Линклар

24 avgustga o‘tar kechasi O‘zbekiston xalq harakati rahbari Muhammad Solihning Istanbuldagi uyi o‘qqa tutildi. Muxolifat yetakchisining Ozodlikka aytishicha, hech kimga zarar yetmagan. Ayni damda Istanbul politsiyasi hodisa yuzasidan surishtiruv olib bormoqda.

24 avgustga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan tungi soat 01:42 da O‘zbekiston xalq harakati rahbari Muhammad Solihning Istanbuldagi uyi o‘qqa tutildi.

Bu haqda O‘XHning Internetdagi rasmiy saytida xabar qilindi.

Xabar ortidan bog‘langan Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Muhammad Solihning aytishicha, uyi joylashgan ko‘chaning narigi tomonidagi butalar orasidan uyga qarata bir necha bor o‘q uzilgan.

Solih uyini qo‘riqlayotgan darbon tungi soatlarda o‘q uzgan noma‘lum shaxslarning avtomobilda bo‘lganini aytgan. Shuningdek, bu shaxslarning ikki nafar bo‘lgani ham taxmin qilinmoqda.

Muhammad Solihga ko‘ra, hodisada hech kimga zarar yetmagan. O‘qlar villaning kirish eshigiga tekkan va deraza oynalarini sindirgan.

Politsiya hodisa bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda. Hujum kim tomonidan uyushtirilgani hozircha ma‘lum emas.

- Qo‘limda hech qanday dalil yo‘q. Shuning uchun buni kim qildi, qaysi tarafdan, kimning tashabbusi bilan qilganini taxmin qilolmayman. Taxmin qilsam, noto‘g‘ri bo‘ladi. Ammo juma kuni shanbaga o‘tar kechasi bo‘ldi-da, ya‘ni dam olish kunlari arafasida sodir etilganining o‘zidan maxsus qilingani ko‘rinib turibdi, - dedi Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda.

Quyida O‘XH rahbari Muhammad Solih bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.


XS
SM
MD
LG