Линклар

logo-print
Gulnora Karimovaga berilgan savollar va bu savollarga javoblar Kun.uz saytida e‘lon qilindi.

Karimova xonimdan “Siz dunyo bo‘ylab ko‘p sayohat qilasiz. Boshqa mamlaktalarda ishlayotgan vatandoshlarimizni ko‘rsangiz, qanday fikrga borasiz?”, deb so‘ralaganida u "har kim o‘z oilasiga yaqin joyda ishlashini xohlar edim, dedi.

“Men uchun bu – og‘riqli. Chunki chet elda, qaysidir muassasadan chiqayotganingda, o‘z vatandoshlaringizni ko‘rib: “U bu yerda emas, u yerda (O‘zbekistonda) ham ishlasa bo‘lar edi-ku”, degan hayolga borasan”, - dedi Karimova.

Gulnora Karimovaning ishonishicha, kasbiy bilimga ega bo‘lgan va xorijga ishlashga ketayotgan o‘zbek yoshlarining 80-90 foizi O‘zbekistonda ishlay oladi.

“Agar tegishli dasturlar ishlab chiqilsa, tegishli motivatsiya bo‘lsa”, - dedi u.

Uch oy avval Gulnora Karimovaning prezident otasi chet davlatlarda ko‘cha supurayotgan hamyurtlaridan jirkanishini aytgan edi.

"Inomarkalar" rulida tadbirkorlarni ko‘rishni xohlar edim


"Kelajak ovozi 2013" deb nomlangan media-lagerning ochilishida Gulnora Karimovaga berilgan savollardan yana biri tadbirkorlik hususida bo‘ldi.

Karimova xonim bu savolga javob berar ekan O‘zbekistonda “inomarka” mashinalar (O‘zbekistonga katta miqdorda boj to‘lanib, chetdan olib kelinadigan mashinalar) rulida davlat xizmatchilarini emas, ko‘proq jasur tadbirkorlarni ko‘rishni xohlashini aytdi.

“Mana, ko‘chaga chiqsangiz, xorijiy mashinalarni ko‘rgansiz. Ularni kim boshqaradi?.. Ayollar, qarindoshlar va davlat xizmatchilari. Agar shu “inomarkalar” rulida davlat xizmatchilari emas, ko‘proq jasur tadbirkorlar bo‘lganida edi”, -dedi Karimova.

Karimova xonim O‘zbekistonda davlat xodimlarida javobgarlik hissi yetishmayotganini tilga oldi.


O‘zbekistonda halol biznes qilishi qiyin


Gulnora Karimova O‘zbekistonda halol biznes qilish qiyin ekani, O‘zbekistondagi tadbirkorlar, eksport uchun ishlayotgan tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, qonunosti hujjatlari, yo‘riqnomalar tadbirkorlarni “sog‘ish”ga mo‘ljallanganini ta‘kidladi.

Bu bilan Karimova O‘zbekistonda otasi rahbarligi ostida tadbirkorlarga keng yo‘l ochib berilayotgani borasidagi rasmiylar aytib keladigan gap-so‘zlarni savol ostiga oldi.

O‘zbekistonda tadbirkorlik qilishning korruptsion sxemalari mavjudligi haqida ham ko‘p bora aytilgan.

Ayni paytda Gulnora Karimovaning nomi Shvetsiya, Shveytsariya va Frantsiyada pul yuvish ishi bo‘yicha olib borilayotgan tergov jarayonlarida tilga olinmoqda.

Karimova xonim Shvetsiyadagi TeliaSonera uyali telefon shirkatiga O‘zbekistonda 3G litsenziya olib berish uchun pora olganlikda gumonlamoqda.


O‘z navbatida Karimova xonim o‘zbek xalqi doim tadbirkor xalq bo‘lgani, hatto xususiy tadbirkorlik bo‘lmagan Sovet davrida ham novvoyxona ochib tirikchilik qilganini aytdi.

Karimova xonim O‘zbekiston sharoitida ko‘chada qurut-pista sotishdan ish boshlab, bir necha ming dollar pul aylantirayotgan muvaffaqiyatli ishbilarmonlar haqida bilishini aytdi.


Ayollar har yili tug‘aversa tiklanib ulgurmaydi


Gulnora Karimova O‘zbekistonda ayollar reproduktiv salomatligi bilan bog‘liq muammoga ham to‘xtalar ekan, ularning har yili tug‘ishiga qarshi ekanini aytdi:

“Agar ayollar har yili tug‘ishsa… Ba‘zilar esa yiliga ikki martalab ham tug‘ishni uddasidan chiqishayotganiga, hayron qolaman… Xullas, har yili tug‘aversa, ayol tiklanib ulgurmaydi. Bolalar esa maydalashib boraveradi”, - dedi Karimova.

O‘tgan yil Gulnora Karimova bilan tvit-muloqoti chog‘ida xorijlik jurnalistlardan biri O‘zbekistonda ayollarning majburiy stirilizatsiya qilinishi masalasini ko‘targan edi. O‘shanda Karimova xonim "men sog‘liqni saqlash vaziri emasman", deya javob qilgandi.

Gulnora Karimovaga berilgan yana bir savol prezident qiziga nisbatan hushomadlar haqida bo‘ldi.

“Odamlar har kuni xushomadlar qilib turganida, sarob bilan haqiqiy hayot farqiga borasizmi?”, degan savolga Karimova xonim: "Savol berishdan oldin sizda fikr bo‘lsa, u savolni berishdan nima naf?”, deb javob qildi va yosh jurnalistlarga hissiyotlarga berilmasdan yozishni taklif qildi, javobi ma‘lum savolni bermaslikni maslahat berdi.
XS
SM
MD
LG