Линклар

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston elchixonasining birinchi kotibi M. Xayriddinov va uning hamrohlari Bishkek markazida qirg‘izistonlik J. Qadirovga tan jarohati yetkazganini iddao qilib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga nota jo‘natdi.

Bu haqda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati tarqatgan ma‘lumotda 23 avgust kuni soat 01.20 larda Bishkekdagi Razzoqov ko‘chasida joylashgan “Moskva” kafesi qarshisida O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchisiga tegishli "Toyota Prado” rusumli avtomobil (qayd raqami CMD 111) VAZ-2106 avtomashinasi bilan to‘qnashib ketgani, hodisadan g‘azablangan mast o‘zbek diplomatlari Jiguli rulida o‘tirgan J. Qadirovga tan jarohati yetkazgani aytiladi.

Qirg‘iz diplomatlariga ko‘ra, ayni paytda mazkur hodisa yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda, vazirlik esa bu bo‘yicha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga nota jo‘natgan.

Ozodlik voqea tafsilotlariga oid ma‘lumot olish maqsadida O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi bilan bog‘landi. Telefon go‘shagini ko‘targan elchixona xodimasi bu borada tushdan keyin, aniqrog‘i, soat 15.00 dan keyin murojaat qilish mumkinligi aytdi.

Razzoqov ko‘chasida sodir bo‘lgan avtohalokat va undan keyingi mojarolar haqida xabar qilgan “Vecherniy Bishkek” gazetasi huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayangan holda, janjalga O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchisi Komil Rashidov hamda o‘zbek konsuli aralashgani haqida yozdi.

VB xabarida o‘zbek diplomatlariga tegishli "Toyota Prado” avtomobili to‘xtash joyidan shitob bilan qo‘zg‘algani natijasida VAZ-2016 avtomashinasi bilan to‘qnashib ketgani, elchixona mashinasida tushgan kishilar milliy mansubiyatga doxil tahqirli va uyat so‘zlar bilan so‘kinib, Jiguli haydovchisini kaltaklay ketganlari haqida yoziladi.

Xabarga muvofiq, buni ko‘rgan mahalliy taksichilar militsiya chaqirganlar va diplomatlarni tinchlantirishga uringanlar. Avtohalokat sodir bo‘lgan joyga kelgan Bishkek shahar Yo‘l-patrul xizmati xodimlari hodisani qaydga olganlar. Voqea joyiga kelgan Birinchi may tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlariga esa o‘zbek diplomatlari o‘z mastligini hamkasblaridan birining tug‘ilgan kunini nishonlaganlari bilan izohlaganlar.

Biroq bu tafsilotlar, xususan, janjalga elchi Komil Rashidovning aralashgani Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi xabarida aks etmagan.

Bu o‘zbek va qirg‘iz diplomatlari o‘rtasida kuzatilayotgan birinchi janjal emas. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida avgust oyi boshida Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Qanatbek Sharshenbek Toshkentda o‘zbek shifokorlarini haqorat qilgani va o‘zbeklarni kamsituvchi, millatlararo nafratga asoslangan chaqiriqlarni aytgani haqida xabarlar berilgandi. Shundan so‘ng Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi masalaga oydinlik kiritish maqsadida Sharshenbekni Bishkekka chaqirib olgandi. Keyinroq Qirg‘iziston TIV rahbariyati diplomatga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar haqiqatga muvofiq emas, deya xulosa chiqargan va uning Toshkentga qaytib, o‘z ishini davom ettirishiga izn bergan.

Bu voqea yuzasidan Ozodlikka so‘zlagan qirg‘izistonlik tahlilchi Talant Razzaqov Qanatbek Sharshenbek bilan bog‘liq hodisani “Qirg‘izistonni har tomonlama obro‘sizlantirish jarayonining davomi”, deya baholagandi.

- Bu masalada (Qirg‘iziston) Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston tomoniga rasmiy javob qaytarishi zarur. Negaki, diplomatlarga nisbatan bunday fitnalar xalqaro tajribada kamdan-kam bo‘lgan. Bu kabi axborot xurujlarini to‘xtatishni talab qilish kerak. O‘zbekiston tomoni qo‘shnilar bilan muomalasi yomonlashgan paytda mana shu kabi axborot xurujini boshlashi kuzatilgan. Masalan, Tojikistonga nisbatan ham o‘zbek matbuotida mana shunday qoralov kampaniyasi o‘tkazilgan edi, - degandi Talant Razzaqov.

Ayni paytda 23 avgust kuni o‘zbek diplomatlari ishtirokida sodir bo‘lgan voqeaning matbuotga sizishi va Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborilishi qirg‘iz rasmiylarining Qanatbek Sharshenbekni millatchilik va so‘kong‘ichlikda ayblagan Toshkentga berilgan o‘ziga xos javobmi-yo‘qmi – noma‘lum.
XS
SM
MD
LG