustidan o‘tkazilgan mahkamalarda ularning aksariga nisbatan ayblovda “sionist va xorij razvedkalari quroli bo‘lgan” Facebookdan foydalanish jinoiy harakat sifatida qayd etilgan.

Shunga qaramay¸ oliy ruhoniydan tortib aksar siyosatchilarning Facebook va Twitterda o‘z sahifalari bor va ular saylov jarayonlarida tarafdorlarini ko‘paytirish uchun aynan shu vositalardan faol foydalanadilar. Ammo rasmiylardan birortasi hozirga qadar bu sahifalarning o‘zlari tomonidan yuritilayotganini e‘tirof etgan emas.

Ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha mustaqil tahlilchi Mahmud Inoyat Eron boshqaruvchilari ijtimoiy tarmoqlar qudratini anglab yetganini aytadi:

- Eronning eng oliy ruhoniysi nomida Facebook, Twitter, Instagram¸ Tumbler va boshqa tarmoqlarda sahifalar ishlab turgan bir paytda Javod Zarifning Facebookda sahifa yuritayotganiga oid e‘tirofiga birov e‘tiroz bildira olmaydi¸ deb o‘ylayman. Bu narsa yana bir bor Eron rasmiylarining ijtimoiy tarmoqlarni “G‘arb quroli” deb chetga surib qo‘ya olmasligini ko‘rsatadi. Ularning bunday qurollardan foydalanishga ishtiyoqini prezident saylovi jarayonida juda ochiq ko‘rdik – nomzodlarning aksari aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarafdor yig‘ishga urindi¸ deydi Mahmud Inoyat.

Iyun oyida o‘tkazilgan saylovlarda mo‘‘tadil siyosatchi Hasan Ruhoniy g‘alaba qozonganidan so‘ng eronliklar mamlakat siyosiy-ijtimoiy hayotining liberallashuvi¸ xususan¸ Internetga o‘rnatilgan cheklov va taqiqlarning yumshashiga umid qilmoqda.

Saylovoldi jarayonida Internet tsenzurasini tanqid qilgan Ruhoniy¸ bu cheklovlar xalq va davlat o‘rtasidagi jarlikni kengaytirishini ta‘kidlagan edi.
XS
SM
MD
LG